- Rukn: Ertaklar
Bo‘rivoy hovliga chiqib, u yoq-bu yoqqa qaradi. Don cho‘qilayotgan xo‘rozni bir tepib, qoqolatdi-yu, ko‘chaga oshiqdi. Kechqurun hovli chetidagi tovuqxonada tepki yegan xo‘roz yig‘lamsirab, hasrat qila boshladi:
– Men hovlini begona xo‘rozlardan himoya qilib, o‘g‘ri hakkani quvsam, shumi oqibat?
– Shuni ayting, – bir oyog‘i qiyshayib, dardini to‘kdi qora makiyon. – Kecha meni rogatkada otdi. Oyog‘im, qanotim kechasi bilan og‘rib chiqdi.
– Buning chorasini ko‘rish kerak. Qo-qo-qo, – chuvullashdi boshqa tovuqlar.
– Qanday qilamiz? Katta xo‘jayinga ayta olmaymiz. Baribir ishonmaydi.
– Boshqa hovliga ketsak-chi?
– Uyam bo‘lmaydi, – dedi toji qizarib xo‘roz, chunki narigi hovlidagi ola xo‘roz bilan anchadan buyon chiqishmas, qolaversa, makiyonlarning u hovliga o‘tib ketishini xohlamas edi.
– Bir tinchgina joy bo‘lsa, don bilan yemish mo‘l bo‘lsa! – orzu qildi qo‘noqda qimirlab tovuqlardan biri.
– U Susambil, faqat kitoblardagina bor, – ko‘zini yumib, horg‘ingina gapga qo‘shildi keksa ona tovuq.
Shu payt katak yonidagi yog‘ochga ikkita kaptar kelib qo‘ndi:
– Hoy egachilar! Nima shovqin? – so‘rashdi ular.
– E, nimasini aytasiz?! – dedi ona tovuq. – Bo‘rivoy degan bola bor. Rosa dodimizni berayapti. Undan o‘lib qutulamiz, shekilli.
– Yoki qochib, – yig‘lamsirab qo‘shildi boshqasi. Kaptarlar bir-biriga qarab olishdi: “Aytamizmi?”
– Uning chorasi bor, – dedi boshini bir qimirlatib ko‘k rangli kaptar. – Biz yaqinda qishloq chetidagi tut daraxtiga qo‘nib, dam olgandik. Unda sehrgarlikdan xabari bor ukki yashaydi. U xohlagan jonzotini kichraytirib qo‘ya oladi.
– Lekin bu xavfli, – ogohlantirdi ikkinchi kaptar.
– Kelinglar, ertaga bir kuzataylik-chi, – deyishdi kaptarlar. Ertasi kuni tovuqlar bilan don cho‘qilayotgan kaptarlardan biri rogatkadan otilgan toshdan yarador bo‘ldi. Yaqinlashib kelayotgan Bo‘rivoydan zo‘rg‘a qutulib, uyning chordog‘iga uchdi. Birozdan keyin sherigi yoniga qo‘ndi.
– Ahvoling qanday?
– Yomon, qon oqayapti. Biror chora ko‘rmasak, ucholmayman, shekilli.
– Kel, men yordamlashaman.
Ikkalasi bir amallab parvoz qilishdi. O‘sha tutga qo‘nib, Ukkini kutishdi. Oradan bir don cho‘qigulik vaqt o‘tgach, daraxt kovagidan Ukki ko‘rindi.
– Nima gap, hurmatli qo‘shqanotlar? – Viqor bilan tebrandi donishmand qush.
– Ukki janoblari, bizga yordam bering, – baravar ququrlashdi kaptarlar. Keyin hovlidagi g‘alati voqealarni, Bo‘rivoyning qiliqlarini aytib berishdi.
– Ha, yomon, juda yomon bo‘libdi, – boshini chayqab dedi Ukki.
– Atrofdagi jonzotlarga ozor berish kechirilmas gunohdir. Bobomning aytishicha, yer yuzidagi hamma jonzotlar ahil, inoq yashashi kerak ekan. Agar o‘rtada ahillik yo‘qolsa, mehr-oqibat bo‘lmas ekan!
– E, bu bolaga mehr-oqibatni tushuntirib bo‘lmaydi, – deyishdi qushlar.
– Balki unga sehrli kitob bersak, shu kitobdagi nasihatlarni o‘qib, aqli kirib qolar, – umid bilan ularga qaradi Ukki.
Keyingi kun tut daraxtidagi yig‘inda Ukki g‘azabini bosolmay, shunday dedi: – Bo‘rivoy men xonada qoldirgan kitobni uyning to‘riga uloqtirdi. Muqovasi yirtilib, varaqlari sochilib ketdi.
– Esiz kitob.
– Yomon bola ekan u.
– Yomon ham gapmi, – yig‘lamsirab gapga qo‘shildi yarador kaptar, – yomonlardan yomon.
Hamma umid bilan donishmand Ukkiga qaradi. U biroz o‘ylanib turgach, ichkariga kirib ketdi. Va qanotlarida bir giyohni olib chiqdi.
