O‘zganing haqi
Katta tanaffusga qo‘ng‘iroq chalinishi bilan bolalar “duv” etib tashqariga otilishdi. “Hozir hammasi maktab oshxonasiga borib, mazza qilib ovqatlanishadi, – o‘yladi Hamid partasiga qaytib o‘tirarkan. – Buvimning pensiyasi cho‘zilib ketmaganda, menga pul berardilar. Men ham bufetdan issiqqina somsa olib yerdim”.
Hamid beixtiyor parta tagida turgan Ergashning tarix kitobini varaqladi. Keyingi sahifani ochganda, u yerda ikkita 1000 so‘mlik pul bor ekan. Hamid tok urgandek kitobni tezda yopdi. O‘rnidan turib nari ketdi. Lekin qandaydir kuch uni kitob tomon yetakladi. Borib pulni oldi. Shimining cho‘ntagiga soldi. Shu payt qo‘ng‘iroq chalindi. Hamma sinfga qaytdi. Ergash ham. Tarix o‘qituvchisi majlisga ketgan ekan, dars bo‘lmadi. O‘rniga yana chet tili bo‘ldi. Ergash kitobini ochib ham ko‘rmay, papkasiga solib qo‘ydi.
– Hamid, ketdikmi, nega o‘tiribsan? – hayron bo‘lib dedi Ergash, oxirgi dars tugasa ham joyidan jilmay o‘tirgan o‘rtog‘iga.
– Sen ketaver, men tog‘amnikiga boraman, ularnikida bugun hashar, – dedi Hamid sekingina. (Aftidan u pul o‘g‘irlagani yetmagandek yolg‘on gapirishga ham majbur bo‘lganidan uyalayotgan edi).
– Bo‘pti o‘rtoq, agar hasharga odam kerak bo‘lsa, telefon qilib chaqir. Bugun uyda ishim kamroq, – Ergash xayrlashib chiqib ketdi.
– Ha Qodirov, qayoqdan kun chiqdi. Odatda maktabdan eng birinchi sen ketarding-ku. Yoki tobing yo‘qmi. Ranging o‘chibroq turibdi, – oyog‘ini zo‘rg‘a sudrab ketayotgan Hamidga ajablanib tikildi yetakchi Saida opa.
– Yo‘q o‘zim. Xayr Saida opa, – Yetakchining tiyrak nigohi xuddi sirini bilib olayotgandek edi. Hamid qadamini tezlatdi. U uyiga odatdagidek do‘kon tomondan emas, choyxona tarafdan ketishga qaror qildi. Chunki choyxonaga ketaverishda gumma sotiladi. Shundoq yog‘da qaynab turgan joyidan olib berishadi. Hamid tamshanib qo‘ydi.
– Osh bo‘lsin, faqat shoshilma, og‘zing kuyib qolmasin, – tayinladi sotuvchi Karima kennoyi.
Hamid uyga yetguncha gummalarni yeb qo‘ydi. Buvim sezmasin, deb qo‘l va og‘zini dastro‘moliga yaxshilab artdi.
– Keldingmi bolajonim, issiqqina sho‘rva solib qo‘ydim. Birga ichamiz. Suyunchi ber, pensiyam keldi, – peshvoz chiqdi buvisi.
– Buvijon qornim to‘q, faqat choy ichaman, – Hamid kiyimini almashtirib chiqib xontaxta atrofiga o‘tirdi. Buvisi uzatgan piyolani olayotib, qo‘li qaltirab ketdi. Choy dasturxonga to‘kildi.
– Iye, bolam, mazang qochdimi? Jiqqa ter bo‘lib ketibsan-u... – Zamira buvi nabirasining peshonasini ushladi.
– Boshim emas, qornim, qornim og‘riyapti. – U o‘rnidan turib vannaxonaga yugurdi...
– Yo‘lda biror narsa yegan bo‘lsang, nazar tushgan yoki birovning nasibasini yeb qo‘ygansan, – qaytib kelib holsizlikdan, ko‘rpachaga cho‘zilib qolgan nabirasining ko‘zlariga qaradi Zamira buvi.
– Birovning haqini yesa qorni og‘riydimi? – o‘rnidan turib o‘tirdi Hamid.
– Ha bolam, birovning haqini yeyish, ayniqsa, so‘ramasdan yeyish gunoh, – dedi buvisi. – Hozir oyingga telefon qilamiz, dori olib keladi. – Shu choq Hamidning qo‘l telefoni jiringladi. Ergash ekan.
– O‘rtoq, yordamga boraymi? – so‘radi u.
– Hasharga bormadim, mazam bo‘lmadi. O‘rtoq, iltimos menga tarix kitobingni berib tur, dars tayyorlab olay. O‘zimnikini ustoz olgandi.
– Bo‘pti, hozir boraman qayering og‘riyapti, dori kerakmasmi?
– Kerakmas, kitob olib kelsang bo‘ldi, – inqilladi Hamid...
Ergash kelib ketgach Hamid rostdan ham sal tuzaldi. Tarixdan berilib dars tayyorladi. Buvisi pensiyasidan, maktabda biror narsa olib yersan, deb 3000 so‘m berdi. U shartta ikkita ming so‘mlikni Ergashning kitobi ichiga soldi. Yengil nafas oldi. Buvisi to‘g‘ri aytibdi. Shu zahoti qornidagi og‘riq ham taqqa to‘xtadi.
“Endi hech ham birovning haqini yemayman”, – u shunday deb o‘ylarkan beixtiyor qo‘llarini orqasiga yashirdi.
Muhabbat HAMIDOVA