Chavandoz
Yozuvchi Yusuf FAYZULLOning nomi sizga tanish. Chunki Yusuf aka yangi hikoyalari bilan jurnalimizda tez-tez qatnashib turadi. Yaqinda “Niso poligraf” nashriyotida bolajon yozuvchining “Boyvachcha bolakayning sarguzashtlari” nomli kitobi nashr etildi. Bu kitob qahramonlari havas qilsa arziydigan intiluvchan, serharakat bolalar. Hikoyalarni oʻqir ekansiz mehnatkashligi, kamtarligi bois katta yutuqlarga erishayotgan tengdoshlaringizni yaxshi koʻrib qolasiz.
Ishonmasangiz, quyida eʼlon qilinayotgan hikoyani oʻqib koʻring.
Shodiya xola koʻchadan kiriboq, hovlidagi daraxtlarning ortiqcha shox-butoqlarini kesib yurgan choliga koʻzi tushdi. Uch-toʻrt kundan beri, biqinim sanchyapti, deya koʻrpa-toʻshak qilib olgan cholining turib ketganidan xursand boʻldi. Oʻzi bilan birga bozorga tushib chiqqan nabirasi Ulugʻbekka yuzlandi:
– Bolam, bozorligimizni ayvonga qoʻy, bobong ham koʻrsinlar.
Gʻayrat buva tok qaychini belbogʻiga qistirgancha ayvonga yaqinlashdi:
– Bozorni koʻchirib kelibsizlar-ku. Qiynalmadinglarmi?
Shodiya xola kiyimlarini almashtirgani xonasiga kirib ketayotgan nabirasiga ishora qildi:
– Ulugʻbek durustgina dastyor boʻlib qolibdi. Mevalarniyam sarxillarini tanladi. Bundan buyon bir oʻzi bemalol bozorlik qilib kelaveradi.
Gʻayrat buva ayvon chetida turgan kattagina gultuvakdagi niholning mayda barglarini ushlab koʻrib:
– Limonmi? – deb soʻradi.
– Yoʻq, Xitoy atirguli ekan. Nabirangiz qoʻyarda-qoʻymay oldirdi. Juda chiroyli gullarmish.
Bu gapdan cholining biroz jahli chiqdi, tepaga buralgan moʻylovi pir-pir uchdi:
– Oʻgʻil bolayam gulga ishqiboz boʻladimi? U ot minishi kerak. Bu ketishda otimni sotib yuboraman, shekilli.
– Nega unday deysiz?! – dedi Shodiya xola xavotirlanib. – Nabiralaringiz otni yaxshi koʻrishadi-ku!
– Otni yaxshi koʻrish emas, yaxshi minish kerak. Ulugʻbekning otasi bolaligida otni minvolib sugʻorib kelaman deb, adir atrofini uch-toʻrt bor aylanib kelardi. Nabirangni otni har safar sugʻorgani olib borganda ataylab kuzataman. Anhorga jilovidan ushlab yetaklab olib boradi, yetaklab qaytib keladi. Buningdan chavandoz chiqmaydi, shekilli. Ha, aytganday, uloqqa kiyadigan kiyimlarimni tayyorlab qoʻy, ertaga adirda katta uloq boʻladi.
Shodiya xola jiddiy gapiryaptimi, degandek choliga bir qarab oldi.
– Mazangiz yoʻq-ku, tagʻin urinib qolmang.
– Sodiq muallim nabiralariga toʻy qilib, uloq beryapti. “Katta chavandozsiz. Davraga duo bering”, deb iltimos qildi. Yoʻq deyolmadim...
Ertasi kuni Gʻayrat buva uyga shomda qaytdi. Egardagi gilamni kampiriga uzatgach otdan yigitlarday sakrab tushdi.
– Uloqmisan, uloq boʻldi-da! Mohir chavandozlarni koʻrib, oʻzimniyam uloq chopgim keldi. – Gʻayrat buva otning jilovini nabirasiga tutqazdi:
– Ma, otxonaga olib borib bogʻla, aqalli shuni eplarsan.
Gʻayrat buva ancha tetiklashib qolgandi. Uloq taassurotlarini gapirib charchamasdi. Gap orasida Sodiq muallimni yaxshilab koyiganini ham aytib oʻtdi.
– Nimaga unday qildingiz? – dedi Shodiya xola ajablanib.
– Muallimning shaharda katta oʻqishda ishlaydigan oʻrtogʻi bor ekan. Biram savlatli, ammo umrida ot minmagan ekan shoʻrlik. Havasi kelganidan, menam bir ot minay, deb qoldi. Sodiq muallim doʻstini kimningdir eng yuvvosh otiga mindirdi. Ot begonasiradimi yo uloqchilar hayqirigʻidan choʻchidimi, mehmonni olib qochdi. Haligi odam otning ustida “Ushlanglar, yiqilaman!” deb baqirishga tushdi. Qani endi ot jonivor toʻxtasa!.. Shu payt tomoshabin yigitlardan biri bir sakrab otning ustiga minib uni toʻxtatdi. Uzoqdan kimligini bilolmadik. Mehmonning otdan tushishiga yordamlashib, yana odamlar orasiga kirib ketdi...
Kechki ovqat paytida ham Gʻayrat buva faqat uloq haqida gapirdi. Shu payt uning gapini boʻlib darvoza taqilladi. Ulugʻbekning otasi yelkasiga toʻnini tashlab tashqariga chiqdi va zum oʻtmay Sodiq muallim bilan yana bir kishini hovliga boshlab kirdi. Muallimning qoʻlida kattagina gilam...
– Bu kishi eng yaqin oʻrtogʻim, – dedi muallim salomlashishgach mehmonga ishora qilib. – Institutda katta domla, ot olib qochib, hammani kuldirgan ham shu kishi. Otdagi “sayr”dan bir soat oʻtib oʻzlariga keldilar. Togʻa, xabaringiz bormi, yoʻqmi, otni toʻxtatgan chavandoz bola sizning nabirangiz ekan. Toʻydayam bu voqea shov-shuv boʻlib ketdi. Mehmonim “Yigitga minnatdorlik bildirmay ketolmayman”, dedilar. Uzr, saharda poytaxtga ketishlari bois kech boʻlsayam sizlarni bezovta qildik...
Mehmonlarni kuzatgach, Gʻayrat buva nabirasi xonasining eshigini asta ochib, moʻraladi. Ulugʻbek charchaganmi, qoʻllarini ikki yoniga uzatgancha uxlab yotardi. Keksa chavandoz tepaga buralgan moʻylovini silagancha nabirasiga gʻurur bilan tikilib qoldi...