Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Dalada bir kun

Kecha kech yotganimdan ertalab dadamning gaplarini zoʻrgʻa ilgʻadim. “Bugun dalaga bormaysan. Qoʻqondan buving keladi. Ayang bilan kutib olinglar, men kechroq kelaman. Omon qassobdan goʻsht olib kel. Dadam aytdi, berasiz ekan, suyagi boʻlsa kerakmas, degin”. Bu gaplarni eshitdim-u, xoʻp dedimmi yo deyishga ulgurmadimmi, uxlab qoldim. Tursam, soat allamahal boʻlibdi. Uxlayverib, qovoqlarim ham shishib ketibdi. Dadamning aytganlari yana qulogʻim ostida jarangladi. Avvaliga, tushimda dadamni koʻrdimmi, deb oʻyladim. Ayamga aytganimda esa, “Bu tush emas, ertalab dadang tayinladi-ku. Koʻp uxlashni oqibati shu-da. Oʻnging bilan tushingni ajratolmayapsan”, – deb koyidilar. Biroz izza boʻldim-u, lekin quvonchim kayfiyatimni koʻtarib yubordi. Nahotki, buvim kelsa. Ura-a-a! Ana endi bugun Qoʻqon patir, turshak, perevalning qurutidan yeymiz. Agar oʻnta qurut boʻlsa, oʻn kun yeyman. Patirni ham oʻnga boʻlib qoʻyaman. Har kuni maktabga olib borib, sinfdoshlarimga koʻz-koʻz qilib maqtanaman. I-ye, toʻxta-toʻxta. Yana kinna kirib qolsa-chi, undan keyin, maqtanish ham yaxshi emas. Mayli oʻnga boʻlmay, bir kunni oʻzida hammasini yeyman. Shunda yaxshi boʻladi.

– Hay, nega jim boʻlib qolding? Yana xayol suryapsanmi? Xudo oʻzi bitta oʻgʻil berdi-yu, shundayam xayolparastidan berdi-da. Bor, goʻsht olib kel!

– A, goʻsht deysizmi? Hozir olib kelaman.

– Mantibop, degin. Suyak solsangiz dadam urishadi. Meni yosh bola deb aldamaysiz ekan, degin.

– Baribir Omon amaki goʻshtga suyak qoʻshmasa, koʻngli joyiga tushmaydi-ku.

– Suyak qoʻshsa, biroz artislik qil-da, bolam. Olmayman deb, sal ketganday boʻlsang, oʻzi chaqirib oladi. Bor endi, tez borib, tez kel.

Qurut bilan patir haqidagi shirin oʻylar ham unutildi-yu, uch koʻcha naridagi qassobxonaga yugurdim. Ayam aytganday artistlik qilganimdan soʻng qassob amaki zoʻrgʻa, qoʻli qaltirab suyaksiz goʻsht berdi. Qaytishimda “Goʻshtni hech kimga koʻrsatmagin. Faqat senga shunaqa suyaksiz berdim. Yana boshqalar ham mantilik deb kelib qolmasin”, – deb iltimos ham qilib qoldi.

