Orolda
(“Bolalikka sadoqat” qissasidan)
Yakshanba kuni ertalab oyim issiq non yopdilar. Nonushtadan soʻng xaltamga oʻsha nondan bitta, bir siqim parvarda, bir siqim mayiz, uch-toʻrtta qurut solib berdilar.
– Tushlikka kelmasang ham boʻladi, – dedilar, – termosga choy ham quyib qoʻydim. Ja, kun botguncha yurmasdan qaytaveringlar. Tagʻin oʻyinga berilib molni soyaga olish esingdan chiqmasin. Targʻiling boʻgʻoz-a, bilasan, – deb tayinladilar meni kuzatayotib.
– Xoʻp boʻladi oyi, meni bilasiz-ku! Aytmoqchi, anavi “Sehrli uzuk” kitobini ham soldingizmi? – xaltaga qaradim men.
– Bir kun kitob oʻqimasang yoʻq, shuncha bola kitob oʻqib oʻtirarkanmi? Yurasanlar jarma-jar sangʻib.
Meni kutib turgan Ismoil, Shapagʻat, Gʻopir tomonga yugurarkanman:
– Zamira opam ham boradi. Dadasi yangi koptok olib bergan. Koptok oʻynaymiz, – dedim baqirib. Bolalar ham uydan ul-bul olvolishibdi. Shapagʻat besh-oltita katta-katta xom kartoshkadan tashqari tuz ham olibdi. Jarni u yer-bu yerida qurigan qamishlar bor. Ularni yigʻib, ajriq, shoʻralarning qurigan ildizlariga qoʻshib gulxan yoqamiz. Qoʻriga kartoshka koʻmib pishiramiz. Kartoshka qoʻrda poʻsti kuyib, sap-sargʻayib pishadi. Kuygan poʻstlogʻini olayotganda qoʻlimiz kuyib ham qoladi. Biroq biz bunga parvo qilmaymiz. Kartoshkaga tuz sepib ishtaha bilan yeymiz. Lab-lunjimiz qorayib ketadi. Bir-birimizga qarab xoxolab kulamiz.
Tushgacha sigirlarimizni jarga qoʻyib yubordik. Oʻzimiz avval voleybol, keyin futbol oʻynadik. Oʻyin jonga tekkach, qamish yigʻishga tushdik. Qornimiz ochib, ichaklarimiz chuldirardi. Shundagina sigirlarimiz esimizga tushdi. Qiziq, ular atrofda koʻrinmasdi. Yugurib pastga tushdim. Atrofni diqqat bilan kuzatdim. Hech kimning moli koʻrinmadi. Birdan daryoning oʻrtasidagi orolchada nimadir qimirlaganday boʻldi. Daryo bizni qishlogʻimiz etagidan bir necha irmoqlarga boʻlinib oqardi. Irmoqlar orasida kichik orolchalar hosil boʻlgandi. Barq urib oʻsgan suvtollar, yulgʻunlar orolchani koʻm-koʻk qilib koʻrsatardi. Aslida ham shunday, bu yerda mollar xush koʻrib yeydigan ajriq, gʻumaylar serob. Yuragim gupillab urib ketdi.
– Zamira opa qarang, sigirlarimiz orolchaga oʻtib ketibdi, – qichqirdim tepaga qarab. Oʻrtoqlarim ham yugurib pastga tushishdi.
– Mayli, suv kam-da, bemalol kechib oʻtishgan. Qaytaga yaxshi boʻpti. Qorni yaxshi toʻysa, kechqurun koʻp sut beradi, – bilagʻonlik qildi Shapagʻat.
– Yaxshilikka yaxshi, ammo ularni qanday qilib qaytaramiz? – kaftlarini peshonasiga tirab orolchaga tikildi Ismoil.
– Qorni toʻysa, oʻzlari qaytib keladi, – dedim men.
– Ja-de, nima u senga odammi, qorni toʻysa uyi esiga tushib orqasiga qaytadigan, – jahli chiqdi Zamira opaning, – tagʻin u yerda sariq chumolilar boʻlsa bormi...
– Nima boʻladi? – qoʻrqib ketdim men.
– Nima boʻlardi, qorni shishib yoriladi, – ovozi titrab ketdi Gʻopirning. – Oʻtgan yili amakimning buqasi shunaqa chumoli yeb qoʻyib, oʻlib qolgan.
– Boʻpti, xaltalarni oling, oʻzimiz ham orolga oʻtamiz, – dedi Zamira opa.
– Voy, suvni kechib oʻtamizmi, suv sovuq-ku, – koʻnmadi Ismoil.
