Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Tarsaki

Sanjar tong saharda, hali oʻrnidan turmasidan ayvonda onasining zarda bilan aytgan gaplari qulogʻiga chalindi:

– Bu yashshamagur, kecha Abduqosim bilan Matqosim buvaning poliziga kirib, bodring oʻgʻirlashibdi. Buvaning oʻzi siz bilan alohida gaplashmoqchi boʻlib ikki marta kelib ketdi. Hayronman, bolamizning bunaqa odati yoʻq edi. Endi nima qilamiz? Bu gap mahallaga chiqsa sharmanda boʻlamiz, otasi...

Ota bunga javoban jahl bilan tomogʻini qattiq qirib qoʻydi. Sanjarning yuragi orqasiga tortib ketdi. “Tamom, oʻldim endi”, deb oʻyladi va koʻrpaga battarroq burkanib oldi. Uygʻonishi hamon otasi uni chilyosin qilishi tayin. Koshki nordon gaplarni eshitish bilan qutula qolsa. Otasi shu mahalgacha hali uni biron marta urmagan edi. Bu gal-chi?! Gunohi ogʻirligini oʻzi ham sezib yotibdi. Otasi kechirmasa kerak. Qaniydi, shu lahza sirayam tong otmasa!.. Baribir jazodan qochib qutulolmaydi. Eh! Qayoqdan ham kecha Qosimning oʻgʻirlikka borish haqidagi gapiga laqqa tushdi. Mana endi...

– Bu oʻgʻri bolang bugun oʻrnidan turadimi oʻzi? – ota xotiniga jahl bilan oʻshqirdi.

“Mana, endi oʻgʻri degan nomniyam oldim!” – Sanjar alam bilan koʻrpa ichida toʻlgʻondi.

– Hozir, hozir uygʻotaman, otasi, – dedi ona va shoshib Sanjarning boshiga kelib, koʻrpasini koʻtardi.

– Sanjar, turaqol bolam. Quyosh ikki terak boʻyi koʻtarildi. Mollaring och qoldi, turaqol endi.

Sanjar turmasa boʻlmasligini sezib, sekin koʻrpasidan boshini chiqarib, kerishib qoʻydi. Kiyimlarini chala-chulpa egniga ilib, molxona tomonga intilgan edi, otasi shashtini qaytarib qoldi.

– Toʻxta! Buyoqqa kel!

Otasining xunuk vajohati, tahdidli ovozidan yuragi taka-puka boʻlayotgan Sanjar qoʻrqa-pisa unga yaqinlashgandi otasi yuziga tarsaki tortib yubordi. Sanjar supaning yoniga uchib tushdi.

– Voy, bolani oʻldirib qoʻyasiz! – ayvonning bir chetida turgan ona qoʻlidagi choʻltoq supurgini otvorib, xuddi polaponini xavfdan himoya qilmoqchi boʻlgan lochindek bolaning ustiga oʻzini tashladi. Qizishib turgan ota mushtumini choʻntagiga yashirib, shaytonga hay berdi.

– Mayli, endi bundan keyin qadamini bilib bossin! – dedi ota gʻazabini arang ichiga yutib.

Ota supaga yozilgan dasturxondagi tayyor nonushtaga ham qaramay ishiga ketdi.

Sanjar esa oʻsha-oʻsha birovning tomorqasiga oralamaydigan, otaning taʼbiricha, qadamini bilib bosadigan, boʻldi.

 

Shodmon Otabek

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.