Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Quyun

Fantastik qissa

Daraxt shoxlarida maymunga oʻxshab osilib oʻtirish va yotish juda noqulay. Akbar shoxlardan daraxt tepasida qoʻlbola oʻrindiq yasadi. Oʻzi yaratgan “ixtiro”dan koʻngli taskin topib, yengil nafas oldi. Endi bu joydan atrofni bemalol kuzatib oʻtirsa boʻladi, u joylashgan daraxtning soyasida ola-bula chiroyli maxluqcha oʻzini oftobga toblab yotardi. U bir qarashda ayiqchaga oʻxshasa, bir qarashda kuchukchani eslatardi. Yonidagi qandaydir oʻsimlikning mevasini – aftidan uning yemishi boʻlsa kerak – jajji panjalari bilan u yon-bu yon oʻynab, sakrab-sakrab qoʻyardi. Shu payt goho tovuqqa, goho oʻrdakka oʻxshab ketuvchi parranda paydo boʻldi. U shahd bilan Olapar (Akbar oʻzicha maxluqchaga shunday deb nom qoʻydi) oldida sochilib yotgan oʻt-oʻlanlarga yopishdi. Oʻljasini qoʻriqlab yotgan Olapar unga tashlandi. Parranda qanotlarini hurpaytirib, xoʻmraydi, soʻngra sakrab Olaparni bir tepdi. Olapar ham boʻsh kelmas, jon-jahdi bilan oʻzini himoya qilardi. U parrandaning oyoqlaridan mahkam ushlab oldi. Olapar uning oyoqlarini gʻajisa, raqib uning boshini toʻxtovsiz choʻqilardi. Olaparning peshonasi, quloqlari, burni atroflaridan qon oqa boshladi. Dushman iskanjasidan qutilishi bilan maxluqcha oʻn-oʻn besh qadamlar yuqorida maysalar orasidagi tikanli giyohga oʻzini ishqalar, biroz tin olib, oʻziga kelgach, yana jangni davom ettirardi. Qizigʻi shundaki, oyogʻidan qon oqayotgan maxluq ham imkon topdi deguncha, oʻsha giyohga oʻzini ishqaladi. Bundan Akbar avvaliga taajjublandi. Keyinroq esa, giyohning davolovchi, darmon baxsh etuvchi kuchga, qon toʻxtatuvchi xususiyatga ega ekanligini sezdi.

Jang ancha davom etdi. Oʻrdaksimon parranda oʻljadan voz kechgisi kelmayotgandek ortiga qarab-qarab, lapanglab oʻrmon ichiga kirib ketdi. Azoyi badani qontalash Olapar oʻzini oftobga solib, toblay boshladi. Badanidan oqayotgan qon bir zumda toʻxtadi. Uni kuzatib oʻtirgan Akbar xayoliga kelgan fikrdan quvonib ketdi. U ham daraxtdan tushib, qontalash qoʻllari, oyogʻini giyohga ishqaladi. Vujudiga qandaydir orombaxsh kuch, quvvat kirganday boʻldi. Jismi tetiklashib, koʻngli yorishdi.

Yerdan oyogʻi uzilib, daraxt tepasida yashash oson emas. Nachora, Akbarning peshonasiga shu yozilgan ekan. Endi sharoitga moslashishi, yashashga koʻnikishi kerak. Daraxtdan sirgʻalib pastga tushdi. Oyoq-qoʻllarini harakatga keltirib, kerishdi. Shifobaxsh giyohning taʼsiri boʻlsa kerak, vujudidagi qaqshash, ogʻriqlar bosildi. Shu payt daraxtdan nimadir “gup” etib yoniga tushdi. Bir necha qadam narida Olapar jovdirab turardi. Daraxt tanasidagi kovakda uning ini bor ekan. Ular bir-birlaridan hadiksirab, choʻchib turishdi. Akbar engashib, sekin unga yaqinlashdi.

– Kel, Olapar, doʻstlashaylik, – qoʻlini choʻzdi oʻziga tikilib turgan maxluqqa. – Men bu yerlarga mehmonman, adashib kelib qoldim. Tevarak-atrof bilan tanishtir. Hozircha sendan boʻlak tanishim yoʻq. Seni xafa qilmayman.

Olapar uning gaplarini uqqandek biroz yumshadi. Qarshisidagi maxluq unga xatar solmasligini angladi. Shunday boʻlsa-da ortiga bir-ikki qadam chekindi. Akbar engashib uning boshini silamoqchi boʻlganda Olapar oldingi oyoqlarini koʻtarib, qarshilik koʻrsatdi.