– Bu sehrli narsa, bobom, undan ehtiyot bo‘lib foydalaninglar, deb aytgan.
– Ayni vaqti hozir, – chug‘urlashdi qushlar.
– Keyin pushaymon qilib qolmaymizmi, ishqilib? – Atrofga savol nazari bilan boqdi Ukki.
– Yo‘q, yo‘q, – deyishdi qanotlilar.
– Bo‘lmasa, bu ishning rejasini tuzaylik. Giyohni bolaning yuziga urish kerak. Buni kim uddalay oladi? – Hech qaysi qushning yuragi dov bermasdi. Ular bir-biriga qarab, chug‘urlashib qo‘yishdi.
Men urinib ko‘raman, – oldinga chiqdi yarador kaptarning sherigi. – Chorasini ko‘rmasak, bir kunmas bir kun meni ham uradi.
Donishmand Ukki unga nima qilish kerakligini o‘rgatdi. Bolani qanday chalg‘itib turish, qanday hujumga o‘tish kelishib olindi. Hamma baravar o‘sha hovliga qarab uchdi. Bo‘rivoy bu paytda kaptarga tuzoq yasamoqda edi. “Agar tiriklay ushlasam, narigi ko‘chadagi Sobirga pullayman!” – degan xayol bilan turgan edi, sal nariroqqa bir kaptar qo‘ndi. Bola qo‘ynidan don olib sochdi.
– Kel, kelaqol, – Bo‘rivoy unga yaqinroq siljidi. Ikki qo‘li bilan to‘rni paypaslay boshladi. Shu payt qush “par” etib osmonga ko‘tarildi-yu, hayron qolgan bolaning yuziga o‘zini urdi.
– Voy,... yuzim, – dedi-yu Bo‘rivoy o‘tirib qoldi. Qushlar jim bo‘lib, natijani kuta boshladilar. Bola o‘rnidan turmoqchi edi, bo‘lmadi. Hammasidan qizig‘i u kichraya boshladi. Kichrayib-kichrayib, oxiri bir qarich bo‘lib qoldi.
– Ana xolos, – dedi angrayib ona tovuq.
– Pishdi gilos, – piching qildi Ukki. – Endi ko‘ngillaring to‘ldimi? Men ketdim.
U uyi tomon uchib ketdi. Hamma uning izidan qarab turgan paytda bola sekin sirg‘alib uyga qochmoqchi bo‘ldi.
– E yo‘q, hurmatli bolakay, – oldidan to‘sib chiqdi Xo‘roz.
– Qayoqqa? Bir tepish o‘ynamaymizmi?
Bo‘rivoy “Yo‘q, yo‘q!” deguncha bo‘lmay, xo‘rozning tepkisidan uchib ketdi. U havoda aylanib borib, o‘siq o‘tlar orasiga tushdi. Emaklab yashirinmoqchi edi, tovuqlardan biri tumshug‘ida uni ilib oldi va... “mana, mana” deb yana tepkilay boshladi.
Ikkinchi tepkidan keyin bola umbaloq oshib, anor shoxlariga ilinib qoldi. Tovuqlardan qutuldi-yu, lekin hamma yog‘i shilinib, tirnalib ketdi.
– Hurmatli Xo‘rozvoy, jon tovuqlar! Meni cho‘qimanglar. Men sizlarga don olib kelaman.
– Ho, endi hurmatli bo‘lib qoldikmi? – Ko‘zlaridan o‘t chaqnadi Xo‘rozning. – Qo‘limizga tushsang bilasan.
Xo‘roz va tovuqlar aylanib-aylanib, uni tutolmagach, uyning orqa tarafiga o‘tib ketishdi. Bo‘rivoy bo‘lsa bundan foydalanib, anordan tushib yugurib uyiga kirib oldi. Uning bu ahvolini ko‘rib, ota-onasi rosa tashvishga tushishdi. Lekin na iloj, qo‘llaridan hech narsa kelmadi. Endi bola o‘ynagani hovliga chiqolmasdi, chunki xo‘rozdan qo‘rqardi. Ammo kun bo‘yi uyda o‘tirish ham koni azob ekan. Goh derazaning yonida turib hovlini tomosha qilib o‘tiradi, goh kichkinaligidagi o‘yinchoqlarini o‘ynaydi. Lekin hech narsa o‘rtoqlari bilan mazza qilib o‘ynaganiga yetmasdi. Endi borsa o‘rtoqlari ham qo‘shmasa kerak, chunki o‘zi shunday qilardi. Nega shu ahvolga tushdi-a? Bo‘rivoy buning sababini sal-pal anglaganday bo‘ldi, negaki, yaqinda darsda shunga o‘xshash voqeani o‘qituvchisi tushuntirib bergandi. Ammo qilgan xatosini bo‘yniga olgisi kelmasdi.
(Davomi kelgusi sonda)
Boborahmat MUHAMMADIYEV,
Samarqand viloyati Nurobod tumanidagi 56-maktab o‘qituvchisi