Bahodirning nihollari
Bahodir do‘sti Olim bilan dars tayyorlab bo‘lib, uyiga xursand qaytib keldi-yu, mojaroning ustidan chiqib qoldi.
– Yo‘q, boshimni qotirma, bolam. Shundoq jannatday joyimni tashlab, biyday sahroga ko‘chmayman. Na bir tup daraxt bor u yerda, na oqar suv, – derdi buvisi boshini sarak-sarak qilib, – hademay mana bu nihollar ham gulga kiradi, shig‘il hosil beradi.
– Oyijon, birgina biz emas, butun mahallamiz ko‘chib chiqadi yangi mavzega. Hamma qo‘ni-qo‘shnilar yonimizda bo‘lishadi. Begona joy emas-ku, shu mahallaning boshida, xolos, – kuyib-pishib tushuntirardi Bahodirning dadasi.
“Yana o‘sha gap”, o‘yladi Bahodir. Bahodirlarning mahallasi buzilib, o‘rniga yangi ko‘pqavatli uylar qurilayotgan edi. Ularga shu yerda qad rostlayotgan uylardan berishga qaror chiqqandi. Biroq, negadir ko‘pchilik qariyalar ko‘pqavatli uylarga ko‘chib chiqishni istashmayotgandi.
– Buvijon, men yo‘lini topdim. Mana shu hovlimizdagi barcha nihollarni olib borib ana shu o‘zimiz ko‘chib borayotgan uy atrofiga o‘tqazamiz. Qarabsizki, bir yil o‘tar-o‘tmas u yerda ham ulkan bog‘ paydo bo‘ladi.
– Bu oson bo‘pti-da, bolam. Har bir qarich yerni hisoblab qo‘yishgan. Qayerga ko‘chat o‘tqazasan, – dedi buvisi. Lekin ovozidan bir oz yumshaganligi bilinib turardi.
– Men maktabimizdagilarga aytaman, har birimiz ikki tupdan nihol o‘tqazganimizda ham-chi, buvijon, bilasizmi, eh-he... – Bahodir o‘z rejasidan o‘zi ham xursand bo‘lib ketdi.
– Men hokimiyatdan ruxsat olib beraman, – dedi dadasi, – hozirdanoq ko‘chatlarni o‘tqazib qo‘ysak, ko‘chgunimizcha o‘zini ancha tutib oladi.
– Mayli, bir unnab ko‘ringlar-chi, har holda ko‘chat o‘tqazish savob, – dedi buvisi.
Buni qarangki, xuddi Bahodirning maqsadini anglagandek, sinf rahbari Halima Samadovna shahar bo‘ylab ko‘chat ekish oyligi boshlanganligini, unda har bir o‘quvchi qatnashishi zarurligini aytib qoldi.
– Ko‘chatlarni qayerga ekar ekanmiz? – so‘radi Rasuljon shoshib-pishib.
– Mevali daraxtlarni maktab bog‘iga o‘tqazamiz, manzarali daraxtlarni esa yo‘l chetlariga ekamiz, – dedi Halima Samadovna.
– Halima Samadovna, bog‘imizda shundoq ham daraxtlar ko‘p. Biz kecha buvimlar bilan maslahatlashgandik, – suhbatga aralashdi Bahodir. – Maktabimiz o‘quvchilarining ko‘pchiligi bizning ko‘chada yashaydi. Biz yangi mavzedagi o‘n to‘rtinchi, o‘n beshinchi uylarga ko‘chyapmiz. Hammamizning hovlimizda yosh nihollar bor. Ana shu ko‘chatlarni yangi uy atrofiga o‘tqazsak bo‘ladimi?
– Bo‘ladi, men direktor bilan gaplashaman, ertagayoq ishga tushamiz. – Ertasiga shanba kuni bolalar maktabga belkurak, ikki-uch, hatto to‘rt tupdan daraxt ko‘chati ko‘tarib kelishdi. Yuqori sinf bolalari ko‘chatlarga chuqurcha qazib berishdi. Bahodir va uning sinfdoshlari nihollarni ekishda hammaga o‘rnak bo‘lishdi. Ular ishni tugatib, uylariga qaytishayotganda havo aynib, yomg‘ir yog‘a boshladi. Har doim yomg‘irdan qochib, panada yuradigan Bahodir negadir ishshaygancha nuqul bir gapni qaytarardi:
– Yomg‘ir yoqqani zo‘r bo‘ldi-da.
