Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Men ham askar boʻlaman

Bugun Dilshod akasi armiyadan keladi. Ziyodilla bu xushxabarni oyisidan eshitgan zahoti koʻchaga otildi.

– Ur-a-a! Akam kelyaptilar!!!

– Hovliqma, bolam, hali kelsin! Keyin suyunchilaysan...

– Bilib qoʻyinglar, askar akamni men birinchi koʻraman!

U koʻcha muyulishidan oʻzlari tomonga burilgan mashinalarni sinchiklab kuzatdi. Ammo, hali-beri akasi koʻrinmasdi.

Kun peshindan ogʻdi.

– Uyga kirib oʻtirsang boʻlmaydimi, ovqatlanish ham esingdan chiqdi shekilli...

– Akam kelsin birga ovqatlanamiz. Qaymoqqa teginmanglar, akam qaymoqni juda yaxshi koʻradilar, xoʻpmi, oyijon!

– Voy, akasiga gʻamxoʻr, saxiy bolamdan-ey!

Akasini sogʻingan Ziyodillaning yoʻlga tikilaverib koʻzlari kirtayib ketdi.

Beixtiyor xayolida akasining harbiy xizmatga joʻnatiladigan kunlar keldi. Akasi tuman mudofaa boʻlimidan xursand boʻlib keldi.

– Oyi, men boradigan boʻldim, Vatan himoyasiga! – hovliga kirib kelgan akasi jilmaygancha qoʻlini musht qilib koʻtardi.

– Voy boʻ, namuncha, axir hamma yigitlar ham armiyaga boradi-ku! – dedi oʻchoq yonida oyisi bilan gaplashib turgan qoʻshni qiz Sanobar.

– Hechamda, agar bilsang, menga oʻxshagan bilimdon, boksyor, kelishgan, – Dilshod qomatini koʻz-koʻzladi, – Sodiq mergan aytgandek, maʼnan va jismonan baquvvat yigitlargina askar boʻla oladilar.

Harbiy xizmatga kuzatish ham xuddi toʻyday boʻldi. Dilshodning armiyaga ketishi daragini eshitgan qoʻni-qoʻshni, mahalladoshlar-u, uzoq qishloqdagi qarindoshlari ham u bilan xayrlashgani birrov kelib ketishdi.

Dadasining “Soching qizlarnikidek boʻlibdi, oldirsang boʻlmaydi-mi?”, – degan dashnomidan keyin ham sochini naridan beri qaychilatadigan Dilshod kutilmaganda boshini yaltiratib keldi. Bu – harbiy xizmatga joʻnashning aniqligidan darak berardi. Buvijonisi nevarasining yelkalariga qoqib, uzoq duo qildi. Oyisi non tishlatdi.

Mashina signali Ziyodillaning xayolini boʻlib yubordi. U shundoqqina yonginasida toʻxtagan mashina oynasidan oʻziga kulimsirab qarab turgan askarni koʻrdi-yu, u tomon yugurdi. Akasi chaqqonlik bilan mashinadan tushib, Ziyodillani bagʻriga bosdi, boshi uzra dast koʻtardi.

– Polvon bola boʻlib ketibsan-ku, Ziyod!

Akasi bagʻridan boʻshatishi bilan Ziyodilla ichkariga yugurdi:

– Ur-ra, akam keldila-a-a, suyunchi! Suyunchi!!

Hovlidagi mehmonlar-u, mezbonlar birpasda askarni oʻrab olishdi.

Xushxabarni eshitgan qoʻshni bolalar darvozadan moʻralashdi. Hovli chetida tengqurlari bilan gurunglashib turgan Ziyodilla akasining qulogʻiga nimadir dedi.

Akasi borib bolalarning qoʻllarini qisib, boshlarini siqdi-da oʻrtogʻi Hojakbarga bosh barmogʻini koʻrsatib dedi:

– E qoyil azamatlar! Shunday ukalarimiz borakan, armiyamiz yanayam zoʻr boʻladi!

– Aytgancha, Ziyod, oʻrtoqlaringga ham sovgʻa olgandim, – akasi koʻkrak choʻntagidan ruchkalar olib bolalarga tarqatdi, – baholaring “besh” boʻlsin, xoʻpmi?

– Rahmat! – bolalar qoʻllaridagi ruchkaga sevinib qarashdi.

– Qani, ukajon, oʻrtoqlaringni uyga olib kir, mehmon qil! – dedi akasi doʻstini yetaklab qaytarkan.

Bolalarning esa suhbati qizidi.

– Men armiyaga borsam, Dilshod akamdek samolyotdan parashyutda sakrayman, – deya osmonga tikilgancha, qoʻlini parashyutga oʻxshatib, pastga tushirdi Ortiqjon.

– Dilshod akam tankchi boʻlgan, toʻgʻrimi Ziyod? – gapini maʼqullatish uchun Ziyodillaga yuzlandi ammasining nevarasi Bobur.

Akasini hamma yaxshi koʻrarkan. Buni Ziyodilla hozir bildi. Avvallari, “Bu turishingga qachon odam boʻlasan?” deya akasining jigʻiga tegadigan kenja togʻasi hozirgina:

– Yaxshi oʻgʻil togʻasiga tortadi, jiyan! – dedi.

– Boksdan qorning toʻyarmidi, hammayogʻingni momataloq qilib yurishdan nima foyda, – deb necha martalab koyigan amakisi esa:

– Oʻzimning jiyanim! – Mard va jasurliging uchun tashakkurnoma olganingni eshitib, “Baribir zotiga tortibdi” deb xursand boʻldim! – deya viqor bilan atrofga boqdi.

– Kenjatoyimni boksga berdik, Dilshodjonga oʻxshab yursin, – jilmaydi xolasi.

Kechqurun qarindoshlar uy-uylariga tarqalishdi. Akasi bilan gurunglashish imkoni tugʻilganidan Ziyodilla xursand boʻldi.

– Aka, aka...

– Labbay,

– Men ham askar boʻlaman!

– Albatta askar boʻlasan!

– Askarlarni komandirlar hurmat qiladi-a?

– Topshiriqni aʼlo bajargan, bir nechta tilni bilgan, har jihatdan chiniqqan jasur askarni, albatta, komandirlar yaxshi koʻrishadi. Boshqa askarlarga oʻrnak qilib koʻrsatishadi.

– Vatanparvarni ham.

Akasi kulib yubordi:

– Askar boʻlishning oʻzi vatanparvarlik aslida! Qara, bugun uyimiz mehmonga toʻldi, toʻgʻrimi?

– Toʻgʻri!

– Karnay-surnay ovozini eshityapsanmi?

– Ha, Ortiqjon aka uylanayapti.

– Barakalla... Dadam bilan oyim mehmon kutishdan xursand... bularning bari tinchlikdan. Xoʻsh, ayt-chi, Vatanimiz tinchligini kim qoʻriqlaydi?

– Askarlar, chegarachilar!

– Balli! Hali men senga Vatanimiz tarixi, armiyamiz qudrati haqida gapirib beraman. Endi yotib, uxla. Ertalab vaqtli uygʻotaman, birgalikda yuguramiz.

– Epchil boʻlish uchunmi?

– Albatta. Askar boʻlish orzusidagi yigit hozirdanoq tayyorgarlik koʻrishi shart!

Ziyodilla akasining askarlik libosiga havas bilan tikilganicha uxlab qoldi.

 

Abdulla Ayizov

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.