Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Shirin soʻzim – rizq-u roʻzim

Avtobus liq toʻla odam. Bekatda oldi eshikdan bir qariya-yu tuguncha koʻtargan kampir chiqdi. Ikki-uch bekat yurmay yoʻlovchilar ularni avtobusning oʻrtasigacha surib olib borib qoʻyishdi.

– Oʻgʻlim, – dedi tik turgan qariya bir kishilik oʻrindiqda oʻtirgan oʻsmirga yuzlanib, – mana bu 80 dan oshgan buving ozgina qiynalib qoldi chogʻi, senga qiyin boʻlmasa qoʻlidagi tugunchani tizzangga ovolsang, ancha savob ish qilgan boʻlarding-da. Yoki...

Cholning gapi hali tugamasdan oʻsmir yigit qoʻpollik bilan:

– Bu menga buvi emas, kesatmasdan tur oʻrningdan, oʻtirishga haqqing yoʻq deb aytavering, – dedi dagʻallik bilan oʻrnidan turarkan.

Kampir xijolatda: – Bolam oʻtiravering, men hali toliqqanim yoʻq. Buvangiz betobligim uchun menga achinib, shunchaki aytdilar-da. Sizlar kuni bilan oyoqda turib, koʻproq charchaysizlar, bolam!

Yigitcha yana qoʻpollik qildi: – Turdim-ku, endi koʻp vaʼz oʻqimay, oʻtiravering-da.

– Xoʻp boʻladi, bolajonim. Rahmat, baraka toping, umringiz uzoq boʻlsin, kamlik, xoʻrlik koʻrmang. Qarilik – Sizga ham nasib qilsin!

Avtobusda ketayotgan katta-kichik oʻsmirga jahl bilan qarab qoʻyishdi. Uning yuziga hech kim hech nima demadi, lekin yigitchaning ota-onasi tarbiya bermaganligiga achinishdi. Qariya ham, kampir buvi ham oʻsmirning qoʻpol qiligʻini koʻrmagandek, andishasizlik bilan aytgan soʻzlarini eshitmagandek shirinsuxanlik namunasini koʻrsatdi. Shu bilan odob koʻrmagan bolaga odob darsini berishdi.

Xalqimiz bejiz “Shirin soʻzim – rizq-u roʻzim” demaganiga yana bir bor ishonch hosil qilishdi. Bola hoʻmrayganicha bekatda tushib qoldi.

 

Oʻylab koʻring, xulosa chiqaring

Assalomu alaykum, aziz bolajonlarim! Dunyoi azalda tafakkurga ega boʻlgan yagona zot inson ekanligini bugun katta-yu kichik yaxshi biladi. Siz tafakkuringiz vositasida yaxshi nima-yu yomon nimaligini, halol-haromni, savob-u gunohni farqlay olasiz. Bu yaxshi amal. Har birimiz bir kunda bir necha marta qoʻl ochib duo qilamiz va Allohdan faqat yaxshi tilaklar soʻraymiz. Bu ham yaxshi odat va odob. Odatga koʻra, qoʻl duoga ochilganda, har bir insonga, avvalo imon, insof, diyonat soʻraladi. Boisi, mana shu mushtarak tushunchalar kimda mujassam boʻlsa, undan aslo yomonlik chiqmaydi. Bu fikrlarni bizga oʻrgatgan inson ming oyni qarshilagan akademik Toshturgʻun Ergashev boʻladilar. U kishining fikricha inson erishgan barcha fazilatlar yigʻindisi uning maʼnaviyatini belgilar ekan.

Siz aziz nevaralarimga murojaat qilaman, aytinglar-chi, maʼnaviyat degan soʻz oʻz ichiga olgan odob-axloq, bilim, imon-eʼtiqod, vijdon, amaliy koʻnikma, halollik va adolat tushunchalarini qaysi biriga egasiz? Oʻylab koʻring! Xulosa qilish oʻzingizga havola.

Men sizlarga havas qilaman. Siz Yangi Oʻzbekistonning ertangi kunini belgilaydigan kelajagi boʻlasiz.

 

Sizlarga baxtli kelajakni tilab qoluvchi yozuvchi-dramaturg,

80 yoshdan oshgan buvangiz Toʻlqin MUHIDDIN

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.