Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Davomi. Boshi oʻtgan sonda.

 

Muqbil toshotar koʻmagi

Kumush va Qalqon polvon Muqbilning uyini topib kelishibdi. Muqbilning uyi juda baland boʻlsa-da, toshlardan qurilgani uchun eski doʻkonlarni yodga solar ekan. Ikki hamroh Muqbilni chaqirib, uyiga kirishibdi. Boʻyi chamasi ikki yarim gaz keladigan, yelkalariga bemalol ikki odam oʻtirsa sigʻadigan, mushtlari paqirning ogʻzidek keladigan Muqbilni koʻrib, ularning ogʻzi ochilib qolibdi. Kumush Zumradbibi bergan tangani koʻrsatib, yordam soʻrabdi. Muqbil negadir ularni boshqa botirlar singari iliq kutib olmabdi. Doʻrilloq ovozi bilan gap boshlabdi:

– Xoʻsh, mendan nima yordam?

– Safarimizda bizga hamrohlik qilsangiz degandim, – Kumushning ovozi qaltirab chiqibdi.

– Yordam beraman, faqat oldin oʻsha koʻylakni menga bir koʻrsat, – oʻqrayib qarabdi Muqbil.

– Mana oʻsha laʼnati koʻylak! – Qiz sumkasidan koʻylakni olib koʻrsatibdi. Muqbil koʻylakni tortib olib, Kumushni itarib yuboribdi. Kumush stolga urilib, yiqilibdi. Qalqon botir bor kuchi bilan Muqbilning yoqasiga yopishibdi. Muqbil esa uni pardaga osilgan mushuk bolasini otgandek otib yuboribdi. Hovlidan choynakdek keladigan toshni olib Kumushga yaqinlashibdi. Qiz ogʻriqdan qochishga kuch topa olmabdi. Qalqon botir sudralib borib, Muqbilning oyoqlariga tirmashibdi. Toshotar uni silkib tashlab toshni koʻtarganda, unga ikki tomchi suvdek oʻxshaydigan odam paydo boʻlibdi. Ikki Muqbil oʻrtasida kurash boshlanibdi. Kumushni qutqarishga uringan Muqbil soxta Toshotarni koʻtarib, yerga uribdi. Gap shundaki, Kumushning iziga tushgan malikaning askari Muqbilning uyiga ulardan oldinroq borib, Toshotarning qiyofasiga kirib olgan ekan. Muqbil Toshotar Kumush va Qalqon polvonning yaralariga malham bosib, kim ekanliklarini soʻrabdi. Boʻlgan voqeani eshitgan Muqbil malikani yengish uchun puxta reja kerakligini tushuntiribdi. Kumush va Qalqon botir oʻsha kuni Muqbil Toshotarning uyida mehmon boʻlishibdi. Muqbil tuni bilan reja ishlab chiqib, tongda ikki hamrohi bilan mashinasida Temur gʻori tomon yoʻlga tushibdi. Bugun hammasi hal boʻladi. Bu olamda yo malika yoki Kumush qoladi.

 

Kutilgan jang

Afsonadagidek kun bilan tun teng boʻladigan kechada malika uygʻonibdi. Koʻp yillardan buyon qonga tashna jangchilarini safga teribdi. Oʻsha kuni Dabusiya ustini qora bulutlar qoplab, yerni yorgudek chaqmoqlar chaqibdi. Kun oʻrtasiga kelganda Kumush va polvon sherlar darasiga yetib kelishibdi. Mashinani qoldirib, gʻor tomon yoʻl olishibdi. Temur gʻoriga yetdik, deganda ularning yoʻlini odam boʻyi keladigan ikki sher toʻsibdi. Kumush Zumradbibining “Dushmanni yengish uchun eng avval, yuragingdagi qoʻrquvni yengishing zarur” degan gaplarini eslab, burushib ketgan qoʻllari bilan yerdan bir kaltakni olib ularga qarshi turibdi. Qalqon botir koʻylagini yirtib, Kumushning qoʻlidagi tayoqqa mahkam qilib oʻrabdi-da choʻntagidan yondirgʻichni olib tayyor boʻlgan mashʼalani yoqibdi. Sherlar naʼra tortgancha ular tomon kela boshladi. Muqbil Toshotar ulardan nigohini uzmay yerdan kattaligi tarvuzdek keladigan toshni olib sherning qanshariga uribdi. Sher ogʻriqdan nara tortganda, Toshotar uning ogʻziga qoʻllarini tiqib, jagʻini ikkiga ayirib tashlabdi. Ikkinchi sher esa gʻazabdan qutirib, Qalqon botirga tashlanibdi. Shunda Kumush qoʻlidagi olov bilan sherning yungini yoqib yuboribdi. Muqbil fursatdan foydalanib yirtqichga tashlanibdi. Sher uni jarga irgʻitibdi.

