Quyun
Fantastik qissa
Choʻl oʻsimliklari haqidagi mavzu oʻquvchilarda katta qiziqish uygʻotdi. Guli muallima soʻzlarini tugatar-tugatmas savollar yogʻila boshladi.
– Bolajonlar, choʻl haqidagi tasavvurni yana-da boyitish va savollaringizga batafsil javob topish uchun ertaga darsdan keyin dalaga sayohat uyushtiramiz. – Muallimaning gapi tugashi bilan oʻquvchilar chapak chalib yuborishdi. “Urra, sayohatga chiqamiz!”
Ertasi kuni mashgʻulotlar tugagach, bolalar ustoz kuzatuvida dalaga yoʻl olishdi. Yelkasida sayohat xaltasi, qoʻlida soyabon, quyoshga qarshi koʻzoynak taqqan bolalarning yuz-koʻzida quvonch chaqnaydi. Ularning yer-u koʻkka sigʻmay yurishlaridan sayohatni sogʻinib qolishganini sezish qiyin emas. Oʻquvchilar qishloqdan bir yarim-ikki chaqirim naridagi angarga tezda yetib kelishdi.
– Bu maydonga kuzda bugʻdoy ekilgan, – poyonsiz dalaga ishora qildi muallima. – Yozda hosilni oʻrib olishgan. Hosildan boʻshagan bugʻdoyzor chorva mollari uchun binoyidek yaylov. Bugʻdoyzor atrofida kovul koʻp oʻsadi. Uning mevasi ich qotirish, darmon bagʻishlash xususiyatiga ega. Yantoqni esa barcha joyda uchratish mumkin. Garchand bugʻdoyga qoʻshilib oʻrilib ketsa ham ildizi yer ostiga chuqur kirgani bois yana koʻkarib, gullayveradi. Uning bargi, ildizi qon bosimini tushiradi.
– Hasharotlar kovulning mevasini yeb qoʻyishmaydimi?
– Kovulning terilgan guliga pul toʻlashadi, deyishadi. Shu rostmi? – Birin-ketin berilayotgan savollar muallimani shoshirib qoʻydi.
– Toshbaqa, kaltakesaklar koʻproq giyohlar bilan oziqlanishadi, – savollarga javob bera boshladi ustoz. – Bolalik chogʻlarimizda kovul terishga chiqardik. Kovul mevasi quyosh chiqmasdan, erta sahar teriladi. Shunda uning mevasi boshqacha boʻladi. Paqir-paqir kovul terib, uydagilar bilan mazza qilib yerdik. Daladagi kovulni terib ado qilib boʻlmasdi.
Muallima aytganidek, gʻallazorning poyoni koʻrinmasdi. Uzoq-yaqindan chigirtkalarning chirillashi quloqqa chalinardi. Qayerdadir toʻrgʻay sayraydi. Uzoqdan gʻaltak ipidek eshilib tebranayotgan chang-toʻzon koʻzga tashlandi.
– Ustoz u nima? – oʻsha tomonga hayrat bilan ishora qilib soʻradi Akbar.
– Bu choʻlda uchrab turadigan oʻziga xos tabiat hodisasi – quyun, – izoh bera boshladi Guli muallima. – Shamollar toʻqnashuvidan hosil boʻlgan quyun yerdan xas-shabbalarni oʻz girdobiga olib, osmonga koʻtarib ketadi. Bu hodisa baʼzan tezda toʻxtaydi, baʼzan bir necha daqiqa davom etadi.
– U katta narsalarni, masalan, bolalarni ham koʻtarib ketishi mumkinmi? – yana qiziqib soʻradi Akbar.
– Bolalarni bilmadim-u, lekin echki bolasi – uloqni olib ketganini eshitganman, – deya muallima Akbarga yuzlandi: – Buncha qiziqib qolding, yo sen ham osmonga uchmoqchimisan?
Akbar fizikadan yaxshi oʻqiydi. Shu bois tabiat hodisalariga juda oʻch. Quyunni yaqin masofadan koʻrishga azaldan ishqiboz. Hozir shunday imkon tugʻilganidan oʻzida yoʻq xursand. Quyun ham uning fikrini uqqandek tobora yaqinlashib kelardi.
– Quyunga yaqin bormanglar! – bolalarni ogohlantirdi muallima. – Ust-boshlaringni chang-toʻzonga bulgʻaydi.
Ustozning gaplari Akbarga uzoq-uzoqlardan eshitilgandek boʻldi. Uning oʻy-xayoli, koʻzi quyunda – uni yaqindan koʻrishni xohlardi. Ellik-oltmish qadamlar narida quyun joyida toʻxtovsiz aylanar, uning bagʻridagi xas-choʻplar borgan sari koʻkka koʻtarilardi. Akbar ortiq oʻzini tutib turolmadi, bor kuchi bilan quyun tomonga chopdi. Quyun girdobi tobora kattalashib, undan chiqayotgan ovoz ham vahimali tus oldi. Akbar uning atrofida aylanar, qoʻllarini quyoshdan soyabon qilib, goh u tomondan, goh bu tomondan tomosha qilardi. U muallimaning “Akbar, beri kel, qayt orqaga!” degan xitoblarini eshitmasdi.
