Cho‘pon tayog‘i
Tayoq tog‘li joylarda sayohatchiga eng yaqin yordamchi. Qiya, sirpanchiq, ko‘pincha bir tomoni jarlik bo‘lgan tog‘ so‘qmoqlarida tayoq yo‘lovchiga tirgak bo‘ladi. Tik va nishabliklarda biroz engashib yurishga to‘g‘ri keladi. Bunday paytda og‘irlikning bir qismi tayoqqa tushib, oyoqqa yordam beradi. To‘satdan oyoq ostidan chiqib qoladigan ilonlar ham tayoqdan qo‘rqadi.
Yomg‘irli tunda qo‘y-echkilar bilan tog‘dagi kamarda qolib ketganimizda, Elbek yirtqich bo‘rilar hujumini zarang tayoq bilan daf etgandi. O‘shanda Ergash tayoqqa juda qiziqib qoldi. Elbek yozgacha bir nechta zarang tayoq tayyorlab qo‘yishni bizga va’da berdi. Sakkizinchi sinfni tugatib, yozgi ta’til boshlangach, Ergash bilan toqqa ketdik.
Yozgi ovul Zovboshida edi, eng bo‘liq o‘tloqlar, rang-barang tog‘ gullaridan ko‘z quvnaydi. Tig‘iz, bir tekis ungan archalarni aytmaysizmi? Men ularni soatlab tomosha qilardim. Zovboshida kunduzi quyosh yorqinroq, tunlari yulduzlar pastroq ko‘rinadi. Zovboshida bizni xursandchilik bilan kutib olishdi. Kechqurun serka go‘shtidan xomsho‘rva pishirildi. Xomsho‘rva tog‘liklarning sevimli taomi. Bunda yog‘ ishlatilmaydi, sabzavotlar qovurilmaydi. Qozondagi suvga go‘sht, archilgan kartoshka, sholg‘om, to‘g‘ralgan piyoz solinib, past olovda uzoq qaynatiladi. Sho‘rva kosalarda, go‘sht alohida tovoqda dasturxonga tortiladi. Sho‘rvaga yumshoqqina patir to‘g‘rab yesang bormi!..
Mehmondorchilikka atrofdagi tanish-bilishlar, keksalar chaqirildi. Men bilan Ergashga Elbek zarang tayoq tayyorlab berganini eshitgan keksa cho‘ponlar suhbat mavzuini tayoqning xosiyatlariga burishdi.
– Cho‘ponning tayog‘idan bil, deydilar tayoqsiz mol boqib bo‘lmaydi, – gap boshladi jo‘ra cho‘pon, – mollar ham cho‘pondan ko‘ra uning tayog‘idan qo‘rqadi. Har cho‘ponning bir tayoq ko‘tarishi bor, deganlaridek, ayrim sho‘x mollarni turtib turmasa bo‘lmaydi. Yaxshi tayyorlangan tayoq uzoq yillar xizmat qiladi. Tayoq charchaganimda suyanchiq. Ikki toba tosh o‘rtasiga qo‘yib o‘tirsam nam tortmayman. Unga qarab vaqtni bilaman. U – soat.
– Vaqtni qanday bilsa bo‘ladi, cho‘pon bobo? – so‘radi Ergash.
– Shunday ochiq yerda tayoqni yerga tikka qo‘yasan, qoq tushda tayoqning soyasi bo‘lmaydi, qancha kech bo‘lsa, soyasi kunchiqarga qarab shuncha uzayadi.
Ostonaqul bobo yoshligida bo‘lgan voqeani shunday hikoya qildi:
– O‘sha paytlar Qayroq qishlog‘ida yashardik. Atrofi baland tog‘lar, archazorlar bilan o‘ralgan bu qishloqda qishda qor qalin yog‘ardi. Boysun shahri bilan bog‘lovchi, arang ot-ulov, piyoda yura oladigan yolg‘izoyoq so‘qmoq qorda ko‘milib qolardi. Har hafta, o‘n kunda bozor-o‘char uchun butun qishloqdagilar guruhga to‘planib, shaharga tushardik. Otliqlar oldinda yurib yo‘lni ochib borar, eshakdagilar ularning orqasidan ergashardilar. Qishda bo‘rilar baland tog‘lardan yemak izlab pastga engan, yolg‘iz yurib bo‘lmasdi. Yana qaytishda tushga yaqin Diydorkam tepaligi oldida hamma yig‘ilib yo‘lga chiqishardi. Bir safar men kechikib qoldim. Kelsam, hamma jo‘nab ketgan ekan. U paytlar yoshman, g‘ayratim jo‘shib turardi. Ko‘pkari chopaman, otim chopqir, kuchli, yukim ham og‘ir emasdi. Hamrohlarimga yetib olaman, deb o‘ylab Tulporni tezlatdim. Atrofga quyuq tuman tushib, yana qor yog‘a boshladi. Oldingilarning iziga qarab yo‘l topib ketayapman. Endi Haydarbuloqdan chiqib, Archamozorga oralagan edimki, ot bezovtalana boshladi. Demak, yaqin atrofda bo‘rilar izg‘ib yuribdi, deb o‘ylab zarang tayog‘imni oldim. Lekin bo‘rilar bir nechta bo‘lsa, tayoqning o‘zi bilan ish bitmaydi. Bo‘rining jag‘ suyagi kuchli. U tayoqni tishlab olsa, tortib olib bo‘lmaydi. O‘tkir pichog‘im bor. Ot boylash uchun olib yuradigan chilvirni olib tayoqning uchiga pichoqni xuddi nayzaga o‘xshatib mahkam bog‘ladim. Bo‘ri oyog‘imga chang sololmaydi. Chavandozlar kiyadigan baland qo‘njli etikdaman.
