Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Bir quchoq oʻt

– Ayajon, gulzorni oʻt bosib ketibdi, – dedi Abduazim hovliga kira solib.

– Ha, sen yoz boʻyi qishloqda boʻlding. Men esa... vaqt topib qarolmadim, – dedi ayasi.

– Abdulhamid-chi?

– Ukang hali yosh-da.

– Mayli, ayajon. Hali quyosh ketib, soya tushsin, oʻzim oʻtab qoʻyaman, – dedi Abduazim.

– Barakalla, oʻgʻlim, – dedi ayasi xursand boʻlib. – Egatlardagi oʻtni yulib tashlasang gullar yayrab oʻsadi. Hammayoq orasta boʻladi. Odamni bahri-dili ochiladi. Dadang ishdan kelib xursand boʻladilar.

– Hoʻp boʻladi, ayajon.

– Soya tushishi bilan Abduazim ishga kirishdi. Yaxshiyam avvalgi kuni gulzorga suv qoʻyilgan ekan, oʻtlar ildizi bilan osongina yulinib chiqaverdi. Hali birinchi ariqni oʻtab ulgurmagan ham ediki, ikki oʻrtogʻi – Sherzod bilan Abdurahim kelib qoldi.

– Horma oʻrtoq, oʻt yulyapsanmi? – dedi Sherzod.

– Koʻrmaysanmi, rosa oʻsibdi-da oʻziyam.

– Juda yaxshi-da. Ularni qoʻyimga olib chiqib ketaman.

– Qoʻyingga?

– Ha, qoʻyimga, – dedi Sherzod beparvogina.

– Qoʻyingga kerak boʻlsa, oʻzing ham yulish, – dedi Abduazim kulib.

– Yulardim-ku, ammo, hozir bir yoqqa ketyapman-da, – dedi Sherzod duduqlanib.

– Qayoqqa? Abduazimni koʻrib chiqaylik, deb sen oʻzing aytding-ku, – dedi Abdurahim hayron boʻlib.

– Toʻgʻri, – Sherzod chaynalib, yuzlari qizardi. – Abduazimni koʻrib, keyin bir yoqqa oʻtmoqchiydim.

– Mayli oʻrtoq, sen boraver, Abduazimga men qarashaman, – dedi Abdurahim.

– Abduazim bu orada ikkinchi ariqqa oʻtdi. Abdurahim esa uning yonidagi ariqqa tushdi.

– Abduazim, begona oʻt namuncha gurkirab ketibdi, – dedi Abdurahim.

– Qishloqqa ketganimda gulzorga suv qoʻyishibdi-yu, oʻtoq qilisholmabdi, – dedi Abduazim achinib.

– Gulzorga sen qaraysanmi?

– Ha, gullarni yaxshi koʻraman. Bu gul koʻchatlarini buvamning oʻrtoqlari Navroʻz ota bergan, – dedi Abduazim allaqanday gʻurur bilan.

– Rahmat, oʻrtoq, – dedi uchinchi ariqni oʻtab chiqqan oʻrtogʻiga Abduazim. – Qolganini oʻzim tugatib qoʻyaman. Sen oʻtlarni Sherzodlarnikiga tashlab chiq.

Abdurahim bir quchoq oʻtni koʻtarib Sherzodlarnikiga kirib bordi.

– Assalomu alaykum, opoqi, – dedi u soʻrida koʻrpa qavib oʻtirgan Sherzodning ayasiga.

– Vaalaykum assalom, kel, Abdurahim, – dedi aya koʻzoynak ostidan qarab.

– Qoʻyingizga oʻt olib keldim.

– Baraka top-e, bolam. Juda vaqtida chiqding-da. Qoʻy shoʻrliklar maʼrashni boshlagandi. Sherzod bu yoqqa chiq oʻrtogʻing qoʻyingga oʻt olib chiqibdi, – dedi aya ichkariga qarab.

– Oʻt deysiz-mi, darrov-a? – dedi Sherzod derazadan boshini chiqarib past ovozda. U qizarib ketdi.

– Ha, oʻt, – dedi Abdurahim Sherzodga maʼnoli qarab, oʻtlarni bagʻriga bosgancha.

 

Abdulhay Nosirov

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.