Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Yaxshilikning bahosi

Umidjon maktabidan qaytayotib qo‘llaridagi yukning og‘irligidan qadamini zo‘rg‘a sudrab bosayotgan cholga yetib olibdi. Otaxonga salom bergach:

– Bobojon, qo‘lingizdagi xaltalardan birini menga bering, ko‘tarishib yuboray, – deb cholning o‘ng qo‘lidagi kattakon xaltani olibdi...

Manzilga yetib borishgach, Umidjon xaltani darvozaxonaga asta qo‘yib chol bilan xayrlashibdi.

– O‘g‘lim, shuncha ter to‘kib ko‘tarib kelganing nima ekanligini bildingmi? – so‘rabdi chol uni to‘xtatib.

– Bilmadim bobojon. O‘zingizga kerakli narsadir, deb o‘yladim.

– Men tabibman. Har yili bahor va kuz faslida yurtimizdagi tog‘larga chiqib dorivor giyohlarni terib kelaman. Bu gal uzoq yillardan buyon izlab yurgan damqisma kasaliga davo bo‘lguvchi gulni topdim. Bilasanmi, eng muhimi, bu gulni xonakilashtirish, tuvaklarda ham ko‘kartirish mumkin. Mana shu gulni ikki hafta o‘sha yerning o‘zida tuvakka ekib ko‘kartirdim. Men uchun aziz shu guldan birini senga beraman. Chunki sen shunday mukofotga arziysan, – debdi bobo jilmayib.

Umidjon gulga qiziqib qolibdi. Chunki onasi anchadan buyon havo yetishmasligidan nafas olishga qiynalar ekan. Boboning “Bu gul xona havosini tozalaydi, har qanday changni bir zumda yaprog‘iga singdirib zararsizlantira oladi”, degan gapidan ko‘nglida umid uyg‘onibdi. U tuvakni olib borib onasi yotgan xona derazasiga qo‘yibdi. Onasiga tabibning gaplarini aytibdi.

Onasi ko‘zlarida yosh bilan gul yaproqlarini, keyin o‘g‘lining boshini silabdi.

Umidjon ertalab yuzlaridan kimdir o‘payotganini sezib ko‘zlarini ochibdi. Qarasa, tepasida oyisi jilmayib turganmish. Umidjon buni tush deb o‘ylabdi. Chunki onasi ko‘pdan buyon o‘rnidan turolmay yotarkan-da.

– O‘zimning mehribonim, – debdi onasi uning qo‘llarini ushlab. Shunda Umidjon bu tush emasligini payqabdi. – Bolajonim, chindan ham sen keltirgan gul shifobaxsh ekan. Uning atri menga juda yoqdi. Bitta kichik yaprog‘ini uzib olib yostig‘imga qo‘yib uxladim. Aslida shusiz ham xonada xushbo‘y hid taralib, havoni tozalayotgan edi. Uyg‘onib qarasam, mo‘jiza yuz beribdi. Men sog‘ayib qolibman. O‘rnimdan turdim-u, yoningga kirdim... Qara, shifokorlar qachondan buyon davolay olmagan yo‘talim, bir kechada barham topdi-ya, o‘pkamdagi g‘uborlar ham tarqaganday, – debdi oyisi.

Umidjon sevinganidan tabib cholning huzuriga borib voqeani aytib beribdi.

– O‘g‘lim, esingda bo‘lsin, odamlarga qilingan har qanday yaxshilik besamar ketmaydi. Onangni gul-giyoh emas, sen qilgan yaxshilik davoladi, – debdi.

 

Mahbuba NUSRATOVA,

Shayxontohur tumanidagi 324-maktab

6-sinf o‘quvchisi

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.