– Jarohatlaring bitib qolibdi-ku, kel, bir silab qoʻyay, – Akbar engashib unga yaqinlashdi. – Mana, mening ham yaralarim tuzalyapti. Qani-qani quloqchalaringni bir ushlab koʻray-chi?

Badaniga odamzotning qoʻli tekkan jonivor asta-sekin titrab, yuvvosh tortdi.

– Esingni taniganingdan beri seni hech kim shunchalik erkalamagan boʻlsa kerak, – maxluqning badanidagi jarohatlariga qoʻl tekkizdi Akbar.

– Endi seni dushmanlardan himoya qiluvchi doʻsting bor. Seni yakkalatib qoʻymayman. Mening yemishim yoʻq, qornim och. Sen menga yegulik topishda yordamlashasan, shundaymi, Baroqvoy?

Shu tariqa ular oʻzaro til topishib, bir-birlariga yaqinlasha boshladi. Begona hayvonlar kelsa, Olapar hurib, hamrohiga xabar bergandek boʻlardi. Makonlari ham bir joyda, birisi shoxlar orasida, biri daraxt kovagida qoʻnim topishgan.

Darsdan tashqari boʻsh vaqtlarida kitob oʻqish, turli buyumlar yasashga odatlangan Akbar zerikdi. Nimadir qilish, oʻzini ovutish kerak. Daraxt poʻstlogʻidan qalpoq, belbogʻ toʻqidi. Shoxlar orasidagi “karavoti”ga poʻstloqdan qoplama-toʻqima yasadi. Tepasiga soyabon qurdi – u jaziramada oftobdan, qish-qirovli kunlarda yogʻin-sochindan asraydi. Xavf-xatardan himoyalanish uchun shoxdan nayza yasadi. Daraxt tepasidagi “uyi”dan uzoq ketolmas, atrof bilan asta-sekin tanishardi. Yegulik uchun oʻt-oʻlanlarning mevasidan boʻlak hech vaqo yoʻq edi.

Bu muzofotdagi sokinlik, daraxt shoxlarining bir maromda shovullashi-yu, oʻt-oʻlanlarning muattar hidi dimogʻni qitiqlardi. Shoxlari ozor topmagan daraxtlar, payxon qilinmagan maysalarni koʻrib, “bu yerlarga odam qadami yetmagan boʻlsa kerak”, deb oʻylardi. Yashil orolning tabiati ham oʻziga xos. Tuproq yumshoq, tosh-shagʻal yoʻq. Chirindi va xazonlar koʻzga tashlanmaydi. “Bizda kuz, bu yerda bahor, – oʻzicha pichirladi Akbar. – Qanday moʻjiza – borliqqa yam-yashil gilam toʻshalgandek-a...?”

Shu tariqa kunlar oʻta boshladi. Akbar ham endi uzoq-yaqinga bemalol borib keladigan boʻldi. “Bu maskanda mendan boshqa ham odam bormikan”, degan savol unga tinchlik bermasdi. Uning gumonlarida jon bor edi. Kunlarning birida odam ovoziga oʻxshash sas eshitildi. Kecha esa ovoz kelayotgan tomonda odam qiyofasidagi koʻlankalarni aniq koʻrdi. Daraxtlar panasida bekinib, ularga yaqinlashdi. Yigirma chogʻli bolalar qandaydir oʻyin bilan band, hech narsani sezmasdi.

Bolakay qoʻrquv va hadikni unutib, ularning yoniga chopdi. “Notanish mehmonni quchoq ochib kutib olsa kerak”, degan fikr oʻtdi xayolidan. Aksincha, ularning parvoyi palak. Saflariga begona jonzot qoʻshilganiga pinaklarini ham buzishmadi. Akbarning quchoq ochgan qoʻllari havoda muallaq qoldi. Aftidan bir-birining tilini tushunmaydigan bu toʻda bamisoli olomon singari toʻs-toʻpolonda yashashga allaqachon koʻnikishgan. Shu bois ham saflariga kim qoʻshilayotganligining qizigʻi yoʻq edi. Buni anglab yetgan Akbar tengdoshlaridan xafa boʻlmadi.

