Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Mehrning sehri

Bugun dam olish kuni. Erta tongdan bozor odamlar bilan gavjum bo‘ladi. Oyim bozorda ho‘l meva sotadilar. Men oyimga qo‘limdan kelganicha yordam berishga harakat qilaman. Akam ham qarab turmaydi. Kun yorishmay ulgurji bozordan besh-o‘n quti mevani yetkazib kelardi.

Oyim bilan bozorda o‘tirib akamning kelishini kutardik. Ammo bir kuni hadeganda akam kelavermadi. Yonimizdagi sotuvchilarning qo‘li-qo‘liga tegmay savdo qilayotganini ko‘rgan oyimning akamning kechikayotganidan jahli chiqa boshladi. Qutilar ortilgan katta aravani zo‘rg‘a surib kelayotgan akamni “Tezroq kelmaysanmi”, deya koyib berdilar. Akam yuklarni tushirib joylashtirdi-da, bir og‘iz ham gapirmay ketib qoldi. Bu holatni zimdan kuzatib turgan yoshi ulug‘ onaxon oyimni tinchlantirib, boshidan o‘tganlari haqida so‘zlab berdilar.

– Yolg‘izgina o‘g‘limni o‘zim katta qildim. Bir-birimizga suyanib yashardik. Maktabni tamomlaganidan so‘ng tushunib bo‘lmaydigan odatlar chiqardi. Serjahl, kamgap, uyga juda kech kelardi. Yarim kechasigacha uxlamay o‘g‘limni kutardim. Qon bosimim ko‘tarilib, tez-tez tobim qochib qolar, asabiylashib xuddi sizdek farzandimni koyib, tergardim...

Shunday kunlarning birida rahmatli onamni tushimda ko‘rdim. U kishi avval yelkalarimni silab, keyin qo‘llarini boshimga qo‘ydilar-da:

– Sen yolg‘iz emassan. Men doimo yoningdaman. Bu hayot o‘tkinchidir. Ortiqcha o‘ylar, tashvishlar bilan o‘zingni qiynama. O‘g‘lingni huda-behuda koyib, o‘zingdan bezdirib qo‘yyapsan. U hozir mehrga, yaxshi so‘zga muhtoj. Chunki u bilan dildan gaplashadigan yaqin kishisi yo‘q. Nabiramni hammadan ortiq yaxshi ko‘rishingni bilaman. Lekin shu mehringni unga ko‘rsatging kelmayapti. Mehrli so‘zlaringni bolangdan ayama. O‘g‘lingni yaxshi ko‘rishingni, hayotingni mazmuni faqat u ekanini tushuntir. Mehr – bu bamisoli sehrdir. O‘shanda sen nabiramning qay darajada o‘zgarganini o‘z ko‘zing bilan ko‘rasan”, deb ko‘zdan g‘oyib bo‘ldilar.

Ko‘rgan tushim tabiatimni butunlay o‘zgartirib yubordi. O‘sha kundan boshlab o‘g‘limni tushunishga, u bilan dildan suhbatlashishga harakat qildim. Buni qarangki, vaqt o‘tgani sari o‘g‘limdagi yomon odatlar yo‘qoldi. Menga biram mehribon, ortiqcha urintirmay, asrab-avaylardi. Gohida quvonchdan ko‘zlarimga yosh kelardi. Onajonimning o‘gitlari men uchun najot farishtasi bo‘lganini angladim.

Hozir o‘g‘lim 43 yoshda. Bo‘yi tengi farzandlari bor. Lekin men hali hamon o‘g‘limni mehrli so‘zlar bilan erkalayman. Nabiralarim ham buvisining shirin so‘zlaridan quvonib yurishadi. Ularni kuzata turib mehr – haqiqiy sehr ekanligiga iqror bo‘laman.

Sizga nasihatim qizim, bugundan boshlab mehrli so‘zlarni ishga soling. Farzandlaringiz qalbiga yo‘l topish uchun ulardan foydalaning.

Oyim onaxonning gaplarini eshitganidan so‘ng, bir zum jim bo‘lib qoldilar-da, shoshib akam tomonga ketdilar...

 

Zarina IBROHIMOVA,

Chirchiq shahri 11-maktab 8-sinf

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.