Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Koʻngilga ekilgan havas

Gulnoza tabiatan shoʻx, shaddod qiz boʻlishiga qaramay, hamma fanlardan aʼlo bahoga oʻqiydi. Nogoh biror fandan toʻrt baho olib qolsa bormi?! Qovogʻini uyib, arzimagan gapga ham yigʻlab, uydagilarning koʻnglini xira qilib oʻtiradi.

Tojdor virus sabab maktablarda yangi oʻquv yili oʻz vaqtida boshlanmadi. Boshlanganida koʻpchilik oʻquvchilar maktabda oʻqishni xohlashdi, ayrim bolalar esa ota-onasining tavsiyasi bilan uyda – onlayn taʼlim olishni maʼqul deb topishdi.

Gulnoza ham ota-onasining: “Bobong bilan buvingning yoshi ulugʻ. Shuning uchun ularni ehtiyot qilishimiz kerak. Ayrim bolalar virus bilan ogʻrimasa-da, boshqalarga tashuvchi boʻlib yurishadi. Bu dardni yengish keksalarimiz uchun mushkul”, – deyishgach onlayn taʼlim olishga rozi boʻldi. Bir tomondan maktabga bora olmayotgani jahlini chiqarsa, ikkinchi tomondan dugonalari har kuni dars davomida boʻlgan qiziqarli voqealarni aytib uning ham havasini keltirib, ham achchigʻini chiqarishardi. Dam-badam soatga qarab: “Qachon dars tugar ekan?!” – deb betoqat boʻlardi. Tushlik vaqti boʻlishi bilan sinfdoshlariga telefon qilib, yangiliklarni eshitishga oshiqardi.

Oradan bir necha kun oʻtib sinfdoshi Ziyoda Gulnozaga sinfga yangi qiz kelganini aytdi. Telefon goʻshagini qoʻygan Gulnozaning qovogʻi uyulib, hech kim bilan gaplashgisi kelmay qoldi. Shu ondan boshlab uning tinchi buzildi.

Nabirasidagi oʻzgarishlarni zimdan kuzatayogan Farogʻat buvi nima gapligini soʻradi. Avvaliga sir boy berishni istamagan Gulnoza axiyri yorildi:

– Buvijon, sinfimizga yangi qiz kelibdi. Sinfdoshlarim faqat uni maqtashyapti. Aʼlo baholarga oʻqirmish. Yana, yana... u judayam chiroyli ekan.

– Xoʻsh, buning senga nimasi yoqmayapti?! Sinfingda yana bir aʼlochi oʻquvchining koʻpaygani yaxshi emasmi?! – hayron boʻldi Farogʻat buvi.

– Buning nimasi yaxshi buvi?! Axir, men sinfboshi boʻlsam. Sinfimda mendan chiroyli qiz boʻlishini, ustiga ustak yaxshi oʻqib, mendan oʻzib ketishini istamayman. Hoynahoy, u mening oʻrnimga sinfboshi boʻlishga ham harakat qilayotgandir...

Nabirasining bu gaplaridan Farogʻat buvining diqqati oshdi:

– Shuni bilginki, bu hayotda har kimning oʻz oʻrni, oʻz vazifasi bor. Bunday yomon xayolga borishing juda notoʻgʻri. Nabiram koʻp kitob oʻqiydi deb suyunib yurardim. Afsuski, koʻp kitob oʻqisa-yu, lekin uqmasa qiyin ekan-da...

Gulnoza buvisidan boshqacha taskin kutgandi: “Buvimgayam hayronman. Hozir shu nasihatlar menga yoqardimi?! Oʻzi shularni deb maktabga borolmay, uyda zerikib oʻtiribman. Undan koʻra “Sen hammadan zoʻrsan”, desalar, biroz xotirjam boʻlarmidim. Hali maktabga chiqsam, hammaga kimligimni koʻrsatib qoʻyaman”, degan xayolda dugonasiga qoʻngʻiroq qildi:

– Ziyoda, necha marta aytishim kerak senga. Menga haliyam yangi kelgan qizning suratini yubormading. Hadeb maqtayverguncha rasmini yubor. Basharasini oʻzim bir koʻray...

Har kuni takrorlanavergan yigʻi-sigʻi natijasini koʻrsatdi. Uydagilar noiloj Gulnozaning maktabga chiqishiga ruxsat berishdi. U maktabga borish uchun obdan tayyorlandi. Yana-da chiroyliroq boʻlishga harakat qildi...

Bir haftadan soʻng Gulnoza butunlay oʻzgarib qoldi. Kamgap, xayolchan...

Oxirgi paytlarda hech kim bilan ochilib gaplashmayotgan Gulnoza choynak koʻtarib buvisining yoniga bordi.

– Maktabingda nima gaplar? – deb soʻradi Farogʻat buvi nabirasini quchoqlab.

– Yangi qizni koʻrdim buvi. Kiyinishlari sodda, ammo juda bilimli, aqlli. Ortiqcha gapirmaydi, jim oʻtiradi. Lekin sinfdoshlarim uni boshqacha hurmat qilishyapti. Aftidan sinfboshi boʻlishga harakat qilayotgani ham yoʻq.

– Demak u judayam kamtar qiz ekan-da, – dedi Farogʻat buvi. – Kamtarlik oʻz sohib-u sohibalarini doimo ulugʻlab kelgan. Afsuski, buni koʻpchilik yoshlar tushunmaydi. Siz kabi oʻsmirlarda koʻproq xudbinlik – oʻzini oʻylash, hammadan ustun boʻlish, eʼtibortalablik kuchayadi. Qayerda boʻlsa ham oʻzini ustun qoʻyadi. “Nega menga emas, unga, nega unda bor-u menda yoʻq?!” degan yanglish savollar xayolini egallab oladi. Bu fikrlarning tagida esa hasad, koʻrolmaslik turadi. Qachonki, har bir odam oʻz “men”ini tarbiya qilsa, koʻnglida hasad oʻrniga havas urugʻlarini eksagina, xotirjam, sokin boʻladi.

Gulnoza buvisining gaplarini eshitar ekan, achchiq haqiqatlar kimga “qaratib” aytilayotganini angladi. Koʻnglini kemirayotgan tuygʻu hasad ekanligini tan olish juda ogʻirligini tushundi. Havas haqida oʻyladi, koʻnglini qandaydir iliqlik egallagandek boʻldi.

– Buvi, yangi kelgan qiz nimagadir juda gʻamgin. Lekin shu maʼyuslik ham unga yarashib turibdi. Nega shunday?

– Yangi maktab, yangi oʻrtoqlarga birdan moslashib ketish oson emas. Sen unga qoʻlingdan kelgancha yordam ber. Balki, u oʻzini yolgʻiz his qilayotgandir...

Rostdan ham, Gulnoza bu haqida umuman oʻylab koʻrmabdi. Axir, oʻzi ham yangi sinfdoshlari bilan bir-birlarini tushungunlaricha qancha qiynalgan edi. U hovliga chiqar ekan xayolidan: “Hasad egallagan koʻngil qorongʻu, behalovat, havas ekilgan koʻngil esa nurafshon, xotirjam va sokin, mehrli boʻlar ekan. Bundan keyin koʻnglimda doimo havas gullarini undiraman”, degan yorugʻ oʻylar oʻtdi.

Nilufar JABBOROVA

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.