Shippak
Firdavs aslida yomon bola emas. Biroq sal dangasaroq yoki uyquchiroq. Darsga doim kech qoladi. U hozir ikkinchi sinfda oʻqiydi. Ammo hanuzgacha biror marta ertalab uyqudan oʻzi uygʻonmagan. Har kuni ertalab oyisi xonasiga kirib:
– Firdavs, boʻlaqol oʻgʻlim, tong otdi, maktabingga kech qolma, – deydi. Firdavs esa:
– Xoʻp, hozir, – deydi-yu, aqalli boshidagi koʻrpani ochmaydi. Keyin buvisi chaqiradi:
– Firdavs, turaqol toychogʻim, Malika allaqachon kiyinib boʻldi. Tagʻin sinfga ustozingdan ham keyin kirib borma, uyat boʻladi.
– Hoʻp buvi, hozir, – deydi Firdavs tumba ustidagi soatga koʻz tashlab. – Yana oʻn daqiqa yotay, keyin turaman.
– Boʻpti, boshqa chaqirmayman, senga ishondim, – deydi buvisi, ortiga qaytarkan. Shundan keyin Firdavs sekin oʻrnidan qoʻzgʻala boshlaydi. Ammo kecha ukasi bilan ketka oʻynab kech uxlagani uchunmi, oʻn daqiqa oʻtsa ham turolmadi. Birdan eshik tagida adasining ovozi momaqaldiroqday yangradi. Ana shunda Firdavsning koʻzi moshday ochildi-yu oʻrnidan sakrab turdi. Apil-tapil maktab kiyimlarini kiyib vannaxonaga yugurdi. U yerda sochini hoʻllab sal-pal tarab ham oldi. Dasturxon yoniga kelganda Rustam amakisining qizi Malika nonushtani tugatib, oʻrnidan turayotgan edi. Ular sinfdosh, maktabga uning dadasining mashinasida borishadi.
– Aka, kecha ustoz, “Hamma narsani ham chegarasi bor. Agar yana kech qolsangiz sinfga kiritmayman”, – deganlari esingdami?! Tezroq boʻl, yana seni deb gap eshitgim kelmayapti, – dedi Malika.
– Boʻpti, oʻchir, chaqmachaqar. Gapirmagan sen qoluvding, – baqirdi u Malikaning orqasidan. Firdavs dasturxondan non olib saryogʻ surtdi-da, lunjini toʻldirib chaynadi.
– Boʻlaqol, amaking ishga kech qolmasin, – shoshirdi oyisi oʻgʻliga quyilgan shirin choyni piyoladan piyolaga shopirarkan.
– Xoʻp, boʻldim, – Firdavs nonni yarmini dasturxonga qoʻyib piyolani qoʻliga oldi.
– Xontaxta chetidagi buterbrod senga, papkangga solib ol, men ukangga qaray, yigʻlab qoldi, – Aziza opa shoshib oshxonadan chiqdi. Shuni kutib turgandek tashqaridan amakisining ovozi eshitildi:
– Firdavs, ketdikmi?..
– Ha, ketyapman. – Firdavs yoʻl-yoʻlakay papkasini orqasiga ilgancha mashinaga qarab yugurdi. Amakisi mashina eshigini ochib turgan ekan, lip etib chiqib oldi Oʻziga oʻqrayib qarab turgan Malikaga tilini chiqardi...
– Xayriyat, – dedi buvisi. – Bugun sal barvaqtroq ketishdi, Xudo xohlasa, darsga vaqtida ulgurishadi.
– Namuncha, bola boyaqishni shoshirasizlar, bir burda nonini ham oxirigacha yeyolmadi. I-ye, qara, buterbrodi ham qolib ketibdi-ku, endi aniq och qoladi, – jahli chiqdi Ravshan buvaning...
– Boʻpti, tezroq tushinglar, ikki daqiqadan soʻng qoʻngʻiroq chalinadi, – mashinani maktab darvozasining naq tumshugʻida toʻxtatdi Rustam aka. – Oh-ho, yomgʻir kuchayibdi-ku, kurtkangizni qalpogʻini kiyib oling. Darvoqe, bugun sizlarni dodangiz olib ketadi, meni ishim bor, – Rustam aka bolalar tushishi bilan mashinasiga gaz berdi. Shu choq qoʻngʻiroq chalindi.
– Voy, aka, – darvozadan oʻtishlari bilan baqirib yubordi Malika.
– E, namuncha baqirding?! Qoʻrqib ketdim-ku, – taqqa toʻxtadi Firdavs.
– Qara, oyogʻingga qara, etigingni kiymabsan.
– Nima kiyibman?! – Firdavs shosha-pisha oyogʻiga qaradi. Ne koʻz bilan koʻrsin-ki, oyogʻida hovlida sudraydigan yengilgina shippak. Shoshilinchda uni almashtirish esidan chiqib qolibdi. U bir oyogʻiga, bir shovullab yogʻayotgan yomgʻirga qarab qoldi. Eti junjikdi. Aksiga olib amakisi ham ketib boʻlibdi. Firdavs mungʻayib Malikaga qaradi:
Sen kiraver, kech qolma tagʻin.
– Sen-chi? – ikkilandi Malika.
– Men... Malika, sen dodamga qoʻngʻiroq qil, etigimni olib kelsinlar. Ungacha shu yerda turaveraman. Shippakda kirsam bolalarga kulgi boʻlaman-ku!
Malika noiloj akasini qoldirib, sinfga yugurdi. Firdavs yuziga oqib tushayotgan muzday tomchilarni sidirib, asta qorovulxona tomon yurdi. Qoʻngʻiroq esa, “Qalaysan, uyqu-chi?!” deganday choʻzib-choʻzib jiringlardi.
Muhabbat Hamidova