Uyga goʻshtni olib keldim-u, xonamga kirib, kitob varaqlay boshladim. Lekin xayolimning hammasi yoʻlda kelayotgan buvimda edi. Qanday yaxshi-ya. Toʻqsonga yaqinlashgan buvim mehmonga kelsa. Oʻrtoqlarimning buvilari mehmonga kelish tugul, narigi dunyoga mehmon boʻlib ketgan. Bir kuni shu gapimni dadamni oldida aytgandim, yaxshigina gap eshitdim. Dadamning fikricha, narigi dunyoga mehmon boʻlib ketgan odam mezbon boʻlib, qolib ketar ekan. Shuning uchun u dunyo haqida bilib-bilmay gapirish, ayniqsa, buvilari yoʻq boʻlgan doʻstlarining ustidan kulish juda yomon ekan. Shu-shu buvilar haqida soʻz ketganda oʻrtoqlarimga saxiylik qilib, “Mening buvim, sizlarning ham buvingiz-da”, deb qoʻyaman. Buvim juda yaxshi buvi-da. Yangi-yangi ertaklar aytib beradi. Oʻz qoʻllari bilan ataylab men uchun oʻrik quritib, qoqi qilib keladi. Biz oʻrik qoqini turshak deymiz. Oh-oh, buvimning turshagini yemabsiz, bu dunyoga kelmabsiz. Turshakmisan, turshak-da. Ogʻzingizga solib, chaynamasdan qurutga oʻxshab shimsangiz, xuddi shokoladning taʼmi keladi-ya. Qoʻqondan Gulistongacha besh-olti soatlik yoʻl. Buvim har kelganida yoʻl quruvchilarni koʻpdan koʻp duo qiladilar. Aytishlaricha, oldinlari yoʻl yomonligidan oʻn-oʻn bir soat vaqt yoʻlga ketarkan. Hozir-chi? Besh-olti soatda bemalol yetib keladilar. Oyoqlari ham uvishib qolmaydi. Buvim “Perevalning yoʻli oynaday-a. Silliqqina, xuddi ustida yuribmas, uchib ketayotganday boʻlasan”, – deb aytadilar. Eh, qaniydi buvim tezroq kelganlarida, qaniydi tezroq rayhon hidi kelib turadigan bagʻrilariga boshimni qoʻyganimda.

Shunday oʻylar bilan kitob varaqlar ekanman, “Shirin qovunlar mamlakati”dagi Akbaralining sarguzashtlariga qoʻshilib ketganday boʻlaman. Shu Xudoyberdi boboning kitoblari juda ajoyib-da. Aytgancha, Xudoyberdi bobo ham bizga begona emas. Buvimga uzoq qarindosh boʻladilar. Buvim ham katta Tagobda tugʻilib oʻsgan. “Xudoyberdi bilan birga mol boqardik, Men ham mol yetalab chiqardim, u ham, yana ikki-uch bola bizga qoʻshilardi. Xullas, molboqar bolalar edik-da. Keyin katta boʻlib, u Qoʻqonga oʻqishga ketdi, men bobongga tegib ketdim”, – deb buvim koʻp eslaydi. Bir vaqt mashinaning signali eshitildi. Koʻchaga yugurdim. Ayam endi buvimning sumkalarini mashinadan tushirayotgan ekan. Yugurib borib, buvijonimni mahkam quchoqlab oldim. Buvim “Arslon oʻgʻil, sher oʻgʻil. Kap-katta yigit boʻlib qolibsan-ku”, deb erkaladilar. Ikki eshik naridagi daraxt soyasida bir-ikki oʻrtogʻimni qarab turganini koʻrib, “Mening buvim bor. Meni koʻrgani keldi”, degan fikr xayolimdan oʻtdi-yu, tagʻin maqtanish yaxshi emasligini eslab, darrov chalgʻidim.

Sumkalarni koʻtarishga ayamga yordam berdim. Uyga kirdik. Buvim uzoq duo qildilar. Men Qoʻqondagi amakivachchalarimni soʻradim. Biroz choy ichgandan soʻng, buvim dadamni soʻradilar.

– Dadang daladami? Qachon keladi?

– Ertalab dalaga ketgandi, buvi. Kechga keladilar.

– Voy-boʻ, buncha kechgacha yurmasa. Boshidan issiq oʻtib ketmaydimi, axir. Doʻppisini kiyib olganmi?

– Kiyib olgan, buvi, kiyib olgan. Dadam non bilan suvni esdan chiqarsalar ham doʻppilarini esdan chiqarmaydilar-ku.

– Bolam, doʻppi kiygan savob-da. Yaxshi boʻladi, hammaning havasi keladi. Dadangga yangi doʻppi olib keldim. Senga ham bir narsalar ob kelganman. Hilolaxon, qizim sizga durra olib keldim. Oʻrab yurasiz.

Suhbatga choy qaytarayotgan ayam ham qoʻshiladi. Ayam buvimning kelishlariga oʻsma qoʻyibdi. Yangi koʻylak ham kiyib olibdi.

– Rahmat, buvijon. Qoʻyavermabsiz-da. Mayli, sizniki tabarruk. Albatta, oʻrayman.

