Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Shahar qozisi bir jinoyatni koʻrib chiqib, jinoyatchini zindonga soldirdi. Shu kundan boshlab har kuni qozining oldiga bir qizcha yigʻlab kela boshladi. Qizcha otasini qoʻyib yuborishini iltimos qilar, beshta bola otasiz qiynalayotganini, och qolayotganini aytib, qozixonani boshiga koʻtarib dod solardi. Uni hech kim tinchlantira olmas, pand-nasihatlar ham, doʻq-poʻpisalar ham, hatto kaltak ham unga kor qilmas edi.

Qozi undan qanday qutulish choralarini izlay boshladi:

– Ertaga yana keladigan boʻlsang, qoʻlingda lahcha choʻgʻ olib kel, – dedi u qizchaga. – Shunda otangni qoʻyib yuboraman, bu ish qoʻlingdan kelmasa, boshqa kelma!

Qizcha bir oz hayron boʻlib turdi va indamay chiqib ketdi.

Ertasi kuni qizchani qozi huzurida koʻrganlar hayratdan yoqa ushlashdi. Qizcha xuddi suv olib kelayotganday qoʻllarini hovuch qilib olgan, avaylab qadam tashlardi. Hovuchi yarmigacha kulga toʻldirilgan, kulning ustida lahcha choʻgʻlar yaltirab turardi. Qozi qizchani zakovatiga, fahm-u farosatiga qoyil qoldi va vaʼdasiga muvofiq uning otasini zindondan ozod qildi.

 

Fors tilidan

Abdusamad RAHIMOV tarjimasi

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.