Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Yushka

Andrey Platonov

Qadrli oʻquvchilar, minglab tomoshabinlar qalbidan joy olgan “Finist sarlochin” filmini qayta-qayta tomosha qilgansiz. Ana shu ajoyib asar muallifi rus adabiyotining yirik namoyandasi, taniqli yozuvchi va shoir, dramaturg Andrey Platonov boʻladi. Adib 1899-yilda Voronej shahrida temiryoʻlchi oilasida tugʻilgan. U oʻn bir farzandning toʻngʻichi sifatida otasining yaqin yordamchisi boʻlgan. Oʻn toʻqqiz yoshidan turli gazeta va jurnallarda oʻz ijod namunalari bilan qatnashib turgan. Hayotning past-u baland qiyinchiliklari, 1918-yildagi grajdanlar urushi, tugʻilgan yurtini vayron qilgan Ikkinchi jahon urushining mislsiz mashaqqatlari yosh Andreyning qalbida bitmas jarohatlar qoldirgan va ular yillar davomida hikoya, sheʼr, qissa, pyesa, ertaklar shaklida u yozgan kitoblarda oʻz aksini topgan. Bugun eʼtiboringizga adibning “Yushka” nomli hikoyasini havola etmoqdamiz. Oʻylaymizki, hikoyadagi voqealar sizning hayot va undagi munosabatlar haqidagi tasavvuringizni boyitadi.


 

Ancha yillar avval koʻchamizda gʻalati bir kishi yashagan ekan. U Moskva yoʻlidagi ustaxonada temirchiga dastyorlik qilar ekan. Uning koʻzlari xira, qoʻllari nimjon va ozgʻin boʻlishiga qaramay usta peshma-pesh suv, qum va koʻmir tashib berar, oʻchoqdagi olovni puflab yondirishga koʻmaklashar, sandonni aylantirish uchun otni dastgoh yoniga yetaklab kelardi. Xullas, ustaning yonida turib nimaiki ish boʻlsa, kuchi yetgancha hammasini bajarardi, deyishadi uni bilganlar. Garchi uning ismi Yefim boʻlsa-da, atrofdagilar negadir Yushka deb chaqirishardi. Yushka past boʻyli, ozgʻin boʻlib, ajin bosgan yuzining u yer-bu yerida oq tolalar bor edi. Koʻz pardalari esa xuddi soʻqirlarnikidek oppoq boʻlib, ular hamisha yoshga toʻlib turardi. Yushka temirchining uyida kichkinagina xonada yashardi. U tongda ustaxonaga borar, kechqurun uxlash uchun xonasiga qaytardi. Xoʻjayin uni ishlatgani evaziga non va boʻtqa bilan boqardi. Yushkaning yupungina qirqyamoq kiyimlaridan boʻlak hech vaqosi yoʻq edi. Choy, qand va kiyimboshni oylik maoshidan olishi kerak edi. Biroq Yushka choy oʻrniga suv ichardi. Qand ham sotib olmasdi. Egnidagi yirtiq-yamoq kiyimlarini esa koʻp yillardan beri kiyib yurardi. Uniqib ketgan shimining ilma-teshiklaridan Yushkaning oyoqlari koʻrinib turardi. Qishning sovuq kunlarida yaktagining ustida otasidan qolgan kalta poʻstin, oyogʻida har yili chok-chokidan soʻkilib-tikilaverib charchagan kigiz etik boʻlardi. Har tong ustaxonaga yoʻl olgan Yushkani koʻrgan qariyalar “Ana Yushka ishga ketyapti” deb farzandlari va nabiralarini uygʻotardilar. Kechqurun Yushka ishini tamomlab, uyga qaytayotganini koʻrganlar yana: “Kechki ovqat vaqti boʻlibdi, ana Yushka uxlashga kirib ketdi”, – deyishardi. Koʻchada oʻynayotgan bolalar va oʻsmirlar alahsiragandek oʻz-oʻziga gapirib ketayotgan Yushkaga koʻzlari tushgan zahoti oʻyinlarini toʻxtatib: “Ana Yushka ketyapti”, – deb baqirgancha qoʻllariga ilingan choʻpmi, toshmi, bir siqim tuproqmi, uning ortidan otib: “Sen rostdan ham Yushkamisan?!” – deb qichqirishardi. Qariya Yushka bolalarga hech nima demay, ulardan xafa boʻlmay, oʻsha-oʻsha – xuddi avvalgidek, yuzlarini ham toʻsmay yoʻlida davom etardi. Bolalar qitmirliklarini qoʻymay uni kalaka qilar, turtib-surtib jigʻiga tegishga urinishardi. Lekin Yushka boshqalarga oʻxshab adi-badi aytishib oʻtirmasdi, parvo qilmay ketaverardi. “Tirikmisan oʻzi, Yushka?” – deyishardi bolalar uni qayta-qayta turtib koʻrib. Chunki ular Yushkaning beparvoligiga hayron qolishardi. Rost-da, yoʻldan oʻtayotgan biror kimsaga bir ogʻiz gapirib koʻr-chi, nima qilar ekan? Bolalar Yushka boshqalarga oʻxshamagani uchun ham hayron qolishardi va “Rostdan ham Yushka oʻzi tirikmi? Tirik boʻlsa, nima uchun urib-turtsak ham miq etmaydi?”, – deb uni qoʻllari bilan ushlab koʻrishardi. Uning tirik va tetikligiga qarab gʻashiga tegishda davom etishar uni jahli chiqib baqirishini kutishardi. Biroq Yushka, beparvo ketaverardi. Shunday paytlarda koʻchada yurib zerikkan, Yushka bilan oʻynashishni istagan bolalar uni yanada qattiqroq turtib qochishardi. Va nihoyat, Yushka tilga kirib: “Qadrdonlarim, kichkintoylarim meni yaxshi koʻrasizlarmi? Iltimos, menga tegmanglar, koʻzimga tuproq kirdi, hech narsani koʻrmayapman”, – derdi. Bolalar uni eshitishmasdi, tushunishmasdi, unga qitmirlik qilishda davom etishardi. Yushka, bolalar meni oʻzlari bilmagan holda yaxshi koʻrishadi, – derdi oʻziga oʻzi. Uyda esa bolalarning ota-onalari ular yomon oʻqishsa yoki gapga quloq solishmasa: “Katta boʻlsang xuddi Yushkadek yozda oyoqyalang, qishda yupqa kigiz piyma kiyib yurasan. Hamma sening ustingdan kulib masxara qiladi, hech qachon shirin choy ichmaysan, suv ichib yuraverasan”, – deb taʼna qilishardi.

