Aqlli sichqoncha
Yaqin oʻtgan zamonda, bilmam qaysi tomonda, ahil bir xonadonda kompyuter bilan sichqoncha juda inoq yashashar ekan. Ammo qahramonimiz boshqalarga oʻxshamagani uchun baʼzan xafa boʻlib qolarkan.
– Nega men boshqa sichqonchalarga oʻxshamayman, Kompyuterjon? Men ham mazza qilib sakrashni, shiringina pishloqni yeyishni xohlayman.
– Chunki sen aqlli sichqonchasan! – debdi kompyuter uning boshini silab.
– Aqlli boʻlgim kelmayapti. Men sichqoncha Jerriga oʻxshasam deyman! Mushukcha Tomning adabini beradigan mittivoy bor-ku.
Uning xafaligini koʻrib turgan kompyuter yordam bermoqchi boʻlibdi:
– Istasang orzungni roʻyobga chiqaraman. Axir, menda sehrli dasturlar ham bor-ku!
Kompyuter soniyalar ichida sichqonchani Jerriga oʻxshatib qoʻyibdi.
– Ana, boʻldi... Bor, bir mazza qilgin! Faqat unutma, dastur ikki soatga moʻljallangan.
– Namuncha tez! Istamayman!
– Men kompyuterman, doʻstim, sehrgar emasman. Ha, aytgancha, Baroqvoydan ehtiyot boʻl!
Sichqoncha stoldan sakrab tushib raqsga tusha ketibdi. Umbaloq oshib yayrabdi. Soʻng pishloq qidirishga tushibdi. Qarasa, burchakda tagi taxtachali chiroyli temir ilgakda bir boʻlak pishloq turgan ekan.
– Qoyil!
Yugurib borib mazali yegulikka tashlanibdi. Ammo uni olishga ulgurmabdi. Uzoqdan koʻziga chiroyli koʻringan temir qoʻrqinchli ovoz chiqarib ustiga tusha boshlabdi. Kompyuter baqirib ogohlantirmaganida, belidan “gʻarch” qisib qolar ekan. Bechora sichqoncha arang qochib qolibdi.
– Tavba! Jerri qanday qilib pishloq topadi? Kompyuter qoʻyib bergan multfilmda bari boshqacha edi-ku!
Och qorin bilan sakrab boʻlmas ekan, tezda charchabdi. Kompyuterdan avvalgi holiga qaytarishni soʻramoqchi boʻlib turganida uni koʻrib qolgan Baroqvoy rosa quvlabdi.
Kompyuter qarasa, ahvol chatoq, stolga arang chiqib olgan sichqonchani shosha-pisha avvalgi holiga qaytaribdi. Hayron qolgan Baroqvoy esa uni bir-ikki hidlab “miyov”, deb ketib qolibdi.
– Yashasin! Men yana aqlli sichqonchaman, – deb sevingan mittivoy doʻsti komyuterga rahmat aytibdi.
Qissadan hissa shuki, tekin pishloq faqat multfilmda boʻladi. Ana shunaqa!!!
Muazzam Ibrohimova