Eng asosiysi
- Zoshchenko
Andryusha juda qo‘rqoq bola. U hamma narsadan – itdan, sigirdan, sichqondan, hatto o‘rgimchakdan, ayniqsa, ko‘chadagi begona bolalardan qo‘rqardi.
– Qo‘rqoqlik qanchalik yomonligini bilasanmi? Unutma, dunyoda faqat botirlargina baxtli yashaydi. Ular dushmanlariga qarshi chiqa oladi, samolyotni boshqaradi, yong‘in bilan yuzma-yuz olishadi. Shuning uchun jasur odamlarni hamma hurmat qiladi. Orden, medallar, faxriy yorliqlar, berishadi. Qo‘rqoqlarni esa hech kim yoqtirmaydi ularning ustidan kulishadi, mazax qilishadi. Doim birovga qaram bo‘lib yashashadi. Hayotlari zerikarli o‘tadi, – dedi bir kuni onasi o‘g‘liga.
– Bo‘ldi bugundan boshlab jasurman, – dedi Andryusha. Va buni isbotlash uchun ko‘chaga chiqdi. U yerda bolalar futbol o‘ynashardi. Bu bolalar har doim Andryushaning ustidan kulishar, uni turtkilashar, hatto urardilar ham. Bechora Andryusha ulardan olovdan qo‘rqqandek qo‘rqar, qochib yurardi. Lekin bugun qochmadi. U bolalarga qarab:
– Ey, bolalar! Endi sizlardan qo‘rqmayman! – dedi.
Bolalar Andryushaning bunday o‘ktam gapirishiga hayron qolishdi.
– Bugun Andryusha bizlarga qarshi nimadir qilmoqchiga o‘xshaydi. Yaxshisi bu yerdan ketaylik, tag‘in urib yurmasin, – dedi Sanka.
Lekin bolalar ketishmadi. Biri Andryushaning burnidan tortib, biri kepkasini yechib tegajog‘lik qilishdi. Uchinchisi mushtini peshonasiga tiradi. Qisqasi, ular Andryushani salgina kaltaklashdi. U uyga yig‘lab kirdi.
– Oyi, men bugun ulardan qo‘rqmadim. Lekin baribir kaltaklashdi, – dedi u onasiga.
Faqatgina qo‘rqmaslikning o‘zi bilan hech narsa qilolmaysan, kuchli bo‘lishing ham kerak, – dedi oyisi. Andryusha onasiga bildirmay buvisining hassasini olib hovliga chiqdi. U, mana endi men kuchli bo‘ldim, qo‘limda tayog‘im bor, u bilan hamma bolalarni haydayman, deb o‘yladi. Lekin bolalar ketib qolishibdi.
U yerda bahaybat qora it yurardi. Andryusha qo‘lidagi tayoq bilan itga, menga vovullab ko‘r-chi, kuningni ko‘rsataman, deb o‘dag‘ayladi.
It esa vovullab Andryushaga tashlandi. U tayog‘i bilan boshiga urgan edi, ko‘ppakning battar jahli chiqib, orqa oyog‘ini tishladi. Andryusha zo‘rg‘a qochib qutildi.
– Oyijon, nega shunday bo‘ldi! Bugun ham kuchli, ham qo‘rqmas bo‘ldim. Lekin bundan ham hech narsa chiqmadi. It oyog‘imni g‘ajib tashlashiga sal qoldi, – dedi u hiqillab.
– Voy, meni tentakkinam. Jasur va kuchli bo‘lishing yetarli emas. Aql bilan ish qilmasang, hech narsaga erisholmaysan. Sen ahmoqning ishini qilgansan. Tayoq bilan itning jahlini chiqargansan, shuning uchun senga tashlanib, shimingni yirtgan.
Andryusha onasiga, bir nima qilishdan oldin yaxshilab o‘ylayman, deb so‘z berdi.
U yana ko‘chaga chiqdi. Biroq u yerda hech kim ko‘rinmasdi. Bolalar daryoda cho‘milishardi. Andryusha ularni kuzatib turdi. Shu payt Sanka, – cho‘kyapman qutqaring, – deb qichqirdi.
Bolalar qo‘rqib kattalarni yordamga chaqirgani yugurib ketishdi.
– To‘xta! Cho‘kmay tur, seni qutqaraman, – dedi Andryusha. U o‘zini suvga otmoqchi bo‘ldi. Biroq yaxshi suzolmasligini o‘ylab qoldi. Aql bilan ish qilish kerak, deb qirg‘oqda turgan baliqchilar qayig‘ini suvga tushirdi va unga sakrab chiqdi. Eshkakni olib esha boshladi. Lekin eshkakni boshqarishga kuchi yetmadi. Qayiq daryo o‘rtasiga qarab suzdi. Andryusha qo‘rqqanidan qichqirib yordam so‘radi. Shu payt boshqa qayiqda odamlar kelib Sankani qutqardi. Keyin Andryushaning qayig‘ini ham shatakka olib qirg‘oqqa olib chiqishdi.
Andryusha uyga kelib yana yig‘ladi. Sankani qutqarish uchun ham kuchli, ham qo‘rqmas bo‘ldim. Aql bilan ish qildim. Suvga o‘zimni otmasdan, qayiqda bormoqchi bo‘ldim. Lekin baribir hech narsa chiqmadi.
– Bolaginam! Men senga eng asosiysini aytmabman-ku, chinakam botir inson bo‘lish uchun faqat jasur, kuchli, aqlli bo‘lishning o‘zi kamlik qiladi, eng asosiysi – bilim. Samolyotda uchish uchun ham, qayiqda suzish uchun ham, hamma-hammasi uchun chuqur bilim kerak. Algebra, ximiya, geometriyani, barcha fanlarni yaxshi bilish kerak. Yaxshi o‘qigan odam aqlli bo‘ladi. Aqlli odam mard, kuchli bo‘ladi. Hayotda hamma narsaga erishadi. Demak, sening vazifang, avvalo, yaxshi o‘qish. Shundagina maqsadingga yetasan.
– So‘z beraman, endi yaxshi o‘qiyman! – dedi Andryusha.
– Senga ishonaman, – dedi onasi o‘g‘lining yelkasiga qoqib.
Rus tilidan
Barno LUTFULLAYEVA tarjimasi