Kechikkan qaror
Shukrullo boboga bog‘bonlik ota meros edi. U nafaqat o‘z bog‘i yoki tomorqasida, balki qo‘ni-qo‘shni hovlisida, ko‘cha-ko‘yda bo‘sh yer ko‘rsa, darhol o‘sha yerga ham nihol ekardi. Bobo tomorqasidagi o‘rik daraxti tagidan chiqqan niholni erta bahor ko‘cha yuzidagi ariq bo‘yiga ekdi. Mehr bilan parvarishladi. Chunki bobo, men olamdan o‘tib ketganimdan so‘ng ham odamlar bu daraxt mevalaridan yeb, meni duo qilishadi, deb o‘ylardi. Uch yil o‘tib daraxt hosilga kirdi. Bobo xursand bo‘lib nishona hosil bilan hammani mehmon qildi. Ko‘p o‘tmay, Shukrullo bobo olamdan o‘tdi. U ekkan daraxt esa yildan yilga shoxlab, hosilliga hosil qo‘shilardi.
Odamlar issiq kunlarda sap-sarg‘ayib pishgan o‘rik mevalaridan muzdek sharbat tayyorlab ichishar, daraxt soyasida mazza qilib dam olishardi.
Biroq, o‘tgan yili kuzda sershox daraxtning barglari sarg‘ayib yerga to‘kildi, hammayoq xazonga to‘ldi. Odamlar shunda yozdagi huzurni unutdi. Daraxt tagini tozalashdan erinib uni kesib tashlashdi. Kunlar tez o‘ta boshladi. Qish, bahor va yana yoz keldi. Jaziramada qayerga berkinishni bilmay qolgan odamlar Shukrullo boboni eslashdi. U kishi ekkan, ko‘pchilikka totli mevasi, soya-salqini bilan xizmat qilgan daraxtdan voz kechganlaridan qattiq afsuslanishdi. Bahor kelishi bilan ariq bo‘yiga bir necha tup mevali daraxt ko‘chatlarini ekishga qaror qilishdi.
Muslima OQILJONOVA,
Toshkent shahar Olmazor tumani
159-maktab 8-sinf