Hayot ustuni
Ikki kundan beri tinim bilmay yoqqan qor butun atrofni oqlikka toʻldirdi. Daraxtlar oppoq libos kiyib olgandek, barglar yerga toʻshalgan qalin oppoq gilam – bularning barchasi moʻjizaning oʻzginasi edi.
Ulugʻbek hovliga chiqib tizza boʻyi yoqqan qorni tomosha qilar ekan, uning xayolida dunyo faqat oq rangdan iboratdek, tabiatda zarra gʻubor yoʻqdek tuyuldi. Qoʻliga kurakni olib, tabiatning bu moʻjizasini buzgisi kelmas, shu goʻzallikni uzoq vaqt saqlanib qolishini istardi. Ammo hozir yoʻlakni kuramasa, uydagilarning yurishga qiynalishini oʻylab, bir tekis qilib kuray boshladi. Tushlikdan soʻng bolalar hovliga chiqib, miriqib qorboʻron oʻynashdi.
Kun gʻira-shira boʻlib, kech tusha boshladi. Ovqat mahali Nazira opa koʻcha tomonga qaragan oynaga tikilib, xavotirli ovoz bilan shunday dedi:
– Dadangdan haliyam darak yoʻgʻ-a-a-a. Tinchlikmikan, ishqilib?! Bu qalin qorda yoʻllarda yurish juda qiyin-da. Yoʻllar muzlab qolmasidan tezroq yetib kelsa, koʻnglim xotirjam boʻlardi-da...
– Xavotir olmang, onajon! Dadam hali zamon kelib qoladilar. Bunday paytda hattoki mashinalar ham yurishga qiynaladi. Dadam qorning shashtini koʻrib, mashinasiz ketgandilar. Balki, oʻtgan safargidek Qodir amakimnikida qolgandirlar, – Ulugʻbek shunday deb onasini tinchlantirishga harakat qildi.
Oradan chamasi ikki soat vaqt oʻtib hovlidan iti Yoʻlbarsning tinmay hurgani, ayvon eshigini tiqirlatib urayotgani eshitildi. Ulugʻbek itining bezovtaligidan hayron boʻlib tashqariga chiqdi. Yoʻlbars uni koʻrishi bilan kiyimidan tishlab, darvoza tomon tortqilay boshladi. Ulugʻbek allanechuk xavotir bilan uning ortidan ergashdi. Yoʻlbars sabrsizlik bilan oldinga yugurar, ortidan yetolmayotgan Ulugʻbekning yoniga qaytib kelar, yana betoqatlik bilan oldinga intilardi. Ular uydan uzoqroq – soy tomon yurishdi. Ulugʻbek soyning oʻng tomonida qalin qorning ichida kimningdir yuztuban yotganiga koʻzi tushdi-yu, yanayam tezroq yurishga harakat qildi. Yaqinlashib, ne koʻz bilan koʻrsinki, dadasi behush yotardi.
Nima qilishini bilmay qolgan Ulugʻbek bir muddat dovdirab qoldi. Keyin darhol diqqatini bir joyga jamlab koʻcha boshidagi shifokor qoʻshnisining uyi tomon yugurdi. Aksiga olib Nazir akaning uyi atrofi qop-qorongʻu ekan. Ulugʻbekning ichidagi qoʻrquvni bir tomondan yerda yotgan dadasining ahvoli, ikkinchi tomondan esa yonida qoʻriqchisidek ketayotgan Yoʻlbarsning borligi yengdi. U shasht bilan shifokor Nazir akaning darvozasini taqillatdi. Eshikdan istamaygina chiqqan Nazir akaga vaziyatni tushuntirdi. Ulugʻbekning gaplaridan sergak tortgan shifokor uyiga qaytib kirdi-da, qoʻlida yengil koʻrpa koʻtarganicha oʻgʻlini boshlab chiqdi. Ular tezlik bilan soyning yoniga borib, Jasur akani koʻrpaning ichiga avaylab solishdi-da, Nazir aka old, yigitlar orqa ikki tomondan koʻtarib olib, uyga qarab shoshib ketishdi.
Issiq uy va koʻrsatilgan birinchi tibbiy yordam natijasida Jasur aka tezda oʻziga keldi. Uning kulimsiragan yuziga qarab Nazir aka shunday dedi:
– Qoʻrqitib yubordingiz-ku, joʻra. Nimalar qilib yuribsiz-ey? Yaxshiyam, oʻgʻlingiz koʻrib qolibdi. Boʻlmasa qorongʻuda, bunday qalin qorning ichidan kim ham sizni payqardi?!