– Voy jinni, nima kechib oʻtmasdan suzib oʻtasanmi?! – kuldi Gʻopir, – qoʻrqma, daryoning bu yerlari sayoz, faqat sal tez oqadi. Bir-birimizni qoʻlimizni ushlab olsak, bemalol oʻtib ketamiz.
– Gʻopir toʻgʻri aytyapti, kalishlarimizni ham xaltamizga solib olamiz-da kechib ketaveramiz. Ismoil, namuncha qiz bolaga oʻxshab qaltiraysan, qoʻrqma, kuzda suv unchalik sovuq boʻlmaydi. Ja sovuq yesang, orolchaga oʻtgach olov yoqib isinamiz, – deb yoʻlga tushdi Zamira opa. Men ularning ichida eng kichkinasi edim. Shu bois indamay ularga ergashdim. Xayolim esa targʻilda. Axir ertalab oyim uni boʻgʻoz, ehtiyot boʻl, deganlar-ku. Ichimni, it tatalab suvga tushdim. Onamdan qoʻrqqanimdanmi, suvni sovuqligi sezilmadi. Shapagʻat bir-ikki marta silliq toshlarga sirpanib ketdi, biroq ushlab qoldik. Bir amallab orolchaga oʻtib oldik.
– Voy-boʻ, oʻtlarning quyuqligini, ajriq ustidan yugurdi Gʻopir, – bizdan koʻra sigirlarimizni aqli yaxshi ishlabdi. Qurigan qamish ham koʻp ekan. Endi olov yoqamizmi?
– Koʻp gapirma, avval sigirlarimizni topib olaylik dedim atrofga alanglab. – Hammamiz sigirlarimizni laqabini aytib chaqira boshladik. Birinchi boʻlib men Targʻilimni topdim. Toʻygan shekilli tolning soyasiga yotvolib qornini yalayapti... Hamma ham oʻz molini topib, oʻtlayotgan joyiga qozigʻini qoqdi. Keyin oʻzimiz ovqatlanishga tushdik. Xaltalarimizdan narsalarimizni olib Zamira opa yozgan kichkina dasturxon ustiga tashladik.
– Sigirlarimiz mazza qilibdi. Qornimiz toʻygach, gulxan yoqamizmi? – soʻradim Zamira opaga qarab.
– Ha, Gʻopir bilan Ismoil qamish yigʻsin, Shapagʻat ikkalang qurigan tollarning ildizlarini terib keling, menda gugurt bor. Ammo... – osmonga qaradi Zamira opa, – havoga qora bulut chiqdi. Ishqilib, yomgʻir yogʻib qolmasin-da.
– E, qanaqasiga yomgʻir yogʻadi, radio yomgʻir yogʻmaydi, degan, – dedi Shapagʻat. – Qarang, shamol boshlandi, bir pasda bulutni olib ketadi.
Biz tarqalishdik. Anchagina qurigan shoh-shabba yigʻib, chaylamizga qaytayotganimizda (oʻzimiz panasida oʻtirgan suvtolning shoxlarini bir-biriga bogʻlab, ustiga dasturxonni yopib, chayla qilib olgandik) shunaqangi qattiq shamol esdiki, kekkaygan qamishlar ham, shoxlarini pastga osiltirib oʻsgan suvtol-u yulgʻunlar ham bir tekis egilib qoldi. Hali chaylaga yetib kelmasmizdan havoni qop-qora bulut qopladi, katta-katta yomgʻir yogʻa boshladi. Biz chaylaga yugurdik. Gʻopir bilan Ismoil aka ham suvtol novdasi bilan bogʻlagan qamishlarini boshlarida koʻtargancha bizga ergashishdi. Chaylaga kelguncha hammayogʻimiz jiqqa suv boʻldi. Chunki yomgʻir jalaga aylangandi-da. Chaylamiz tepasidan ham suv tarnovdan oqqanday shovullab tushardi. Zamira opam tik turgancha yigʻlardi.
– Yomgʻir haliveri tinmaydi, tezroq uyga yetvolaylik, – dedim. – Sigirlarimiz ham yomgʻirda qoldi-ya, agar Targʻilga bir balo boʻlsa oyim oʻldiradi...
– Sigirlarimiz allaqachon daryodan oʻtib ketishdi, – hiqilladi Zamira opa, – ammo biz oʻtolmaymiz. Suv koʻpayib ketyapti.
– Voy, endi nima qilamiz, bizni kim qutqaradi, suv oqizib ketsa-ya, dadam bu yerdaligimni bilmaydi. “Bormay qoʻyaver. Oʻzim dalaga olib ketaman. Akang oʻt oʻrib soladi, degandilar”, – Shapagʻat ham yigʻlashga tushdi.