– Sumkamni uzatvoring-chi, qizim.

Ayam buvimning katta oq sumkalarini uzatadilar. Men esa sabrsizlik bilan oʻzimga atalgan narsalarni kutaman.

– Mana bu durra sizga. Bu Ominaxon dugonamga. (Buvimning biz tomonlarda ham dugonalari bor) Mana bu yangi doʻppi Oʻrmonaliga. Bu sumkadagi qurut, pista, turshaklar esa, prapessr bolamga.

Oq sumkaning ichidan qora sumka chiqdi. Undagilarning hammasi menga ekan. Qanday yaxshi. Hamma oʻrtoqlarimga ulashsam ham tugamaydi. Buvim olib kelgan patir-u, turshaklar bilan mazza qilib choy ichib oldik. Toʻgʻrisi, mehmon kelsa qoʻyiladigan shirinliklarga qaragim ham kelmadi. Axir, shunday turshaklar turganda shokoladlarga yoʻl boʻlsin. Choy ichib boʻlganimizdan keyin buvim biroz choʻzildilar. Ayam ham kir yuvib, hovlini tozalab charchagandilar, biroz uxlashga kirib ketdilar. Yarim soatcha vaqt oʻtganidan keyin sekin buvimning oldilariga kirdim. Kirsam, uygʻoq ekanlar.

– Buvi, uyqungiz kelmayaptimi?

– Yoʻlda, moshinda uxlab keldim, bolam.

– Dadam ham dalada choy ichib oʻtirgandirlar.

– Dadangning yoniga bir borib kelmadik-da. Dalani ham koʻrib kelardik.

– Dala uzoqda-ku, buvi.

– Men charchamayman. Faqat seni ayang urishmasa boʻldi.

– Ayam uxlab qolgan. Sekingina chiqib ketsak boʻladi.

– Mayli, borsak borib kelaqolaylik. Dalani ham koʻrmaganimga ancha boʻldi. Telponda har kuni maqtaydi. Koʻray-chi, sholisi qanday boʻldiykan?

– Ketdikmi, buvi?

– Ketdik.

Shunday qilib, keng dala tomon yoʻl olamiz. Dalaga borish uchun avval toʻrtta koʻchadan oʻtib, katta yoʻlga chiqiladi. Soʻng chapga qayrilib, yana yurasiz. Xullas, yurib-yurib yetvolasiz. Hammadan ham buvimning gʻayratiga hayron qolaman, hech charchamaydilar. Yoʻlda buvimga Eshqoʻzi amakining oq sigirini qora rangga boʻyab mol bozorga olib borgani, aksiga olib mol bozorga yetay deganda yomgʻir yogʻib, molning “ranggi” oʻchib ketgani, echkiboqar xolaning bitta echkisi uchta qulogʻi bor uloqcha tuqqani haqida aytib, kuldirib-kuldirib ketaman. Buvim ham oʻz bolalik yillari haqida gapirib beradilar. Buvimning bolalik yillari juda qiyin boʻlgan ekan.

Buvim bilan gaplashib, dalaga ham yetib keldik. Uzoqdan dadamni koʻrdim. Qoʻl koʻtargandim, dadam ham qoʻl koʻtardilar. Buvimga, ana dadam degandim, biroz qarab turib, oʻzi kelar, dedilar. Anchagina boʻy choʻzib qolgan sholi koʻchatlarga qarab, buvim juda xursand boʻldi. Dadam qishlogʻimizda, nafaqat bizning qishloq, balki qoʻshni qishloqlarda ham dongʻi ketgan sholikor. Bu sholi deganlari ham juda eʼtibortalab narsa ekan. Pishgunicha suvda turadi-ya. Juda mehnati qiyin. Dadam gohi ishdan gapirib qolganida, qiyinmasmi, deb savol beraman. Shunda dadam: “Osh yeyish osonmi, bolam? Oson-a. Ayniqsa, yogʻlikkina osh boʻlsa. Shu narsani hech qachon yodingdan chiqarmaki, har qanday osonlikning ostida qiyinlik yotadi. Osonlikka oʻz-oʻzidan erishib boʻlmaydi. Axir sholi boʻlmasa, guruch boʻlmaydi. Guruch boʻlmasa, osh boʻlmaydi-da”, deb maslahat berib qoladilar.

