Bobomning hiylasi
Voqeiy hikoya
Oyimning aytishlaricha, men kichikligimda juda shaddod va shoshqaloq qiz boʻlgan ekanman. Meni faqat bobom biroz tinchlantira olar, buning uchun menga sarguzashtlarga boy ertaklarni aytib berar ekanlar. Maktabga chiqqanimda ham oʻyinqaroqlikni qoʻymabman. Dadam va oyim meni qancha majburlasalar ham, mustaqil kitob oʻqimasdim. Kitob oʻqishdan koʻra, televizor koʻrish va mobil telefon oʻynash men uchun sevimli mashgʻulot edi.
Bir kuni bobom meni yonlariga chaqirdilar va “Bobomning ertaklari” nomli kitob sovgʻa qildilar. Kitobni biroz varaqladim va tezda zerikib, astagina javonga qoʻyaqoldim. Meni kuzatib turgan bobom kitob oʻqishga qiziqmasligimga yana bir bor guvoh boʻldilar.
Oradan ikki kun oʻtgach, bobom meni yana yonlariga chaqirdilar.
– Senga qiziqarli ertak aytib bersam, eshitasanmi, qizalogʻim?
– Albatta, bobojon!
Jon qulogʻim bilan ertak tinglay boshladim.
“Qadim zamonda olis bir qishloqda chol va kampir yashagan ekan. Ularning yakka-yu yagona oʻgʻillari boʻlgan ekan. Chol tinimsiz oʻtin keltirib sotar ekan-u, hech boyib ketmas ekan. Qozonlari atala-yu qotirmadan boshqa narsani koʻrmas ekan. Bir kuni chol-kampir maslahat qilishibdi va chol koʻp boylik ilinjida yoʻlga tushibdi. U yoʻl yuribdi, yoʻl yursa ham, moʻl yuribdi. Qorni ochib, safarga chiqishi oldidan kampiri yopib bergan nonni yemoqchi boʻlibdi. Ammo hali koʻp yoʻl bosishini oʻylab, nonni toʻyib hidlagach, yoʻlida davom etibdi.
Adogʻi yoʻq kenglikda uch bahaybat dev jon kuydirib ishlayotgan emish. Qoʻrqib ketgan chol tezda katta xarsangtosh orqasiga yashirinib, devlarni kuzatibdi. Bir dev loy qorib, pishitayotgan emish, ikkinchisi loydan paxsa devor urayotgan emish, uchinchisi esa paxsa devorni yeb ketayotgan emish.
Buni koʻrgan chol juda qoʻrqib ketibdi va yashashdan umidini uzibdi. Shunda devlardan biri: “Uff, odam isi kelyapti, odam isi kelyapti, uff”, – deb atrofga olazarak boqibdi. Devlar har tarafga chopib, ranglari oqarib, gʻujanak boʻlib olgan cholni topishibdi. Qoʻrquvdan dagʻ-dagʻ qaltirayotgan cholni koʻrgan devlar bir-birlariga afsuslangandek:
– Juda kichkina ekanmi? Bu mushtdek chol qornimizga urvoq ham boʻlmaydi-ku? – deyishibdi.
– Iltimos, meni yemanglar, qoʻyib yuboringlar. Uyda meni oilam kutib oʻtiribdi, rahm qilinglar, – yolvoribdi chol.
Shunda devlar cholga shunday shart qoʻyishibdi:
– Biz kecha-yu kunduz mehnat qilamiz, juda koʻp ovqat yeymiz, ammo hech qornimiz toʻymaydi. Agar bizning qornimizni toʻydirsang, senga omonlik beramiz, yoʻlingda ketaverasan...”
Voqea shu joyga yetganida bobom ertakni toʻxtatib, qolganini soʻzlab bermadilar. Menda uchun esa cholning devlarni qanday toʻydirganini bilish juda qiziq edi. Ertakning davomini soʻrab, bobomning hol-jonlariga qoʻymadim. Bobom esa koʻzlarini ayyorona qisgancha, ertakning davomi menga sovgʻa qilgan kitoblarida ekanligini aytdilar.
Men esa rosa besh kunda 56 betdan iborat ertak kitobni oʻqib chiqdim. Chunki boylik izlab ketgan cholning taqdiri va devlarning qorni qanday toʻyganligi haqidagi savollar menga tinchlik bermasdi. Kitobdagi barcha ertaklarni oʻqib chiqdim, afsuski, men davomini bilishga qiziqqan ertak bu kitobda yoʻq edi. Dono bobojonim meni kitob oʻqishga qiziqtirish maqsadida shunday yoʻl tutgan ekanlar. Bobom menga ertakning davomini aytib berdilar:
“Chol kampiri bergan bir dona nonni devlarning oldiga qoʻyibdi. Devlar endi nonga qoʻl uzatganda ularni toʻxtatibdi va soʻrabdi: – Toʻxtanglar, toʻxtanglar, nonga qoʻl uzatishdan oldin “Bismillohir rahmonir rohiym” deb aytdilaringmi?
Devlar bu chol bir narsani biladi, deb u oʻrgatgan soʻzlarni ixlos bilan aytishibdi soʻng nonga qoʻl choʻzishibdi. Buni qarang-ki, bittagina nondan bahaybat devlarning nafsi orom olibdi. Devlar choldan buning sirini soʻrashibdi. Chol, avvalo nafsni tiya bilish, oz narsaga ham qanoat qila olish kerakligini aytibdi. Keyin “Bismillohir rahmonir rohiym” kalimasida hikmat koʻpligini tushuntirib berib ozod boʻlibdi. Shundan soʻng chol boylik orttirish fikridan qaytib, uyiga, oilasi bagʻriga yoʻl olibdi.
Bobomdan ertakning davomini eshitib olgach, men ham oʻqib chiqqan ertaklarimni birma-bir soʻzlab berishga oshiqdim.
Har gal kitob varaqlaganimda, ana shu voqea esimga tushadi. Bobojonimning tutgan yoʻli meni kitoblar olamiga yoʻllaganidan, betakror bilimlar xazinasidan dur-u javohirlar tera olish yoʻlini koʻrsatganidan quvonib ketaman.
Malika QODIROVA,
Qashqadaryo viloyati Shahrisabz tumanidagi 45-maktab oʻquvchisi