Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Xazarula

Nodar Dumbadze

 

Atoqli gruzin yozuvchisi Nodar Dumbadzening “Nishonga tegmagan oʻqlar” (“Kukaracha”), “Abadiyat qonuni”, “Qoʻrqmang, onajon”, “Oq bayroqlar”, “Ellada” ( “Hellados”), “Buvim, Iliko, Illarion va men” kabi asarlarini oʻzbek kitobxonlari bugun ham sevib oʻqimoqda.

 

Oʻn toʻrt yoshimda birinchi marta daraxt bilan suhbatlashganim esimda. U olma daraxti edi, xuddi buvim singari allaqachon oltmishdan oshgandi. Odamlar uni Xazarula deb atashardi.

Ilgari buvim har qishda Xazarula olmalaridan Tbilisiga olib kelardi. Ertalabki birinchi poyezdda shahar vokzaliga tushar, u yerdan toʻgʻri biznikiga yoʻl olardi. Buvimdan qishloqning xushboʻy, yoqimli hidi ufurib turar, meni koʻksiga mahkam bosib keyin koʻrpam ustiga mushtdan kattaroq koʻrimsiz olmani tashlardi:

– Ma ol, hovlimizdagi Xazaruladan senga sovgʻa, xuddi Dapinoga oʻxshab burishib ketgan boʻlsa ham, bundan yaxshi olma yoʻq. Ye bolam, ha, dardingni olay, bolajonim-a.

Olma chindan ham juda mazali edi.

Urush boshlangandan soʻng men qishloqqa – buvimnikiga koʻchib keldim va bu yerda Xazarula bilan shaxsan tanishdim. Daraxtning baʼzi joylarini qurt yegan. Lekin hali baquvvat va koʻrkam boʻlib, sersoya shoxlarini keng yoyib turardi. Shoxlariga osilgan choʻmich, xumcha va koʻza daraxtga oʻzgacha chiroy bagʻishlardi. Lekin bilishimcha, Xazarulamiz endi gullamay qoʻygandi.

Qirq ikkinchi yil bahorining boshlari edi. Bir kuni buvim meni erta tongda uygʻotdi. Uning qoʻlida qilichdek oʻtkir, yaltiroq bolta bor edi.

– Ha, buvi, meni chopmoqchimisiz? – dedim joʻrttaga yigʻlamsirab va koʻrpaning ichiga berkindim.

– Maynavozchilik qilma, tentak! – baqirdi buvim jahli chiqib. – Qulogʻingdan tortib sudramasimdan oʻrningdan tur... Tur, ishingni boshla...

– Erta tongdan qanaqa ish? – achchiqlandim men. – Yana nima baloni oʻylab topdingiz?

– Meni pisand qilmayapti, erkak kishining qoʻlini his qilib koʻrsin, – toʻngʻilladi buvim chimrilib.

– Buvi, kim haqida gapiryapsiz?

– Hoy tirrancha, hazil-mazaxdan boshqa narsani bilasanmi oʻzi? Tur, dedim!

– Mana, turyapman. Faqat kim haqida gapiryotganingizni ayting, – dedim va kiyina boshladim.

– Kim boʻlardi, Xazarula haqida gapiryapman-da. Yaramas, uyati ham, vijdoni ham yoʻq. Shunaqayam yuzsizlik boʻladimi? Ayni ocharchilik paytida-ya?!

– Daraxt haqida gapiryapsizmi?.. – hayratdan tilim gapga kelmay qoldi.

– Ha, daraxt haqida, daraxt haqida. Axir, mevasiz daraxt ham daraxtmi?

– Xoʻp, men nima qilishim kerak? Uni kesishim kerakmi?

– Yoʻgʻ-e-e, nega birdaniga kesarkanmiz. Oldin qoʻrqitib koʻramiz, foydasi boʻlmasa, keyin kesib tashlaymiz.

Buvim menga Xazarulani qanday qoʻrqitishim zarurligini tushuntirib, boltani bosh tomonimga suyab qoʻydi va eshik tomon yurdi.

– U meni eshitadi deb oʻylaysizmi? – tirjaydim men.

– Agar zigʻircha aqli qolgan boʻlsa eshitadi.

– Oʻzingiz qayerga ketyapsiz?

