Zukko Murodjon
– Oyijon, bugun ota-onalar majlisi, borasiz-a, – oila aʼzolari dasturxon atrofida jamuljam oʻtirishganida eslatdi Murodjon.
– Yana-mi?! Ustozing hadeb majlis qilaverar ekan-da, – norozi ohangda dedi Sevara opa.
– Avvalgi chorak yakunidagi majlisga ham hech kim bormagan.
– Dadang boradi.
– E, yoʻq, oʻzing boraver, meni vaqtim yoʻq, koʻryapsan-ku erta-yu kech ishdaman axir, – otasi yuziga fotiha tortib, oʻrnidan turdi.
Ertasi kuni ustozi majlisga uch-toʻrt nafar oʻquvchining ota-onasi kelmaganini eslatib oʻtdi.
– Murodjon, sendan shikoyatim yoʻq, ammo ota-onang yana kelmadi, kutgandim, ularga alohida rahmat aytmoqchi edim, afsus, – dedi sinf rahbari ranjib.
Murodjon indamadi, chunki nima deb javob berishni bilmasdi.
Bir kuni onasi otasiga:
– Eshitdingizmi, qoʻshni dugonam bor-ku, Laylo, oʻshaning qizini oʻqituvchisi uribdi. Laylo shu zahotiyoq maktabga borib, oʻsha oʻqituvchini tavbasiga tayantirib kelibdi. Aslida dugonamning bekorchi vaqti yoʻq, Turkiyadan mollari kelgan. Shunday boʻlsa ham, hamma ishlarini tashlab, sinf rahbari bilan urishib kelibdi.
Onasining bu gapini eshitib, Murodjonning hayoliga bir fikr keldi...
Chorak yakunlanib, ota-onalar majlisi oʻtkaziladigan kun belgilandi. Ertasi kuni u onasiga maktabdan qoʻngʻiroq qildi:
– Oyijon, sinf rahbarim meni urdi.
– Nega uradi, nima haqqi bor?
– Bilmayman...
– Hozir yetib boraman, meni kutib tur.
Sinfdoshlarining ota-onalari birin-ketin majlisga kelishayotgandi. Shu payt Murodjonning koʻzi onasiga tushdi. U hech kimga qaramasdan, vajohat bilan direktor xonasiga kirib ketdi. Murodjon onasining ortidan yugurgancha qoldi. Hech qancha vaqt oʻtmay onasi direktor bilan birgalashib chiqib keldi.
– Oyijon, assalomu alaykum, – dedi Murodjon. – Toʻxtang, sizda gapim bor, meni eshiting, – qoʻshimcha qildi u. Ammo ona oʻgʻlining gaplarini eshitmasdi, uning fikr-u xayoli oʻsha oʻqituvchining taʼzirini berishda edi.
Sinfga deyarli barcha ota-onalar yigʻilgandi. Sinf rahbari Murodjonning onasini koʻrib, xursand boʻlib ketdi va ichkariga taklif qildi. Xonaga avval direktor, soʻng Murodjonning onasi kirdi. Direktor ota-onalar bilan salomlashgach oʻqituvchiga qarab: “Oʻzingiz xoli gaplashib olarsiz”, – dedi-da, sinfdan chiqib ketdi.
Sinf rahbari soʻzini Murodjondan boshladi:
– Murodjon juda iqtidorli bola. Unga koʻproq eʼtibor qaratishingiz kerak. Maktabda oʻtkazilgan “Eng kitobxon oʻquvchi” tanlovida 1-oʻrinni egalladi, – dedi va “Faxriy yorliq”ni uning onasiga topshirdi. Sinfda gulduros qarsak yangradi, ota-onalar Murodjonning onasiga havas bilan qarashdi.
Sevara opa esa negadir qip-qizarib ketdi.
Feruza Adilova