Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Buvimning sovgʻasi

Mixail Zoshchenko

Rus yozuvchisi Mixail Mixaylovich Zoshchenko 1894-yil 10-avgustda Sank-Peterburgda tavallud topgan. Birinchi va ikkinchi jahon urushi qatnashchisi. Zoshchenko ijod bilan birgalikda etikdoʻzlik, quyonchilik va parrandachilik bilan ham shugʻullangan. M. Zoshchenko 8 yoshidan boshlab sheʼr va hikoyalar yoza boshlagan. Yozuvchining oilasidagi qiyinchilik uning koʻplab hikoyalar yozishiga turtki boʻlgan. Uning 1907-yil 13 yoshida yozgan “Palto”, keyinchalik esa ijodidan muhim oʻrin olgan Rojdestvo daraxti”, “Ahmoq tarix”, “Buyuk sayohatchilar” nomli hikoyalarida ham buning isbotini koʻrishingiz mumkin.

Mixail Zoshchenko 1958-yil 22-iyul kuni dunyodan koʻz yumdi.

 

Hammasi Lelyaning buvisi shirinlik olib kelgan kundan boshlandi. Lelyaga bu kamdek tuyuldi shekilli,”Boshqa hech narsa olib kelmadingizmi?” – deb soʻradi. Bundan jahli chiqqan buvisi qizaloqni sovgʻadan, yangi tangalardan mahrum qildi. Hamma tangalar Minkaga tegdi. Quyida bu borada yaqinlariga nisbatan nechogʻlik adolatli boʻlish kerakligi haqida oʻqiymiz.

 

Buvim meni juda yaxshi koʻradi. Har oy uyimizga kelib, bizga oʻyinchoqlar sovgʻa qiladi. Yana bir savat pishiriq olib keladi-da, oʻzimga yoqqanini tanlashimni aytadi.

Buvim nimagadir opam Lelyani yoqtirmas, unga tanlashga ruxsat bermasdi. Savatdan qoʻliga ilinganini opamga tutqazardi. Shunday paytda Lelya opam nimagadir buvimga emas, menga jahl qilardi.

Yoqimli yoz kunlarining birida buvim dala hovlimizga shoshilib kirib keldi. Biz uni bogʻimizda kutib oldik. Buvimning bir qoʻlida pishiriq toʻldirilgan savat, ikkinchisida esa hamyon bor edi. Bu safar pishiriqdan tashqari buvim bizga hech narsa olib kelmaganini koʻrdik. Lelya opam buvimdan sabrsizlik bilan:

– Buvijon, bugun faqat pishiriq olib keldingizmi?! – deb hovliqib soʻradi.

Bu gap buvimga yoqmadi.

– Olib keldim! Ammo men uni uyalmasdan shartta sovgʻa soʻragan tarbiyasiz qizga bermayman. Sovgʻa odobli, oʻzining bosiqligi, sipoligi bilan boshqalardan ajralib turgan yoqimtoyim – Minkaga beriladi.

Buvim shunday deb qoʻlimni uzatishimni soʻradi va kaftimga oʻn dona oʻn tiyinlik tanga tashladi. Men kaftimdagi yaraqlab turgan yap-yangi tangalarga angʻayib qarab qoldim. Opam Lelya ham tangalarga jimgina tikilar, biroq koʻzlarida isyonkor oʻt chaqnardi. Buvim meni yana biroz erkalatgach, choy ichishga ketdi. Kutilmaganda Lelya opam tangali qoʻlim ostiga shunday kuch bilan urdiki, kaftimdagi tangalar maysalar ustiga, tuproqqa sochilib ketdi. Men qattiq arillab yigʻladim. Ovozimdan xavotirlangan buvim, dadam, onam bir zumda yetib kelishib, tangalarni qidirishga tushib ketishdi.

– Koʻrdingizmi, Lelyaga bitta ham tanga bermay toʻgʻri qilgan ekanmanmi? Qarang uning baxilligini. Menda boʻlmasa, boshqalarda ham boʻlmasin, deganida bu! Aytmoq-chi, u ichi qoraning oʻzi qayerda qoldi?

Bu paytda Lelya opam dashnomlardan qochib, daraxtga chiqib olgan edi. U tepadan turib olib tilini chiqarar, meni va buvimni masxara qilardi. Shu payt mahallamizdagi Pavlik Lelya opamni koʻrib qolib, uni pastga tushirish uchun rogatkadan tosh otmoqchi boʻldi. Ammo buvim bunga yoʻl qoʻymadi. Chunki opam yiqilib, oyogʻini sindirishi mumkin edi-da. Buvim Pavlikning rogatkasini olib qoʻymoqchi boʻlgan edi, u jahl bilan buvimga rogatkadan tosh otdi. Shunda buvim ogʻrinib opamga qaradi-da:

– Mana endi xursandmisan? Seni deb buvingga rogatkadan tosh otishdi. Endi men bunday koʻngilsiz voqealar boʻlmasligi uchun uyingizga boshqa kelmayman. Yaxshisi, yoqimtoyim – Minkani oldimga olib boring. Men unga sovgʻalar beraman, – dedi. Dadam buvimning gaplaridan oʻylanib qoldi-da:

– Yaxshi. Shunday qilamiz. Ammo, onajon, siz hadeb Minkani maqtayvermang! Albatta, Lelya notoʻgʻri ish qildi, – dedi-da, soʻng menga qarab: – Dunyodagi eng yaxshi bola – bu opasidan hech narsasini qizgʻanmaydigan boladir. Agar shunday boʻlmaganida opasi achchiqlanib, hasad qilishiga sabab boʻlmasdi... – dedi.

Hamma gapni eshitib turgan Lelya opam daraxt tepasidan turib:

– Eng yaxshi buvi – hammaga birdek mehribon boʻlgan buvidir, – dedi.

Bu gapdan keyin buvim bogʻda qolishni istamadi va ota-onam bilan ayvonga qaytdi.

– Lelya opa, daraxtdan tushing! Men sizga ikkita tanga beraman, – dedim.

Opam daraxtdan tushgandan keyin unga ikkita tangamni berdim. Qilgan ishimdan xursand boʻlib, ayvonga yugurib borib, oʻtirganlarga opamga oʻz tangamni berganimni aytdim. Shunda buvim menga:

– Sen dunyodagi eng yaxshi bolasan, – dedi. Bu gapdan oyim ham juda xursand boʻldi. Faqat dadam:

– Yoʻq, dunyodagi eng yaxshi bola – hammaga yaxshilik qiladigan va u haqida gapirib, maqtanmaydigan boladir, – dedi.

Men ortimga qaytib, opamni topdim. Unga yana bitta tanga berdim va bu haqida kattalarga hech narsa demadim. Lelya opam yoʻqolgan tangani ham topib oldi. Endi unda jami toʻrt tanga boʻldi. Opam bu pullarga muzqaymoq sotib oldi. Ammo kechqurun koʻp muzqaymoq yeganidan oshqozoni ogʻridi va bir hafta davomida yotoqda yotdi...

Bu voqeadan soʻng oradan ancha yillar oʻtdi. Men shu kungacha dadamning soʻzlarini yodimda saqlab, koʻproq yaxshilik qilishga va hech qachon minnat qilmaslikka – yaxshi inson boʻlishga intildim. Bu istak esa koʻnglimni doimo yoritib turadi.

 

Rus tilidan Shahrizoda SANAQULOVA tarjimasi

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.