Arqonsiz qoʻy yetaklaganim
Buyuk mutafakkir Saʼdiy Sheroziyning “Boʻston” asaridagi:
“Yigit qoʻy arqonin yechib tashladi,
Oʻzi u yon-bu yon chopa boshladi” satrlarini oʻqib, oʻzimcha: “Yo piray, shoir mening bolaligim haqida yozibdi-ku!”, deb oʻyladim. Xayol meni olis bolalik tomon boshladi...
Oʻshanda hali maktabga ham bormagan, 5 yoki 6 yoshli bola edim. Yozda qishlogʻimiz yaylovlari suruv-suruv qoʻylarga toʻlardi. Oʻrkachli tuyalar-u xachir, ot, eshaklarga yuk ortgan choʻponlar qishloq ahli bilan doʻstlashib, uy bekalariga tandirlarda non yopdirib, oʻtovlariga olib ketardilar.
Biz – bolalar choʻponlarning choʻkib yotgan tuyalariga minib olib, savalardik. Ammo, ular beparvo “saqich” chaynab yotaverar edilar.
Katta yoshdagi bolalar choʻponlarga bildirmay, ularning ot, xachirlariga minishib oʻzlaricha “koʻpkari” chopishar edi. Men ota-onam vafot etgani sababli pochchamnikida yashar edim. Pochcham kolxoz raisi edi.
Bir kuni choʻponlardan biri kelib:
– Rais bobo, biznikiga yuring, qoʻy soʻyib, mehmon qilaman, – dedi. Pochcham unamagach: – Unda bolani bering, bitta qoʻy berib yuboraman, – dedi choʻpon.
– Bu bola hali yosh, maktabga ham bormaydi, eplolmaydi.
– Bitta eshak bersangiz boʻldi, amallaydi.
Ikkalasi ancha tortishishgach, pochcham meni eshak ustidagi “choʻchqa toʻqim”ga mindirdi. Yarim tandirga oʻxshagan “Choʻchqa toʻqim” ustiga taka terisi qoplangan, ammo uning tuki toʻkilib sirpanchigʻ boʻlib qolgan edi. Togʻliklar eshak ustiga shunday toʻqimni solib, qishin-yozin daladan archa oʻtin tashiydi. Toʻqim ustidagi ayilga qoʻlimni suqib, ushlab olgach yoʻlga tushdik. Togʻ tepasidagi choʻpon oʻtoviga chiqib borganimizda qorongʻi tushgan yaylov gʻala-gʻovur – itlar akillar, eshaklar hangrar, otlar kishnar, tuyalar pishqirar edi. Choʻponlardan biri meni olib borgan kishidan kimligimni soʻradi.
– Raisning sagʻiri!.. – dedi u loʻnda qilib.
Ular meni sergoʻsht shoʻrva, non, choy bilan siylashdi. Qornim toʻygach, mudray boshladim.
– Uxlayver, saharda turgʻazaman, – dedi choʻpon meni oʻringa yotqizib, ogʻir kigiz poʻstiniga oʻrab qoʻyarkan...
– Hoy bola, namuncha qotib uxlaysan, tezroq tur!.. – yelkamdan turtdi kimdir. Choʻchib uygʻonib tashqariga chiqdim. Hali atrof qorongʻi, osmonda yulduzlar charaqlayapti.
– Xayr, yaxshi bor! – dedi birovi meni eshagimga koʻtarib mindirib qoʻygach, – keyin qoʻshib qoʻydi, – ayilidan mahkam ushla!
Shu payt toʻrt-besh choʻpon bir qoʻyni hay-haylab haydab, yaqinimga olib kelishdi.
– Hayda eshagingni! – dedi ulardan biri. Eshakni choʻqqidan pastga haydadim. Ipsiz qoʻy ham menga ergashdi. Atrof qorongʻi, oy ham botib ketgan. “Daradan boʻrimi, ayiqmi chiqib qolsa-ya. Yovvoyi choʻchqalar-chi? Ular odamni yorib tashlaydi-ku”, degan vahimali oʻydan dagʻ-dagʻ qaltirab, yum-yum yigʻlayman, eshak “pix-pix” qiladi. Qoʻy bechora mendan goh oʻn qadam, goh besh qadam orqada kelyapti. Buta, zirk, archa, zaranglarning ostidan oʻtayotganimda shoxlari kiyimimni ilib, yirtib yuboryapti. “Qoʻrqma! – deyman oʻzimga oʻzim, – ostingda eshaging, orqangda qoʻying bor! Biz uch ogʻa ini botirlarmiz!” Eshak gapimga tushungandek, olgʻa intiladi.
Hamon osmon toʻla yulduz!
Kutilmaganda eshak tagidan quyonmi, tulkimi potirlab, yugurib oʻtdi. Choʻchib ketgan eshak soylikka qarab qattiq sakradi. Men joyimdan otilib ketib eshakning boʻyniga oʻtirib qoldim. Yiqilmadim, chunki bir qoʻlim hamon ayilda edi. Urina-surina yana sirpanchiq toʻqim ustiga oʻtib oldim. “Ba-ba-ba!” – deb qoʻyni chaqirdim. U tovushimni eshitib, eshak yaqiniga keldi. Toʻsatdan yaqin orada boʻri uvilladi. Unga sheriklari qoʻshildi. Eshak qoʻrqib ketdi chogʻi xunuk hangradi. Yon choʻntagimda gugurt bor edi. Toʻxtatib, gugurt chaqdim. Yorugʻda qoʻyning koʻzi toʻlin oydek yaltiradi. “Boʻrilar kelsa, tushib oʻt yoqaman. Ular olovdan qoʻrqadi”, oʻyladim, oʻzimga dalda berib.
Shu xayollar bilan eshak ustida ancha oʻtirdim. Qoʻy ham yonimdan jilmadi. Biz uch ogʻa-ini botirlarmiz-ku! Bu ertakni menga opalarim aytib bergan. “Alpomish”, “Goʻroʻgʻli”ni ham. Men Goʻroʻgʻli, eshagim – Gʻirkoʻk-ku! Eh, ochofat boʻrilar, menga yaqinlashib koʻring-chi! Naq tumshugʻingizni... aslida tumshugʻini nima qilishni bilmasdim ham. Aftidan, men oʻzimni ovutardim. Xayriyat, boʻrilar kelmadi. Bu orada tong oqara boshladi. Biz yoʻlga tushdik. Soydan kechib oʻtib, yana Yetimtoqqa koʻtarildim. Qishloq qoʻy-qoʻzilarini choʻpon oʻsha kuni Yetimtoqqa haydagan.
Ertalab quyosh charaqlab oʻt-oʻlanlar ustidagi shabnamlarni qurita boshlagan paytda oʻsha – arqonsiz boʻlsa-da, meni tashlab ketmagan vafodor qoʻyni suruvdagi oʻz qoʻylarim qatoriga qoʻshdim. Shu kuni men oʻzimni ancha ulgʻayib qolgandek his qildim.
Oʻroq Saidov