Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Yozning issiq kunlarida shimolga uchib ketmay daryo boʻylarida goh suvga shoʻngʻib, goh daraxt soyasida turgan qora qargʻaga koʻzingiz tushganmi? Men sizlarga oʻsha qargʻa haqida hikoya qilmoqchiman.

Kunlarning birida chumchuq bedana uchun qoʻyilgan toʻrga tushib oʻzini har yonga urib oh-voh deya yordam kutayotgan qargʻani koʻrib qolibdi. Chumchuq darhol sichqonni topib birgalashib uni qutqaribdi. Qargʻa uning bu olijanobligiga javoban doʻstlik taklif qilibdi. Shunday qilib qargʻa bilan chumchuq doʻstlashibdilar.

Bu voqea erta bahorda boʻlgan ekan. Yoz yaqinlashgan sari kunlar isib, qargʻa sovuq mamlakatlarga uchib ketadigan vaqt yetib kelibdi. Chumchuq uzoq safarlarga chiqmagan, oʻzga joylarni koʻrmagan ekan. Qargʻaga qarab:

– Meni ham oʻzing bilan olib ket. Sendan ajralib qolishni istamayman. Bir-birimizga oʻrganib qoldik. Shunday emasmi? – debdi iltijoli ohangda.

Qargʻa doʻstining soʻzini qaytara olmay rozi boʻlibdi. Koʻp oʻtmay ular shimol tomonga qarab qanot qoqibdilar. Chumchuq zaif boʻlib, uzoqqa uchib oʻrganmagan ekan. Shu bois safarda charchab qolibdi. Qargʻa uni yelkasiga chiqarib olibdi. Ammo bunday parvoz noqulay ekan. Buning ustiga uchganlari sari havo soviy boshlabdi. Ular tobora shimolning sovuq havo oqimiga yaqinlashib boraveribdi. Qargʻaning tanasiga muzdek havo yoqsa-da, Chumchuq sovuqqa bardosh berolmasligini sezib yoʻl yarmiga yetmasdan ortga qaytishga qaror qilibdi. Chumchuq doʻstining bu mehribonligidan ham xursand boʻlibdi, ham xijolat chekibdi.

– Hechqisi yoʻq, bu yozni salqinroq joylarda oʻtkazarman. Ammo, biz shimolga uchib borganimizda, u yerning sovugʻiga aslo bardosh berolmasding. Sen men bilan doʻstlashmasdan avval olijanoblik qilib hayotimni saqlab qolding. Shu sabab seni oʻzimga yaqin tutdim. Men endi senday doʻstni mushkul ahvolga solib qoʻyishim mumkinmi? – debdi qargʻa doʻstini yupatib...

Yana kuz ortidan, qish soʻng bahor, yoz kelibdi. Qargʻalar shimolga uchishga shaylanibdilar. Qargʻa chumchuq bilan xayrlashgani uning oldiga boribdi. Chumchuq xasta boʻlib yotgan ekan. Qargʻa uning ahvolini koʻrib, shimolga uchishni ham, uchmaslikni ham bilolmay qolibdi. Chumchuqni betob holida tashlab ketishga koʻngli boʻlmabdi.

Shunda Chumchuq:

– Bu gal safardan qolishingni istamayman. Oʻtgan yil yoʻl yarmidan qaytib meni sovuqdan asrab qolgan eding. Shu bilan qarzingni uzding, doʻstim. Endi senga oq yoʻl tilayman. Safaring bexatar boʻlsin! – debdi u.

– Doʻstlarning bir-biriga koʻrsatgan yordamiga qarz deb qaraganlar adashadilar. Doʻstlikning sharti har doim bir-birini qoʻllab quvvatlamoq, koʻmakka shoshilmoqdir, – debdi Qargʻa. U Chumchuqning tezroq sogʻayib oyoqqa turishi uchun qoʻlidan kelganicha harakat qilibdi. Safarini esa keyingi yilga qoldiribdi.

Bu – Siz koʻrgan oʻsha Qargʻa edi. Endi bilib oldingizmi, yoz chillasida nega Qargʻa yurtimizda yurganini? Ha, topdingiz u sadoqatli, chin doʻst edi.

 

Hidoyat Olimova

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.