Yolg‘on gapirishni istamagan bola
O‘n yoshli Tolibning ko‘cha tomondan yugurib kirib kelgani oyisining e’tiborini tortib so‘radi:
– Nima bo‘ldi?
– Sanjarlarga arra kerak ekan. – Tolib shunday dedi-da, shoshganicha asbob-uskunalar saqlanadigan ombor tomon yurdi. Oyisi jaxl bilan to‘xtatdi.
– Hoy. Tolib, arra yo‘q, orqaga qayt.
– Bor edi-ku, oyi.
Oyisi darvoza oldida turgan Sanjarga bir qarab oldi-da, o‘g‘lini ichkariga boshladi: – ovozini pastlatib Bu yoqqa yur, bolam.
Ular birin-ketin oshxonaga kirishdi.
– O‘rtog‘ingga arramiz yo‘qolib qopti, deb qo‘yaver.
Bola oyisining niyatini yaxshi anglamay uning yuziga qaradi. Keyin qizishib ovozini ko‘tardi. – Oyi, arra omborda turibdi-ku. Oyisining ko‘zlari olazarak bo‘ldi: – Hali ham tushunmadingmi? Bor tezroq, o‘rtog‘ingni jo‘natib yubor.
Tolib o‘rtog‘iga ikki daqiqa burun “arramiz bor, hozir chiqarib beraman” degan edi. Endi bor narsani “yo‘q ekan” deb yolg‘on gapirishga yuzi chidamadi. Avval bunday noqulay ahvolga tushmagan edi. Oyisi tashqariga chiqdi-da, – Sanjar, arrani topa olmadik. Kimdir olib qaytib bermaganga o‘xshaydi, – dedi muloyimlik bilan.
Tolib uyalganidan o‘rtog‘i ketguncha oshxonadan chiqmadi. Bir ozdan keyin arrani olib oyisiga ko‘rsatdi.
– Mana shundoq ro‘parada turibdi-ku! Nima uchun Sanjarga yolg‘on gapirdingiz? – Oyisi indamadi. Tolib shu topda o‘qituvchisi aytib bergan “Yolg‘onchi cho‘pon” haqidagi rivoyatni esladi. O‘shanda butun sinf yolg‘onchi cho‘ponni yomon ko‘rib qolgan edi. Tolibning ko‘ngli cho‘kdi, go‘yo uni hamma yakkalatib, ajratib qo‘yayotgandek, barmog‘i bilan ko‘rsatib masxara qilayotgandek, bir partada o‘tiradigan do‘sti Sanjar undan arazlab boshqa bolaning yoniga o‘tib ketayotgandek tuyuldi. O‘pkasi to‘lib ketayotganini sezdi. Oyisi o‘g‘lini yupata boshladi: – Voy-bo‘-o‘, o‘g‘il bola ham shunaqa ko‘ngilchan bo‘ladimi?! Bor, ko‘chaga chiqib o‘ynab kel.
Tolib yig‘lab yuborishdan zo‘rg‘a o‘zini tiyib, “yo‘q” deganday bosh chayqadi.
– Bo‘lmasa, uyga kirib televizor tomosha qil.
Shu payt tashqaridan mashina ovozi eshitildi. Tolib dadasi kelganini bildi-yu, ammo odatdagidek chopib borib darvozani ochmadi, dadasiga salom ham bermadi. Uning bir chetda shumshayib o‘tirganini ko‘rgan dadasi ayoliga yuzlandi:
– Nima gap?
Oyisi unga bor gapni aytdi.
– Yaxshi ish bo‘lmabdi-da, – dedi dadasi norozi ohangda. – Ayniqsa, qo‘ni-qo‘shnidan bor narsani qizg‘anmaslik kerak. Ertaga biz ham nimadir so‘rab chiqishimiz mumkin.
Shunda onasi o‘zini oqlashga tushdi:
– Ular ham biror marta bir kosa sut chiqaray demaydi-ku!
Dadasi bir so‘z demay ichkariga kirib ketdi. Tolib hamon qovog‘ini ochmay o‘tirgan edi.
– O‘g‘lim tur o‘rningdan o‘rtog‘ingga arrani berib kel.
Tolib quloqlariga ishonmay dadasiga qaradi.
– Dadam hozir ishdan kelib topib berdilar, deysan, yolg‘onchi degan nom orttirgandan ko‘ra, kech bo‘lsayam aybimizni yuvganimiz ma’qul.
Tolib ikkilanib turgan edi, dadasi dalda berdi, – ular yaxshi odamlar, xafa bo‘lishmaydi.
Tolibjon sevingancha ko‘chaga chiqdi-yu, hech qancha vaqt o‘tmay bo‘shashib qaytib keldi.
– Bordingmi? – xavotirlanib so‘radi dadasi.
– Ha, arrani boshqa qo‘shnidan olishibdi.
– Endi topildi, dedingmi?
– Yo‘q.
– Nega?
– Yolg‘on gapirishni xohlamadim, dada.
Kamolxon BOBOXONOV,
Namangan viloyati Chust shahri