– E-e-e, nimasini aytasiz?! Qishloqning boshidan soygacha zoʻrgʻa keldim. Ishdan qaytgunimcha qor yana-da koʻpayibdi. Ana uyimning chirogʻi koʻrindi, hozir yetib olaman deganimda, oyogʻim sirpanib, boshim qattiq bir nimaga urilganini bilaman, qolgani esimda yoʻq. Rostdan ham oʻgʻlimni menga Xudoyimning oʻzi yetkazibdi... Xudo bir asradi.
Ulugʻbek shifokorni kuzatib qoʻygach darvoza tagida turgan Yoʻlbarsni mahkam quchoqlab oldi-da:
– Yaxshiyam sen bor ekansan! Boʻlmasaaa... – dedi chuqur xoʻrsinib.
Shifokor “Endi oʻzingizni koʻp urintirmang, kerakli dorilarni oʻz vaqtida iching”, degani uchun Nazir aka ishga bormay, bir hafta uyda qoldi.
Havo sovub ketganidan yoʻllar muzlagan, qorlarning erishi amri maholdek edi. Bunday havoda koʻpchilik kech tushishi bilan uy-uyiga kirib oʻtirishga oshiqadi.
Kun ancha kech boʻlib, yarim qishloq uyquga ketgan mahali Yoʻlbars yana vovullay boshladi. Uning ovozi goh uzoqdan, goh yaqindan eshitilardi. Ulugʻbek uning ovozidagi bezovtalikni sezib, darhol tashqariga chiqdi. Qarasa, Yoʻlbars juda tezlik bilan ogʻilxona tomon yugurar, soʻng yana ortiga qaytib dahliz eshigi oldiga kelib vovillardi-da, yana ogʻilxonaga intilardi. Ulugʻbek biroz ikkilanish bilan u tomon yurarkan, ortidan Jasur aka ham chiqdi. Yoʻlbars biroz tinchlanib, ularga qoʻshilib ogʻilxonaga kirdi. Avvaliga Jasur akaning ham, Ulugʻbekning ham hech nimaga koʻzi tushmadi. Ammo, Yoʻlbars ogʻilxonaning burchagida baland qilib qoʻyilgan somon uyumining oldiga borib oyoqlarini uzatib, qattiq hura boshladi. Shu payt tushunarsiz ovoz chiqarib, bir sharpa koʻrindi. Jasur aka qoʻlidagi chiroqni u tomonga tutdi. Qarasa, qishloqning eng uddaburon oʻgʻrisi – Jamshid. Qishloqda kimning nimasidir yoʻqolsa, birinchi boʻlib shundan gumon qilishadi. Ammo doimo ishini puxta qilganidanmi, hech qoʻlga tushmas va uning oʻgʻriligini hech kim isbot qilib bera olmas edi. Jasur aka Jamshidga oʻtkir nigohlarini qadab, jahl bilan shunday dedi:
– Shuncha bolaning rizqini qirqib, oʻgʻirlik qilib topgan puling senga buyurarmidi, koʻrnamak?! Axir, bu sigir faqatgina mening emas, qoʻshnilarimning bolalarini ham qornini toʻydiryapti-ku. Uyat, uyat senga. Ichkilik seni butkul adoyi tamom qilibdi. Odamgarchilikdan ham chiqib ketibsan-ku. Qani, tez-da yoʻqol bu yerdan!
– Sizda ishim bor edi, meni notoʻgʻri tushundingiz. Kuchugingiz tashlanib qolgani uchun shu yerga bekinib oʻtirgandim, – deya zoʻrgʻa gʻoʻldiradi Jamshid.
Oradan ikki kun oʻtib Yoʻlbarsning ovozi chiqmay qoldi. Ulugʻbek uni qidirib-qidirib hovlining burchagidan topdi. Yoʻlbarsning yotganini koʻrib, avvaliga uni dam olyapti, deb oʻyladi. Boshini silab, oldiga ovqat qoʻydi. Ammo Yoʻlbars jim yotardi. Ulugʻbek qarasa, kuchugi behush, lekin hali tirik. Yuragi allanechuk boʻlib, koʻzi yoshga toʻldi-da, dadasi tomon yugurdi. Jasur aka Yoʻlbarsni yoniga kelib ogʻzini ochib koʻrar ekan:
– Ertalab uyimiz atrofida Jamshidni koʻrib, koʻnglim nimagadir gʻash boʻlgandi-ya. Demak, Yoʻlbarsni u zaharlagan. Hozir amakingga qoʻngʻiroq qilib, zaharning kuchini kesadigan dorini soʻraymiz. U bunday ishlarni juda yaxshi biladi, – dedi.