Quyunning vahimali ovozi uni sarosimaga soldi. “Endi orqaga qaytish kerak!” oʻzicha pichirladi Akbar. U chekinmoqchi boʻlib bir-ikki qadam tashlagan edi, quyun ham uning ortidan ergashdi. Shoshib qolgan bolakay kesakka qoqilib, yuztuban yiqildi. Koʻz ochib yumguncha chang-toʻzon girdobi uni oʻz bagʻriga oldi. Akbar yotgan joyida koʻzlarini mahkam yumib, qoʻli bilan ogʻiz-burnini berkitdi. “Hozir hammasi oʻtib ketadi, men yana doʻstlarim oldiga chopaman”, xayolidan oʻtkazdi u. Biroq quyun mixlanib qolgandek, bir joyda charx urar, bolakayning koʻz ochishiga, qichqirishiga imkon bermasdi.
Akbar u yoqdan bu yoqqa tebrana boshladi. Bu tebranish akasi bilan somon tashishga borgan chogʻlarini eslatardi. Akasi qop-qanorga somon solib, eshakka ortib, ustiga ukasini oʻtqazib qoʻyardi. Eshak notekis joyda yoʻrgʻalaganda, ariqdan sakraganda qop u yoqdan bu yoqqa lapanglab ketar, Akbar yiqilib ketmaslik uchun jon holatda qopga tashlanardi. Buning farqi shundaki, hozir u muallaq holda tebranib turardi. Asta-sekin uning oyoqlari yerdan uzildi. Bolakay oʻzini ertaklardagi uchar gilam ustida ketayotgandek his qildi. Biroq “uchar gilam” uni qayoqqa olib ketayotganini bilmasdi.
Akbar oʻziga kelib koʻzini ochganda, bahaybat daraxt shoxida osilib yotardi. Quyoshning jazirama nurlaridan uning peshonasi va boʻynidan reza-reza ter oqar edi. Beli va oyoq-qoʻllari ogʻriqdan zirqirardi. Koʻz qiri bilan atrofga alang-jalang nazar tashlar ekan, qayerga kelib qolganligini bilishga urinardi. Pastda, daraxtlar atrofida turli qiyofadagi yirtqichlar aylanib yurardi.
Aftidan ular begona jonzot kelganligini hididan bilishgan boʻlsa kerak, tumshuqlarini baland koʻtarib, uvlab qoʻyardi. Ular na arslonga, na boʻriga, na ayiqqa oʻxshardi. Ozgina nojoʻya harakat qilsa pastga tushib ketishi, yirtqichlarga yem boʻlishi hech gap emasligini sezgan Akbar qattiq seskanib ketdi. U bor kuchini yigʻib, daraxt shoxlarini yana-da mahkamroq ushlab oldi. Maxluqlar erinib, yerga choʻzilib yotib olishdi. Goʻyo bu azmoyishlari bilan uzoq vaqt kutishga hozirlanayotgandek edilar. Akbar nima boʻlsa ham ogʻriqqa chidab, ertaroq qorongʻi tushib, yirtqichlar tarqalishini kuta boshladi.
Quyosh bahaybat daraxtlar ortiga berkinib, ufqqa bosh qoʻydi. Borliqni tunning vahimali pardasi qopladi. Koʻkda birin-ketin yulduzlar miltiray boshladi. Atrofdagi sokinlik battar xavotir uygʻotardi. Shabadada chayqalayotgan daraxt shoxlarining shivir-shiviri, hayvonlarning boʻkirishi yana-da vahimali tuyulardi. Yondagi shoxga nimadir kelib qoʻndi. Akbar burilib qarashi bilan zulmat bagʻrida haybatli qushning oʻziga tikilib turganini koʻrdi. Boyoʻgʻliga oʻxshash parrandaning koʻzlari nihoyatda qoʻrqinchli, ovozi yoqimsiz edi.
– Kisht, kisht! – Akbar ham shoshgandan, ham qoʻrqqandan qarshisidagi sharpaga hamla qildi. Bor kuchi bilan daraxtni silkitdi. Shoxlarning tebranishidan muvozanatini yoʻqotgan jonzot yoqimsiz ovoz chiqarib, pastga shoʻngʻidi. “Xayriyat, ketdi!” oʻzicha pichirladi bolakay. “Osonlikcha yem boʻladigan ahmoq yoʻq!” qoʻllarini musht qilib oʻziga dalda berdi u.
Shu tariqa qoʻrquv va xavotirda qachon koʻzi ilinganini ham bilmay qoldi...
Abdusattor Sodiqov
(Davomi bor)