– Sigirlarimiz uyga borsa, dadalarimiz bizni qidirib keladi, qolib ketarmidik, – dedim men. Qiziq, negadir men xotirjam edim.
– Daryoda suv koʻpayib ketsa, ular ham oʻtolmaydi. Endi biz Robinzon Kruzo boʻlib shu yerda yashayveramiz. Non-ponimiz bor, qoʻrqmanglar, bir-ikki kunda suv yana kamayadi, – donolik qildi Gʻopir.
– Bir-ikki kun shunday jalada turamizmi, – kechqurun bu yerda boʻri, chiyaboʻrilar ovga chiqadi, dodam aytgan, – dedi Shapagʻat qaltirab.
– Toʻgʻri, bu yomgʻirda olov ham yonmaydi. Agar yonganda boʻrilar olovdan qoʻrqardi, – dedi Ismoil. – Lekin qoʻrqmanglar. Men borman, Gʻopir bor, pichogʻimiz ham bor. Sizlarni qutqaramiz.
– Qachondan buyon botir boʻlib qolding, boyagina sovuq suvga tushishdan qoʻrqib turganding-ku, qutqararmish.
– Zamira opa, hadeb shunaqa gaplarni gapiravermang, meni ham qoʻrqitib yuboryapsiz. Hali kech boʻlgani yoʻq, mana yomgʻir ham sal pasaydi. Balki hozir dadalarimiz kelib qolishar, – dedim jahlim chiqib. – Axir, biz urushda emasmiz-ku, dushman ham yoʻq, bilasizmi Oleg Koshevoy...
– E, yigʻishtir Koshevoy-poshevoyingni, namuncha kitobiysan. Qarshingdan koʻzi yonib boʻri chiqsin, koʻraman Koshevoyligingni, – ogʻzimga urdi Shapagʻat. – Zamira opa, siz ham qiziqsiz, nima qilardingiz bizni shu orolchaga boshlab. Sigirlarimiz oʻzi borardi...
– Voy-voy, sigirlarimiz oʻzi borardimish. Oʻzing aytdingku, sigirlar odammas, qorni toʻysa uyiga qaytadigan deb, endi men aybdor boʻldimmi?!
– Boʻpti yuringlar, huv anavi yerda tollar juda qalin oʻsgan ekan, yomgʻir kamroq tushadi, oʻsha yerga boramiz, – yoʻl boshladi Ismoil. Tavba, men shu bolani ichimizda eng qoʻrqogʻi deb hisoblardim. Hammamiz unga ergashdik. Rostdan ham tollar tagidagi supradekkina joyga yomgʻir tushmayotgandi. Bolalar hamon qoʻllarida ushlab turgan qamishlarining yarmini tollar ustiga, yarmini yerga toʻshashdi. Biz uch qiz indamaygina nimchalarimizni qamish ustiga tashlab oʻtirdik. Bolalar ham bir chetdan joy olishdi. Shamol tingan, ammo yomgʻir tinmay yogʻar, atrof qop-qorongʻi, suvning shovqini esa dillarimizga yanayam vahima solardi.
– Zamira opa, gugurtingiz qayerda? – soʻradi Ismoil.
– Mana, – Zamira opa tagidagi nimchasining choʻntagini kavlab gugurt olib uzatdi.
– Qamishlar ivib ketdi-ku, qanday qilib yoqasiz, – hayron boʻldim sovuqdanmi, qoʻrquvdanmi ovozim qaltirab.
– Gugurtni oʻzini chaqib oʻtirmoqchiman, sal yorugʻ boʻladi, – chirs etib gugurt chaqdi Ismoil. Shunda birdan Zamira opa:
– Voy, Shapat, qara orolni ham suv bosyapti, – deb oʻrnidan sakrab turdi. Rostdan ham bizdan oʻn qadam naridan shuvullab suv oqib kelardi.
– Suv koʻpayib ketgan boʻlsa dambani ochib yuborishgan, endi bu yerdan qutilib ketolmaymiz. Yaxshisi, daryoni suzib narigi tomonga oʻtishga harakat qilamiz, – dedi Ismoil.
– Suv koʻpayib ketdi-ku. Oqizib ketadi, – koʻnmadik Gʻopir ikkalamiz.