Buvim bilan marzalarning bir chetiga oʻtirdik. Dadam ham yetib keldi. Buvim duo qildilar:

– Yo Parvardigor, iloyo bolaginamning ekkaniga oʻzing baraka ber. Tan-u joni sogʻ boʻlsin. Hosiliga hosil qoʻshilsin. Bir gektardan yigirma tonnadan sholi boʻp ketsin. Bolalarim, nevaralarim boy-badavlat boʻlsin. Iloyim, prapessr bolam ham oʻzini kuchi bilan oʻqishlarga oʻtib ketsin. Insof bersin, ilmi oshib-toshib ketsin. Endigi shu oy, shu kunlarga oʻynab-kulib yetib yuraylik. Omin.

Dadam buvim bilan koʻrishganlaridan keyin meni koyiy ketdilar.

– Sen bolaga nima degandim. Bugun dalaga kelma deganmidim. Yana issiqda shuncha yoʻldan buvingni ham boshlab kelibsan. Charchab qoladi, deb oʻylamadingmi? Buving sen bilan tengmi, nodon?

– Axir dalaga boramiz, deb men aytmadim-ku. Toʻgʻri, dala mavzusida gapni birinchi men boshladim, ammo ketdik demadim-ku. Yaxshiyam, baxtimga buvim aralashib qoldi. Boʻlmasam, hali ancha gap eshitishimga toʻgʻri kelardi.

– Bolamni urishma. Oʻzim kelaman, deb aytdim. Yoʻl uzoqmas ekan. Birpasda keldik-ku, charchaganim yoʻq. Oʻzi men seni koyishim kerak. Buvim keladi, deb bir kun daladan erta borib tursang boʻlardi-ku?

– Buvi, toʻgʻri tushuning, hozir eng muhim vaqt. Men ketsam, suvni boshqalar ochvoladi. Qancha suv kirmasa, hosilga shuncha zarar boʻladi.

– Boʻlmasam, bolamni urishma.

– Men ham bolangizman-ku, buvi.

Dadam ham buvimni buvi deydi. Negadir aya demaydi. Hech aytganini eshitmaganman. Sababini esa, bilmayman.

– Sen ham bolamsan. Seni ham sogʻinganim uchun dovon oshib keldim-da, bolam.

Dadam meni urishish shashtidan qaytdi. Buvim dalaga uzoq tikilib qoldi. Sholimizni gurkirab oʻsayotganini koʻrib, juda xursand boʻldilar. Ular suhbatga kirishishdi. Suhbat tugaguncha men ikki pol sholini oʻtoq qilib chiqdim. Belim ogʻrib, boshimni koʻtardim. Qoʻshni dalada ishlayotgan sinfdoshim Ilhomga koʻzim tushdi. Uning dadasi kasal. Suvga tusholmaydi. Ularning ishlarini ukasi Bahrom ikkalasi bajaradi.

– Botirali, sen oʻrtogʻingga qarash. Sholisini oʻt bosib ketgan. Kechgacha ancha polni oʻtab qoʻyasizlar. Men buving bilan uyga qaytaman, – dedi dadam.

Shu kuni kechgacha oʻrtogʻimga qarashdim. Oʻnta polni kurmakdan tozalab qoʻydik.

Rahmat oʻrtoq, agar sholimiz moʻl hosil bersa, dadamni doktorga yotqizamiz. Tuzalib ketsalar boʻldi, – dedi Ilhom menga minnatdor qarab. Men uning tovushidagi iltijoni sezib qaddimni koʻtardim. Egilib ishlayverganimdan belim zirqirab ogʻrirdi. Ammo oʻrtogʻimning koʻzidagi quvonchni koʻrib, ogʻriqqa parvo qilmadim. Men uch oy taʼtilda ham bugungidek quvonmagan, oʻzimdan mamnun boʻlmagan edim.

Quyosh botayotganda uning velosipediga mingashib uyga qaytdik.

 

Yorqinjon HAYITBOYEV

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.