Jasur aka bilan Ulugʻbek Qodir amaki aytgan muolajalarini tezlik bilan bajarishdi. Shahardan qaytayotgan Ulugʻbekning sinfdoshi Farhod aytilgan dorilarni ham yetkazib keldi. U Yoʻlbarsning ahvolini koʻrib:
– Esiz, esiz... Ayrim odamlar judayam shafqatsiz-da... Meniyam shunday kuchugim bor edi. Xuddi Yoʻlbarsdek ziyrak, sezgir, dovyurak edi. Uni koʻp qoʻmsayman, – dedi.
– Sening kuchugingni ham zaharlab ketishganmi?! – hayron boʻlib soʻradi Ulugʻbek.
– Yoʻoʻoʻoʻq, hech kim zaharlamagan. Bir kuni oʻz-oʻzidan yoʻqolib qoldi. Hech qayerdan topolmadim. Oʻshanda onam menga: “Garchi ogʻir boʻlsa ham senga aytaman. Endi kuchugimiz aslo qaytib kelmaydi. Dadang bilan ikkimizning: “Biz sendan rozimiz, Sen ham bizga qilgan xizmatlaringga rozi boʻlgin!” – degan soʻzlarimizni eshitgach, uydan chiqib ketdi. Kuchuklar oʻz egalariga doimo sadoqat bilan xizmat qilishadi. Vaqt oʻtib, qarib, bu dunyoni tark etish vaqti yetganida esa oʻlik tanasini hech kim koʻrmasligi uchun uzoq-uzoqlarga ketib qolishadi. Bunday magʻrurlikni hamma jonivorda, hattoki ayrim odamlarda ham uchratish mushkuldir”, – deb aytdilar. Men esa kutilmagan bu gapdan gangib, kuchugimning bir kun oldin odatdagidan boshqacha, avvallari hech eshitmagan ohangda gʻingshib, atrofimda tinmay aylanganini esladim. U mendan ham rozilik soʻragan ekan. Afsuski, men kuchuklarning bu qadar sezgirligini, hattoki, oʻlimi yaqinligini-da seza olishini bilmagan ekanman, – dedi Farhod ogʻir xoʻrsinib.
Ulugʻbekning tuni bilan mijja qoqmay qilgan parvarishi sabab uch kun oʻtib Yoʻlbars oʻzi yurib, bemalol ovqat yeya boshladi. Ulugʻbek ukalari bilan singillarini hovli yuzidagi oppoq qorga dumalatib oʻynatdi. Yoʻlbars ham xursandligidan ularning atrofida tinmay aylanib, sakradi...
Hovli yuzi qarindoshlar bilan toʻldi. Bolalar qiyqirib, baqirib Yangi yilni kutib olishdi. Ulugʻbek kuchugini mahkam quchoqlab oldi-da:
– Oʻzimning Yoʻlbarsim! Oʻtgan yili Yangi yil kirib kelganida sen bilan “Hech kim betob boʻlmasin! Hammamiz sogʻ-omon boʻlaylik! Qatorimizda xato boʻlmasin!” – deb chin dildan niyat qilgandik. Shukrki, turli sinovlarga qaramay, niyatimiz roʻyobga chiqdi – hammamiz salomatmiz!
Kel, kirib kelgan Yangi yilda barchamizga omonlik, tani sihatlik tilash bilan birgalikda ayrim odamlarning yuragidagi hasad havas bilan oʻrin almashishini, oʻgʻrilik toʻgʻrilik sari qadam bosishini, adovat mehr-oqibatga, dilozorlik bagʻrikenglikka yoʻl berishini, yovuzlik ezgulikka yengilishini, har bir kunimiz nurga, yorugʻlikka toʻlishini sidqidildan niyat qilaylik. Zero, hayotimiz ustuni faqatgina yaxshilik va ezgulik bilangina mustahkam boʻla oladi...
Nilufar JABBOROVA