Ko‘p o‘tmay bir nechta bo‘ri qurshovida qoldim. Bo‘rilar orqadan kelib, otning dumini tishlashga urinishardi. Ot oyog‘ini ko‘tarib tepmoqchi bo‘lar, men esa egarga yopishganimcha qimirlamasdim. G‘azabim qaynab ketdi. Ko‘pkaridan bilamanki, tulpor ustidagi chavandozning g‘ayrat-shijoatini sezib turadi, qo‘rqoq, nimjonlarni yoqtirmaydi. Otning bo‘ynini silab: “Qo‘rqma-qo‘rqma tulpor”, deb uni tinchitishga intildim. Ot ham mening shijoatimni sezganday o‘zini tutib tekis maydonga chiqdi. Bu yerda ot munkib ketmaydi. Yovvoyi tabiat qonuniyatiga ko‘ra, eng yaxshi himoya bu – hujum. Otni ortga burdim-da, chopib kelayotgan birinchi bo‘rini boshiga zarang tayoq uchidagi pichoqni sanchdim. Bo‘ri qonga belanib, qorga ag‘anadi. Ikkinchi bo‘rini quvlab, tayoq bilan bo‘yniga urdim. U orqasiga qaramay qochishga tushdi. Qolgan ikki bo‘ri ham juftakni rosladi... Shunday qilib, tayog‘im meni bir falokatdan saqlab qolgan edi.
Gurung qizidi. Baland cho‘qqilardan salqin shabada esadi. Atrofga o‘choqda yonayotgan shuvoqning yoqimli hidi taraladi. Oqsoqollar huzur qilib choy ichishadi. O‘rol baxshi do‘mbira chalib, termalar kuylaydi. Atrofdagi o‘tovlardan qo‘y-echkilarning ma’ragani, itlarning onda-sonda hurgani eshitiladi.
– Baxshi, xalq dostonlarida cho‘pon tayog‘i haqida nimalar deyilgan? – so‘raydi oqsoqollardan biri.
– Zarang tayoq egasiga baxt keltiradi, – dedi baxshi, – to‘g‘ri, dostonlarda asarning ta’sir kuchini oshirish uchun mubolag‘a qilinadi. “Shirin bilan Shakar” dostonida “To‘qson botmon cho‘yan kaltak qo‘lida” deyilsa, “Alpomish” dostonida “Ko‘kaldoshning taqimida besh yuz botmon kaltagi” deb kuylanadi.
Dala-dashtda, tog‘da cho‘ponlar orasida tayoq hakam, qasam o‘rnida turadi, – dedi Ostonaqul bobo. – Gunoh qilgan yoki birovning haqiga xiyonat qilganga tayoqdan hakkalash buyuriladi. Haqiqiy tog‘lik hech qachon tayoqdan hakkalamaydi. Chunki xalq orasida tayoqdan sakragan cho‘pdek quriydi, degan gap yuradi. Cho‘pon tayog‘i tikka qo‘yilmaydi, oyoq ostida emas, salqin, toza joyda saqlanadi. Vaqti-vaqti bilan yuvib turiladi. – Ostonaqul bobo kiyiko‘ti qo‘shilgan choydan ho‘pladi va so‘zida davom etdi:
– Tog‘liklarning asosiy tirikchiligi – chorva. Necha zamonlardan buyon chorvachilik kasbini muqaddas bilamiz. Vaqti kelib, cho‘pon o‘z tayog‘ini shogirdiga taqdim etadi. Yosh cho‘pon ustozidan olgan tayoqni hurmat qiladi, hech qachon tashlamaydi...
Yarim tunda dasturxonga duo o‘qilib, hamma o‘z o‘toviga tarqaldi. Ergashlarning ikki o‘tovi bo‘lib, birida otasi, onasi va ikki ukasi turardi. Ikkinchi o‘tovga men Ergash bilan uxlagani kirdim. Elbek ham biz bilan qoldi. Tasavvurimda oddiy bir cho‘pdek tuyulgan, bobolarimiz necha zamonlardan buyon foydalanib, e’zozlab kelgan tayoqda qanchalik tarix, qadriyat, hikmat va xislatlar borligini o‘ylab yotib uxlab qoldim.
Ochil Toshqulov