Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Orzu yo‘lida

Anvarning akasi Ilhom poytaxtdagi oliygohga kirib, chiroyli binolarning rasmini chiza boshlagach, uning yuragiga o‘t tushdi. Bir marta oyisi bilan Toshkentga borib keldi-yu qishlog‘i ko‘ziga juda xunuk ko‘rinib ketdi. Aslida u tug‘ilib o‘sgan go‘shasini juda yaxshi ko‘radi. Axir yozda mazza qilib cho‘miladigan anhorlar, kuzda ifori ko‘ngilni yorishtirib yuboradigan shaftolizorlar boshqa qayerda bor?! Faqat qishloq ko‘chalarida tuproqlar ko‘pchib yotadi. Yozda oyoqni jizillatib kuydiradi, qishda balchiqqa aylanadi, uylar ham pastak, loysuvoq. Shularni o‘ylarkan u qishloqni qayta qurish kerak degan fikrga keldi. Bu haqida, avvalo, oqsoqol Nurmat boboga aytdi.

– Qaniydi-ya, o‘g‘lim, – dedi otaxon uning gaplarini eshitib. – Ammo sen aytganday asfalt ko‘chalar-u chiroyli xiyobonlarga qurbimiz yetmaydi-da. Ha, uying donga to‘lgur, senlar katta bo‘lsang, shunday obod qishloq qurarsanlar.

Anvar taklifini kimga aytmasin, hech bir qishloqdoshi, hatto eng yaqin do‘sti Ahmad ham jiddiy qabul qilmadi. Akasiga aytgandi kulib qo‘ydi-yu indamadi. Shu tariqa hamma uni xayolparastga chiqarib qo‘ydi. Lekin Anvar adabiyot o‘qituvchisining “Insonlar avvalo orzulariga o‘zlari ishonishlari kerak, ana shundagina ular amalga oshadi”, degan gapini eshitdi-yu, yolg‘iz o‘zi harakatga tushib ketdi.

Akasining ish qurollarini olib, har xil baland, ko‘rkam binolarning rasmini chizdi. Qishlog‘ini qanday ko‘rishni orzu qilgan bo‘lsa, ana shunday tasvirladi. Ilk ishini akasiga ko‘rsatdi.

– Boshlanishi chakki emas, ukajon, men ham qishlog‘imizni shunday fayzli bo‘lishini istayman. Lekin bunga vaqt kerak. Sen hozircha yaxshi o‘qi, shunda bir kun kelib ikkimiz qishlog‘imizni qayta quramiz, – dedi.

Ammo Anvar akasi aytgan bir kunni kutib o‘tirolmasdi. Rasmni mehnat o‘qituvchisiga, quruvchi qo‘shnisi Mirsalim akaga ko‘rsatdi.

– Tuzuk, tuzuk. O‘n, yigirma yildan keyin shunday bo‘lsa, ajab emas, – dedi usta o‘ylanib.

Anvarning chinakamiga hafsalasi pir bo‘ldi. U rasmni ko‘rishi bilan odamlar yangi qishloq qurishga kirishib ketadi deb o‘ylagandi. Maktab-chi? Axir u chizgan maktab juda chiroyli edi. Hozirgisi esa...

Anvar uzoq o‘ylab bir qarorga kelgandek yugurib hovlisiga kirib ketdi. Shu bo‘yi uch kun loydan chiqmadi hisob. U nimalarnidir yasar, buzar, juda band ko‘rinardi. Nihoyat, u ishini tugatdi. Bu – qishloqning loydan yasalgan mo‘jaz maketi edi. Unga ko‘zi tushgan onasi:

– Barakalla, o‘g‘lim, akangdan avval sen arxitektor bo‘lib ketibsan-ku, – dedi sevinib.

Onasining maqtovidan quvongan Anvar do‘sti Ahmadni chaqirib keldi.

– Qoyil, – dedi Ahmad ham havasini yashirmay. – Boplabsan, jo‘ra.

Birin-ketin qo‘shnilari, sinfdoshlari ham kela boshlashdi. Qiziq, endi hech kim Anvarning ustidan kulmas, “Barakalla azamat”, “Yasha, ota o‘g‘il”, “Xudo xohlasa, buni, albatta, amalga oshiramiz”, degan xitoblar eshitilib turardi.

Xullas, tinib-tinchimas Anvarning yuragidagi o‘t qishloq ahliga ham ko‘chdi. Endi ular har bir kunni umid bilan, ko‘rkam qishloqlarini tezroq qurish uchun shijoatli mehnat qilib o‘tkaza boshladilar. Ajab emas, yaqin orada Anvarning maketidagiday qishloq qad ko‘tarsa.

 

Gulchehra Matyoqubova

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.