Oltinga teng xazina
Gulhayoning buvisi juda bilimdon, ilmli ayol. Nabiralariga ham juda mehribon. Qaysi nevarasi nima soʻrasa, erinmay javob beradi.
Bir kuni Gulhayo buvisining yoniga kelib soʻradi:
– Shuncha narsani qayerdan oʻrgangansiz, buvijon?
– Savolingning javobi oltinga teng xazinamda, – dedi buvisi.
– Qani oʻsha oltinga teng xazinangiz? Menga ham koʻrsating.
– Mening bu xazinamni sen koʻp marotaba koʻrgansan, faqat eʼtibor bermagansan. Mana ular, – buvisi javondagi kitoblarga ishora qildi. Bu kitoblarning ichida qanchadan-qancha bilimlar yashiringan. Men bu kitoblarni sendek paytimdan boshlab oʻqib, oʻrganib kelaman. Har oʻqiganimda yangi maʼno topaman, mazmun-mohiyatini anglab boraman. Koʻp narsalarni bilishimning siri ham shundan, ona qizim. Mana sen ayt-chi, shu kungacha nechta kitob oʻqigansan?
– Voy, buvijon, axir, men endi 3-sinfman-ku. Katta kitoblarni oʻqiy olmayman, – dedi Gulhayo lablarini choʻchchaytirib.
– Bu bahona xolos. Axir, allaqachon oʻqishni oʻrganib olgansan-ku. Agar xohlasang, oʻqiy olasan. Avval sheʼr, maqollarni oʻqi. Keyin oʻqib-tushunganlaringni oʻrtoqlaringga, ukalaringga aytib berasan.
– Boʻpti, buvijon. Lekin, mening kitoblarim yoʻq-ku!
– Dadang ishdan kelsa, aytamiz. Senga oʻz yoshingga mos kitoblar olib beradi. Biroz katta boʻlganingda, mening kitoblarimni oʻqisang ham boʻlaveradi.
Gulhayo tezroq kech kirishini, dadasi tezroq ishdan kelishini sabrsizlik bilan kutdi. Har gal dadasi ishdan qaytganida: – “Menga shokolad olib keldingizmi, dadajon?!” – deb soʻrar edi. Bugun esa odatdagidan boshqacha boʻldi. Dadasi kelganida uning quchogʻiga otildi-da:
– Dadajon, menga kitob sovgʻa qiling. Men ham buvimga oʻxshab koʻp narsalarni bilmoqchiman, – dedi. Dadasi hayratlanib buvisiga qaradi. Buvisi esa maʼnoli kulib qoʻydi.
Nodiraxon MATXOLIQOVA,
Andijon viloyati Boʻston tumanidagi
10-maktabning ona tili va adabiyoti fani oʻqituvchisi