– Namuncha xursandsan? – dedi hammayog‘i shalabbo bo‘lganidan jahli chiqib borayotgan Akmal.
– Nega desang, nihollarimizga yomg‘ir foydali, o‘zini tutib oladi.
– Bildim.
Bolalar sport musobaqasiga tayyorlanamiz deb, ikki haftacha nihollaridan xabar ololmay qolishdi. Bahodirning qistovi bilan vaqt topib borishdi-yu, yig‘lab yuboray deyishdi. Chunki daraxtlarning ko‘pchiligi so‘lib qolibdi, ayrimlarining esa hatto bargi to‘kila boshlabdi.
– Buvim to‘g‘ri aytgan ekanlar, – dedi Bahodir, – u yerda nihol ko‘karishi qiyin, suv yo‘q, deb. Esizgina, shuncha ko‘chat-a, hovlimizda bo‘lganida, allaqachon gullardi, – xo‘rsindi u.
– Maktab bog‘idagilar ko‘kardimikin? – so‘radi Olim.
– Ko‘kargandir, qorovul ularga suv qo‘yib turadi, ariqcha yonida bo‘lsa, – dedi Akmal.
– Kelinglar bolalar, biz ham ko‘chatlarga suv quyamiz, – jonlanib ketdi Bahodir. – Uydan paqirlab suv tashiymiz, nima qilib bo‘lsa ham nihollarni asrab qolishimiz kerak. Axir men buvimga yangi uyimiz atrofini bog‘ qilamiz, deb so‘z berganman.
Shu kuni ular har bir tup nihol tagiga uch-to‘rt paqirdan suv quyib rosa charchashdi.
– Qachongacha paqirda sug‘oramiz? – hayron bo‘ldi Olim, – bir yo‘lini topish kerak.
– Uyga tezroq ko‘chib kelsak, krandan sug‘orardik, – xo‘rsindi Akmal.
– Topdim bolalar, topdim, – qichqirib yubordi Bahodir, – mana bu zovurchadagi suvni o‘sha tomonga bursak, xohlagan paytda ko‘chatlarimizni sug‘orish mumkin bo‘ladi.
– Zovurcha bilan yangi uyimiz orasi uch yuz-to‘rt yuz metr bo‘lsa, uchalamiz qachon qazib ulguramiz? – so‘rashdi Akmal bilan Olim baravariga.
– Maktabimiz bolalarini yordamga chaqiramiz. Ketdik, – shoshildi Bahodir.
– Qayoqqa shoshilyapsan, kech bo‘ldi-ku, hozir maktabda hech kim yo‘q, – kulishdi o‘rtoqlari...
Bahodirning dadasi Baxtiyor aka arxitektor bo‘lgani uchun zovurni qanday qilib aylantirib o‘tishni ham ko‘rsatib berdi. Mavze yonidagi fermer bilan kelishib, zovur suvini bir oz ko‘paytirishdi ham. Endi bu suv daraxtlarni sug‘orgach, uch-to‘rt uy oralab oqib, yana fermer xo‘jaligi dalasiga qaytadigan bo‘ldi.
Zilol suvdan qonib ichgan nihollar bo‘lsa, bo‘y cho‘zib qoldi...
Bahodirlar yangi uyga ko‘chib o‘tishgach, buvisi uy atrofini aylanib yurarkan, qo‘lidagi rayhonni hidlab turib Bahodirni duo qildi:
– Barakalla, toychog‘im, mehnat qilganlaring ko‘rinib turibdi. Ham suvning salqini, ham mana bu daraxtlarning salqini yoz issig‘ini sezdirmayapti ham.
Yonlaridagi olma daraxtining yaproqlari buvining gaplarini quvvatlagandek yengil shabadada qarsak chalardi.
Muhabbat HAMIDOVA