Egilgan bosh
Halima sinfga kirib kelganda oʻzaro gaplashib turgan qizlar birdan jimib qolishdi. Salomiga alik ham olishmadi. U parta oralab ikkinchi qatordagi joyiga borib oʻtirayotganida:
– Hoy maqtanchoq, endi men sen bilan oʻtirmayman. Sen yaxshisi borib oʻsha – yoqimtoy Zokiring bilan oʻtir, – dedi Ziyoda bir qadam oldinga yurib.
– Bu nima deganing, tushunmadim. Axir, uch yildan buyon bir partada oʻtiramiz. Bu yer mening ham joyim, – hayron boʻldi Halima. – Keyin, men kimga nima deb maqtanibman?
– Sen bilan oʻtirib, doim inshoni sendan koʻchirar ekanman. Shuning uchun men ham “besh” olarkanman, hammaga shunaqa deb maqtanib yurganmishsan-ku!
– Hech kimga unaqa demadim.
– Voy, maqtanchoqliging yetmagandek, yolgʻonchi ham ekansan-ku. Tunov kuni Zokir bilan maktabdan qaytayotib: “Sinfdagi qizlar hammasi seni yoqtiradi”, – deganing ham yolgʻondir balki. Bunaqa deyishga sening nima haqqing bor?! – gapga aralashdi Nafisa.
– Oʻzi sen bu yil oʻzgarib qolding. Qizlarga uncha qoʻshilmaysan, repetitor bahona ketib qolasan. Oʻzingni ustozlarga yaxshi koʻrsatmoqchi boʻlasan. Kecha sinf rahbarimizga oxirgi soatdan ketib qolganimizni ham aytib beribsan-ku. Komila aytdi, yo bu gapingdan ham tonasanmi? – dedi Ziyoda xoʻmrayib.
– Komila ikkalamiz oʻtirgandik. Ustoz kirib sizlarni soʻradi. Gapi bor ekan, shekilli. Nima, ustozga yolgʻon gapirishim kerakmidi?
– Gapirsang boʻlardi. Komila: “Raqs ustozimiz chaqirdi”, – debdi-ku. Nega sen ham uni qoʻllamading?
Halima yalt etib Komilaga qaradi. Komila yerga qaradi. Aslida, voqea bunday boʻlgandi. Qizlar kimdandir tushda maktab yaqinidagi “Ashxobod” sayilgohida Shahzoda bilan uchrashuv boʻlarkan, deb eshitib qolishibdi. Uning chinakam muxlisi boʻlgan qizlar bu imkoniyatni qoʻldan chiqargisi kelmadi. “Baribir oxirgi soat fizra, ustoz bolalarni futbolga olib chiqadi. Biz bilan mashgʻulot oʻtarmidi. Shaxmat yoki shashka musobaqasini uyushtiradi”, – dedi Nafisa.
Halima darsdan keyin repetitorga boradi. Shuning uchun borolmadi. Jismoniy tarbiya oʻqituvchisi Abdulla Jamilovich Komilaning togʻasi, Komila togʻasidan qoʻrqqani uchun ketolmadi. Abdulla Jamilovich qizlarni soʻramadi ham, bolalarni tezgina sinfdan olib chiqib ketdi. Ikki dugona gaplashib oʻtirishgandi: sinf rahbari kirib, qizlarni soʻradi. Halima nima deyishni bilmay dovdirab turganda, Komila ogʻziga kelgan javobni aytib yubordi. Roziya Karimovna qoshlarini chimirdi-da: “Sizlar ham ketaveringlar, ertaga gaplashamiz”, – deb sinfdan chiqib ketdi. Halima bufetdan biror narsa yeb olish uchun oʻrnidan turayotganda Komila:
– Adabiyotdan inshoni yozgan boʻlsang tashlab ket, koʻchirib olay, – deb qoldi.
– Koʻchirib olsang inshomiz oʻxshab qoladi. Yaxshisi, nimalarni yozishing kerakligi haqida reja tuzib beray, shunga qarab yozaverasan. Biz Ziyoda ikkalamiz doim shunaqa qilamiz, – jilmaydi Halima. – Keyin insho yozishga Zokir ham usta, u yozgan insholarni mazza qilib oʻqiyman, – deb qoʻshib qoʻydi.
– Ha, Zokir menga ham yoqadi. Juda orasta, qizlarga muomalasi ham chiroyli, – dedi Komila.
– Bunaqa bolalarni hamma yoqtiradi, – dedi Halima, – oʻrtoqlaridan qoʻlidan kelgan yordamini ayamaydi. – Halima shularni xayolidan oʻtkazib, boshini koʻtardi. Komilaga jilmayib qaradi:
– Komila, kecha qanday mavzuda insho yozganding?
– “Odobing – ziynating” mavzusida, – dedi Komila hayron boʻlib.
– Oʻsha insho tagiga “Inson husnini buzadigan eng yomon odat – chaqmachaqarlik. U begunoh odamlarni ilondek chaqib, ozor beradi. Dilini ogʻritadi. Chaqimchilik inson ziynatini zanglatadi. Odamlarni nohaqdan nohaq bir-biriga teskari qilib qoʻyadi. Ammo, yolgʻon chaquv chaqmachaqarni oʻzini ham juda tez fosh qiladi. Uni odamlar oldida mulzam qilib, xunuk koʻrsatadi. Chaqmachaqar dilni chaqar, yaxshilarni oʻtday yoqar”, – deb qoʻshib qoʻy.
Qizlar nima gapligini anglashdi, shekilli, Komilaga norozi qarashdi. U qip-qizarib yerga qaradi.
Muhabbat HAMIDOVA
Tahririyatdan
Hurmatli tengdosh, siz bu voqeaga qanday qaraysiz? Sizning sinfingizda ham Komilaga oʻxshagan chaqmachaqarlar bormi? Ularga qanday jazo berish kerak deb hisoblaysiz? Xatlaringizni kutamiz.