Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Ona

Ertalab barvaqt uygʻonib, yuz-qoʻlimni yuvgach, atrofga razm solaman. Men bilan baravar uyqudan turgan akam, ukam, singlim oʻz yumushlari bilan band. Bir vaqt ombordan oʻrtancha akamning ovozi eshitildi:

– Oyi, mening sumkam qani? Ichkarida esa ukam xarxasha qilyapti:

– Oyim qani?

Aslida har kuni shu ahvol, ukam uyqudan turgach arang kiyintirib olaman. U boʻlsa bunga unamasdan onamni chaqiraveradi. Onam esa:

– Hozir, – deya uyga kirib, ukamni kiyintirib chiqayotganda, darvoza tomondan dadam keldi-da, onamga yuzlanib:

– Onasi, mashina kalitini uzatib yubor, – dedi. Onam yana:

– Hozir, – dedi-da, ichkariga qaytib kalitni olib chiqdi. Xuddi shu payt hovlidan katta akam:

– Oyi, sigirni sogʻamizmi? – deb qoldi. Oyim yana, “Hozir”, dedi-yu, chelak koʻtarib, molxona tomon yurdi. Bu orada singlim oshxonadan choy damlab chiqdi.

– Oyi, choy ichamizmi?

Yana onamning, “Hozir”, degan xotirjam ovozi eshitildi.

Shu topda onam qanday qilib, hamma ishga ulguryapti ekan, deya oʻylanib qoldim. Biz bolalar esa hali piyoladagi choyini ichib ulgurmagan onamizni ishga undashda davom etaveramiz:

– Oyi, sochimni oʻrib qoʻying.

– Oyi, poyabzalimning bogʻichini bogʻlolmayapman.

Bir vaqtning ichida shuncha ish. Shunday boʻlsa-da oyimning, hech qashon jahli chiqmaydi, norozi boʻlmaydi, qovogʻini uymaydi, charchamaydi. Hammamizni ishga, maktabga, bogʻchaga kuzatadi-da, yana oʻz yumushlari, hayot va roʻzgʻor tashvishlari bilan band boʻladi.

Bejiz aytishmas ekan-da, “Jannat onalar oyogʻi ostidadir”, deb. Shu boisdan onamizsiz hayotimizni tasavvur ham qilolmaymiz. Ilohim, onamiz keksaygan chogʻida biz ham ularga shunday mehr koʻrsata olaylik.

 

Xatiraxon TURSUNBOYEVA,

Andijon viloyati Boʻston tumanidagi

10-maktab oʻquvchisi

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.