Kumush nimchasi choʻntagidan oltin patni olib osmonga silkitgancha “Yaxshilik elchisi Semurgʻ, bizga yordam ber!” – deb, baqiribdi. Shunda bulutlar orasidan Semurgʻ paydo boʻlibdi. U sherni mahkam changaliga olgancha uzoqqa uloqtiribdi. U Muqbil Toshotarni jarlikdan qutqargach, bir soʻz demay uchib ketibdi. Muqbil belgilangan vaqtga ulgurish uchun, ikki yelkasiga Kumush va Qalqon botirni mindirgancha gʻorning tor yoʻlaklari boʻylab yugurib ketibdi. Ammo, Dabusiyaning sirli qalʼasiga yaqin qolganda ularni malika Gulandonning askarlari oʻrab olishibdi. Muqbil ularni birini boshiga, birini koʻksiga urib, kurashibdi. Ammo askarlar son jihatdan koʻp boʻlgani uchun, kuchli qarshilik qilishibdi. Kumush malikaning tosh qabriga yetdim deganda, yerga yiqilib hushdan ketibdi. Fursatdan foydalangan askarlar Kumushdan koʻylakni olmoqchi boʻlishibdi. Qalqon botir Kumushni himoya qilibdi. Ammo, askarlardan biri unga xanjar sanchibdi. Qalqon botir yerga yiqilibdi. Malikaning malaylari bir soat jang qilib, Muqbilni qulatishibdi. Jallod Muqbilning boshini chopish uchun boltasini koʻtargan ekan, qayoqdandir yetib kelgan Kenja Botir qilichi bilan qoʻlini chopib tashlabdi.

Keyin Muqbilni oʻrnidan turgʻazib: – Ertak kitobga birinchi kiray debsan-da, Muqbil. Mensiz boshlash yaxshi emas, – debdi.

– Qayerdan xabar topa qolding. Oʻzim uddalardim. – Quvonganidan jilmayibdi Muqbil Toshotar.

– Ha koʻrdim, uddalashingni... Semurgʻdan bildim. Kelmasam boʻlmasdi, yuragim sezdi. Shu sabab majlislarimni tashlab kelaverdim, – debdi Kenja Botir doʻstining yelkasini silab. Ikka qahramon dushmanlarning adabini bera boshlashibdi. Shu payt gʻorning narigi boshidan askarlarni uloqtirib Mesh polvon kela boshlabdi.

Polvonlar bir-birlaridan kuch olib, malikaning lashkarini deyarli qirib bitirishibdi. Ammo, askarlardan biri hushsiz yotgan Kumushning sumkasidan koʻylakni olib malika tomon yuguribdi. Kumushning koʻz oldidan soʻnggi daqiqalarda onasi oʻtibdi. Onasi koʻylagini vaqtida olib kelib bermagani uchun otasini ayblab yigʻlayotgan emish. Kumush koʻzlarida yosh bilan birdan hushiga kelibdi. Yerda yotgan askar nayzasini olgancha unga suyanib askarning ortidan joʻnabdi. Ammo, Kumush ulgurmabdi. Malika kun bilan tun teng boʻlganda, yigirma birinchi martdan yigirma ikkinchiga oʻtar kechasi koʻylakni kiyibdi. Jang toʻxtabdi. Tirik qolgan hamma askarlari malika qarshisida tiz choʻkibdi. Botirlar esa qurollarini tashlab boshlarini egishibdi. Qulochini keng yozgan malika viqor bilan:

– Nihoyat men qaytdim! Endi dunyoning barcha goʻzalligi va yoshligi meniki! Hammangiz mening qulimsiz. Tiz choʻking. Botirlar, mening xizmatimga oʻtsangiz tirik qolasiz, – deb uch pahlavonga yuzlanib, kulibdi. Kenja Botir malikaga qilichini otibdi. Ammo Gulandon qoʻllari bilan qilichni bukib yuboribdi. Buni koʻrgan botirlar nima qilishlarini bilmay qolishibdi.

