Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Tadbirkor qargʻa

Har yili yangi yil arafasida intiq kutganimiz oppoq qor bu mavsum noyabr oʻrtasidayoq yogʻib berdi. Kutilmaganda boʻralab yogʻgan qor koʻpchilikni shoshirib qoʻydi. Ertasi kuni ertalab derazadan qor qoplagan hovlimizni zavq bilan tomosha qildim. Oqlikni, soflikni, toza havoni sogʻingan koʻnglim togʻdek koʻtarildi. Koʻzlarim qish manzarasiga tikilib toʻymasdi. Shu payt hovlining oshxona derazasiga yaqin boʻlgan qori kuralgan asfalt qismiga bir narsa taq etib tushdi. Nima ekan deb sinchiklab qarasam, yarimta yongʻoq boʻlagi ekan. Ha, birorta qushning ogʻzidan tushib ketgan boʻlsa kerak, deb yana hovlidagi qor qoplagan dov-daraxtlarni, deraza oldidagi oppoq bezangan archani kuzatishda davom etdim. Bir payt tim qora katta qargʻa hovlining yuqori qismidagi uyimiz tomiga kelib qoʻndi. Buncha qora boʻlmasa, deb oʻyladim unga hayrat bilan tikilib. Qargʻa atrofga bir-ikki qarab oldida, uchib kelib haligi – yongʻoq tushgan joydagi uzum soʻrisiga qoʻndi. Sinchkov koʻzlari bilan uyoq-buyoqqa tikildi. Xavf yoʻqligiga ishondi shekilli, yerga tushdi, tumshugʻi bilan yongʻoqni olib uchib ketdi. Qargʻaning aqlini qara-ya, dedim hayron qolgancha oʻzimga oʻzim va bir paytlar eshitganim yodimga tushdi: qargʻalar yongʻoqni chaqish uchun yerga tashlashar ekan.

Z.HASANOVA

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.