Bolakaylar bir-birlari bilan oʻzaro imo-ishoralar orqali gaplashishardi. Jar yoqasidagi uzun gʻor ularning yashash manzili ekan. Shom kirib, qorongʻi tusha boshlagani uchun Akbar shu yerda tunab qoldi. Kimdir xas-choʻpdan oʻziga oʻrin-koʻrpa yasab olgan, yana birlari tuproqqa belanib pinakka ketgan, xullas, it yotish, mirza turish, deganlari shu boʻlsa kerak. Akbarning koʻzi ilingan ekan, kuchli qichqiriqdan uygʻonib ketdi. Bolalardan biri uyqusirab oʻrnidan turib ketib, hamrohini tepib uygʻotib yuborgan ekan. Boʻldi toʻs-toʻpolon. Qorongʻida kim qoʻliga nima ilinsa duch kelgan tomonga irgʻitardi. Musht yegan kim, tepki zarbidan dod-voy qilgan kim bilib boʻlmasdi. Bunday ur-yiqitda mayib boʻlib qolish hech gapmas. Akbar yurak hovuchlab, bazoʻr tong ottirdi.

Ertalab bolalarning ahvolini koʻrgan kishi kulishini ham, yigʻlashini ham bilmasdi. Birining koʻzi qizarsa, birining qoshi yorilgan, kimdir, qontalash burnini ishqalaydi. Boshi yorilib oyogʻi oqsaganlar ham yoʻq emas. Qashqatayoq boʻlib qolgan bolalar ogʻriqni ham sezishmadi. Akbar yovvoyilashib ketgan tengqurlarining bunday ahvolga tushib qolganligiga ich-ichidan achindi.

Tengdoshlarining nima bilan ovqatlanishi Akbarni qiziqtirardi. Ular duch kelgan oʻsimliklarning mevasini apil-tapil tanovul qilishardi. Lekin bu bilan qorin toʻymasdi. Shunda ular imo-ishora bilan ovga hozirlanishdi. Akbar ham ular bilan birga oʻrmon sari yoʻl oldi. Bolalar toʻda-toʻda boʻlib har tomonga tarqalishdi. Shu payt qandaydir boʻrisimon maxluq kelib qoldi. Bolalarning quloqni qomatga keltiruvchi ovozi oʻrmonni bosib ketdi. Gangib qolgan yirtqich duch kelgan tomonga qocha boshladi. Biroq u qaysi tarafga qochsa ham bolalar toʻdasiga duch kelardi. Bolalar avvaldan kelishgan holda halqa hosil qilib uni tobora siqib kelishardi. Yirtqich qochishga imkoni bor tomonga jon-jahdi bilan oʻzini urdi. Sakrab-sakrab qochayotgan jonzot birdan koʻzdan gʻoyib boʻldi. Bolalar oldindan chuqur qazib, ustini shox-shabba bilan bekitib qoʻyishgan edi. Maxluq ana shu qopqonga tushib qoldi. Har tarafdan yetib kelgan bolalar oʻljani chuqurdan tortib olishdi. Uni burda-burda qilib xomlay yeya boshladi. Akbarning eti jimirladi, koʻngli behuzur boʻldi.

U imo-ishora bilan goʻshtni pishirib yeyish kerakligini tengdoshlariga uqtirdi. Goʻshtni ayri yogʻochga osib, tagiga shoxlardan gulxan tayyorlashdi. Gugurt yoʻq, olovni qanday yoqish mumkin? Fizikani yaxshi oʻqigani Akbarga qoʻl keldi. Yupqa daraxt poʻstlogʻidan linza yasadi. Uni quyoshga tutib, uchqun chiqarish yoʻlini topdi. Yogochga osilib turgan goʻshtga olov tegishi bilan atrofga xushboʻy hid tarqaldi. Goʻshtni olovda pishirib yeyishning gashtiga nima yetsin? Shu payt kimdir hali pishmagan goʻshtga qoʻl urdi. Boshqasi uni qizgʻandi. Yana biri ochkoʻzlarcha yogʻochga osilgandi goʻsht gulxan ustiga agʻanab tushdi. Toʻs-toʻpolon boshlandi. Kimdir jahlidan, kimdir achchiqdan olovni tepkiladi. Ular gulxanda oyoq-qoʻllari kuyganligini ham sezishmadi. Har kim qoʻliga ilingan goʻsht parchasini ogʻziga tiqardi. Ularning beboshligi Akbarning jahlini chiqardi, mehnatiga ichi achidi. “Bu yovvoyilar odam bolasiga mansub emas”, oʻzicha pichirladi Akbar. Yovvoyilashib ketgan tengdoshlarining xatti-harakatlari, qiliqlari uning ensasini qotirardi. Ular bilan birga boʻlishga, tunashga toqati qolmadi. Oʻzining qoʻlbola “uyi”ni, Olaparni sogʻindi.

 

(Davomi bor)

 

Abdusattor Sodiqov

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.