Shunda saroyning narigi boshidan, – ortiqcha chiranma malika, sen yengilding! – degan ovoz eshitilibdi. Hamma ovoz kelayotgan tomonga qarab Kumushni koʻribdi. Kumush nayzaga suyangancha, Qalqon botir koʻtarib kelgan sumkadan alvon koʻylakni olib, malikaning qabri ustiga yopibdi. Shunda birdan qalʼa nurga toʻlibdi.

– Yoʻq, bunday boʻlishi mumkin emas. Axir koʻylak menda-ku. Nahotki aldandim, – malika dodlagancha askarlari bilan birgalikda parcha-parcha boʻlib sochilib ketibdi. Kumush asl holiga qaytibdi. Kenja Botir gʻalabadan quvonib:

– Buni qanday qilib uddalading? – deb soʻrabdi.

Kumush “Muqbil Toshotar reja tuzib qoʻyganman”, degan kuni, Gʻijduvonning eng moxir tikuvchilariga iltimos qilib, tuni bilan alvon koʻylakning nusxasini tonggacha tiktirib olganligini, tayyor boʻlgan nusxasini Kumushning sumkasiga, haqiqiysini esa, yeguliklar qopiga berkitib, Qalqon botirga berganini aytibdi. Qizning esiga Qalqon botir tushib, uning yoniga yugurib ketibdi. Botirlar unga ergashibdi. Qalqon botir hali jon talashib yotgan ekan. Kumush koʻzlarida yosh bilan:

– Axir, ertaklar har doim yaxshilik bilan tugaydi-ku. Qahramonlar hech qachon oʻlmaydi, tursangiz-chi, – debdi. Qalqon botir Kumushga qarab:

– Men qanaqasiga qahramon boʻlay. Men shunchaki boshingga kulfat tushganda senga yordam berishni istagan oddiy bir haydovchiman, xolos. Ha, aytgancha, sal qolsa unutardim, – deb choʻntagidan Kumushning ziragini chiqarib beribdi.

– Yoʻq, ishonmayman. Axir siz Zumrad, Kenja Botir, Muqbil Toshotarlarga yordam bergansiz!

– Qiziqsan-a qizaloq, oʻzimga yordam bera olmaymanku, ularga yoʻl boʻlsin. Mayli nima boʻlganda ham sen buni uddalading. Orzuyingga erishding. Yaxshi qol, – deb koʻzlarini yumibdi. Muqbil Toshotar uni yerdan koʻtargancha:

– Inson kimgadir yordam berish, qahramon boʻlish uchun albatta kelishgan qomatli va qandaydir gʻayri oddiy kuchli boʻlishi shart emas. Eng muhimi, xohishi va olov yuragi boʻlsa kifoya, – debdi.

– Toʻgʻri aytasan, u haqiqiy qahramon. Oddiy odam boʻlishiga qaramay, oʻz jonini garovga qoʻyib, oʻzgalar hayoti uchun kurashdi-ya. Biz botirlikni undan oʻrganishimiz kerak, – afsus chekibdi Mesh polvon.

– U oʻlmaydi. U haqida hali ertaklar toʻqiladi. Kenja Botir oʻzi bilan olib kelgan hayot suvidan haydovchining ogʻziga tomizibdi. Koʻp oʻtmay haydovchining yaralari bitib, yuziga qon yugurib, koʻzlarini ochibdi. Semurgʻ ularning barchasini uylariga eltib qoʻyibdi.

Ota-onasining yoniga qaytgan qizaloq endi hech qachon ularni ranjitmasligini aytib, uzr soʻrabdi.

Shuning bilan ularning barchasi ertaklardagi singari murod-maqsadlariga yetibdi. Haydovchi va Kumush boshidan oʻtgan sarguzashtlarini yaqinlariga aytib berganda, ularni yolgʻonchiga chiqarishibdi. Shunda haydovchi baribir odamlar ishonmaydi, deb boʻlgan voqealarni ertak qilib yozibdi. Bu oʻsha ertak edi.

 

(Tamom)

 

Obidjon Roʻziboyev

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.