– Bu yerda oʻtirib boʻlmaydi. Endi suv tagimizgacha keldi. Harakat qilish kerak. – Ismoil yoʻl boshladi. Shu payt yurakka vahima solib, allaqanday qush xunuk sayradi. Biz oʻtirgan joyimizdan chiqib, suv kechib, qirgʻoq tarafga yurdik. Atrofdan chaqaloq yigʻisiga, itning akillashiga, boʻrining uvillashiga oʻxshash har xil vahimali ovozlar eshitilar, yomgʻirdan qayerga qoʻnishni bilmagan koʻrshapalaklar najot qidirgandek boshimizga urilguday boʻlib uchishardi... Shu payt boshimiz ustida traktorning tarillashiga oʻxshagan ovoz eshitildi. Hammamiz beixtiyor toʻxtab osmonga qaradik. Bizdan yigirma-oʻttiz metrcha balandlikda vertolyot aylanardi. Biz xuddi kinolardagidek baravariga baqirib qoʻl silkita boshladik. Vertolyot uchuvchisi bizni koʻrdi shekilli, naq boshimiz ustida toʻxtadi. Vertolyot eshigi ochilib, uzun narvon tushdi. Men vertolyotni hech qachon bunchalik yaqindan koʻrmagandim. Qoʻrquvni ham unutib, ogʻzim ochilgancha angrayib qoldim. Bir payt allaqanday kuchli narsa bilagimdan mahkam siqdi. Men tepaga koʻtarilib keta boshladim... Boshqa oʻrtoqlarimni ham askar yigit shunday qilib vertolyotga chiqarib oldi. Vertolyot tepaga koʻtarildi. Hammamiz qoʻrquv aralash hayajondan qaltirar, nima boʻlganini anglamasdik. Bilganim – biz endi orolda emas, osmondamiz...
Targʻil jalada uyga mensiz kirib borganini koʻrgan oyimning yuragiga vahima tushibdi. Yugurib togʻamlarnikiga borib voqeani aytibdi. Togʻam avvaliga:
– Vahima qilmang, hademay kelib qolar. Jiyan bir oʻzi bormagan-ku, jarga. Koʻpchilik boʻlishsa, men Usmon akanikiga kiray-chi, uning oʻgʻli kelganmikan. Axir Ismoil ham ular bilan edi-ku, – deb qoʻshnisinikiga chiqib ketibdi. Ammo Ismoilning onasi Nasiba opoqi ham shunday xavotirda oʻtirgan ekan. Aksiga olib dadam majlisga ketgan ekan. Shu payt jamoa raisi Homidxon amaki togʻamni chaqirib kelib qolibdi. Jala qattiq yogʻayotgani uchun daryoda suv koʻpayib ketganini, daryo ichkarisida shagʻal ortayotgan ikkita mashina suvda qolib ketganini, haydovchilarini qutqarish kerakligini aytib, togʻamdan yordam soʻrabdi.
– Daryoning suvi bir haftacha kamaymaydi, harbiy qismdagi komandirdan soʻrang, balki yordam berar, – debdi iltimos ohangida. Togʻam oʻzi ishlaydigan harbiy qismga borib (u paytda favqulodda vaziyatlar vazirligi boʻlmagan-da) ahvolni tushuntiribdi. Komandir harbiy vertolyot beribdi. Togʻam ham ular bilan uchmoqchi ekan, sizga joy yoʻq, deb ruxsat berishmabdi. Vertolyot avval karyerdagi haydovchilarni qutqaribdi. Keyin bizni izlashga tushibdi.
– Yaxshiyam togʻang harbiy, boʻlmasa nima qilardim-a?! Oqib ketarmidinglar, – meni quchoqlab yigʻladi oyim.
Men bugungi voqealardan charchadimmi yoki qattiq qoʻrqdimmi judayam yuvvosh tortib qolgandim.
– Opajon, vertolyotda uchish mazza ekanmi? – soʻradi Moʻminjon menga havas bilan tikilib.
– Gapingni qara, opang shoʻrlik bir oʻlimdan qoldi-yu, oqib ketganda koʻrarding mazzani, – koyib berdi oyim. – Sigir-pigiringizni kerak boʻlsa, oʻzingiz boqing. Sal qoldi bolamdan ayrilib qolishimga, – dadamga ham toʻngʻillab berdilar.
– Hech qisi yoʻq, bola degan shunaqa qilib pishiydi. Shu voqea boʻlmasa, Moʻminjon aytganidek, qizing hayotda vertolyotga minarmidi. Ertaga katta boʻlganida bolalariga aytib beradigan voqea boʻldi bu, – gapni hazilga burdi dadam. Men esa ularning ovozini elas-elas eshitgancha uyquga ketdim.
Muhabbat Hamidova