Baʼzan hatto katta odamlar ham bir narsadan xafa boʻlsalar yoki mast paytlarida oldilaridan Yushka chiqib qolsa: “Ey devona, beoʻxshov, sen nega buncha xotirjamsan, bu yerda nima qilib yuribsan? Nima, seni shoxing bormi?” – deb alamlarini undan olardilar. Shunday paytlarda Yushka asta toʻxtab, mutlaqo xotirjam qiyofada haligi alamzadaga qarab: “Hayvonga oʻxshab pishqirmasdan, menga oʻxshab oddiygina, toʻgʻri yasha. Qanday oʻylasang, shunday gapir. Aksincha boʻlsa, oʻzingga qiyin... ketaver!” Bu gaplardan keyin haligi odamning gʻazabi qaynab, “Sen menga aql oʻrgatyapsanmi?” – deb Yushkani doʻpposlab ketdi. Bu voqeadan soʻng behol Yushka ancha payt tuproqqa belanib yerda yotardi. Soʻng biroz oʻziga kelgach, oʻrnidan turib uyiga yoʻl olardi yoki temirchi ustaning qizi Dasha kelib uni olib ketardi va:

– Bundan koʻra oʻlib ketganing yaxshi edi Yushka, oʻzi bu dunyoda nima uchun yashayapsan? – derdi bu ish unga malol kelayotganini aytib. Yushka qizga hayron boʻlib qarardi.

– Bu dunyoga yashash uchun kelgan boʻlsam, nima uchun oʻlishim kerak?! Bu hayotda bormanmi, demak yashashim kerak, otangga ustaxona ishlarida yordam berishim kerak, – derdi Yushka.

– Oʻrningga boshqasi topilardi, – derdi qiz.

– Dasha, meni xalq yaxshi koʻradi.

– Hozir chakkang qonayapti. Oʻtgan hafta sal boʻlmasa qulogʻingni uzib olay deyishdi oʻsha odamlar. Sen boʻlsa xalq meni yaxshi koʻradi deysan, – jahli chiqdi Dashaning.

– Odamlar meni oʻzlari anglamagan holda yaxshi koʻradilar. Chunki ularning qalb koʻzlari soʻqir. Lekin ularning koʻzlari tubida nur bor.

 

Rus tilidan Zahro HASANOVA tarjimasi.

(Davomi kelgusi sonda)

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.