– Sizlar yolgʻiz gaplashishlaringiz kerak, – dedi buvim va tashqariga chiqib ketdi.

Oʻrnimdan turib boltani yelkamga qoʻygancha yertoʻlaning ustiga chiqdim va Xazarulaning roʻparasiga kelib toʻxtadim. Uning tagidagi nam tortgan yer chopishga tayyor boʻlgandi. “Qiziq, daraxt haqiqatdan ham odamni eshitarmikan”, – deb oʻyladim va kulib qoʻydim. Keyin boltani oldim-da, kuch bilan daraxt tanasiga tiradim.

– Kesaymi, kesmaymi? – deb soʻradim bir necha marta baland ovozda.

Nihoyat uzoq oʻylanishdan soʻng boltani pastga tushurdim va shunday baralla gapirdimki, meni Xazarula tugul, toshlar va yerda koʻmilib yotgan koʻza ham eshitdi.

– Mayli, bilganingni qilaver, – deb ogohlantirgach, – yana bir yil kutaman, shundayam meva qilmasang, oʻzingdan koʻr. Tag-tuging bilan koʻchirib tashlayman, – dedim.

Xullas, buvimning topshirigʻini qoyilmaqom qilib bajardim. Ammo Xazarula pinagini ham buzmas, xotirjam edi. U endigina chiqayotgan quyosh nurlarida isinmoqchi boʻlgandek, butun tanasi bilan yuqoriga intilayotganga oʻxshardi.

Bu safar endi buvimning ustidan emas, oʻzimning ustimdan kuldim. Boltani yerda yotgan toʻnkaga zarb bilan sanchdim-da, ortimga qaytdim.

– Qalay boʻldi? – soʻradi buvim.

– Uni oʻlguday qoʻrqitdim. Koʻrmayapsizmi, bechora haliyam qaltirayapti, – dedim buvimni daraxtga qarashga undab. Keyin bor ovozim bilan kulib yubordim – Xazarulaning tanasi rostdan ham titrayotgan edi!..

Sharq tomondan shamol esardi.

Togʻlarga katta odimlar bilan bahor keldi. Gubazauz oʻrmonidan bir nazar tashladi-da, toʻgʻri hovlimizga kirdi. Xuddi qiyiq koʻzga oʻxshab etagini sal koʻtargancha yashil oʻtloqlarni bosib-bosib oʻtdi. Hamma-hammani – mol-hol, qushlar, oʻsimliklarni ham aqldan ozdirdi. Hayot qaynay boshladi.

Buvim meni yana saharda uygʻotib, Xazarulaga qarashimni soʻradi.

Oq-pushti libosdagi salobatli Xazarula biz tomonga istehzo bilan qarab turardi.

– Senga aytdim-ku! – buvimning sevinchi ichiga sigʻmasdi.

– Nahotki, aqlga sigʻmaydi-ya! – deb ajablandim men.

Xazarula chaman boʻlib gullagan edi. Unga har yoqdan asalarilar kelib qoʻnardi. Vaqt oʻtishi bilan gullar son-sanoqsiz mevaga aylandi. Olmalar asta-sekin toʻlishib, pisha boshladi. Xazarula yil boʻyi bizni va qoʻshnilarimizni olma bilan taʼminlab turdi. Olma chaynayverib hatto mollarning ham tishi qamashib ketdi. Bir kuni savat toʻla olmani Teofan Dugladzening sigiriga olib borganim yodimda.

– Boʻldi, bas qil, sigirni tinch qoʻy! – haddan tashqari gʻamxoʻrligimdan Teofanning jahli chiqdi. – Bu ketishda hademay sut oʻrniga olma sharbati sogʻib olamiz.

– Qanday qilib butun qishloqni lol qoldirding, Xazarula? – soʻradim qish arafasi daraxtning uchidagi qush choʻqigan olmani olayotib.

– Mevali daraxt boʻlsang, buning ustiga, olma boʻlsang, shunday qilishing kerak! – dedi u qarigan boʻgʻimlarini gʻichirlatib.

Bu yil uzoq vaqtgacha yodimizda qoldi: Xazarula qaytib meva bermadi. Uni qanchalik qoʻrqitmay, qanchalik doʻq urmay, hatto yalinib ham koʻrdim – foydasi boʻlmadi...

 

Rus tilidan Mirjalol MADVALIYEV tarjimasi

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.