“Do‘xtir” daraxt
Erta tongda eshikdan kirib kelgan nabiralari Salima buvini mahkam quchoqlab oldi. Supachadagi xontaxta atrofida gurunglashib nonushta qilishdi. So‘ngra hovli etagidagi mo‘jaz boqqa chiqishdi. Xola bog‘ni juda yaxshi ko‘radi. Kichkinagina bo‘lsa ham sara mevali daraxtlar bor. Ularni rahmatli choli ekkan. Bog‘ni aylanib yurib, ko‘zi o‘rik daraxtiga tushdi. G‘arq pishgan mevalar yer bilan bitta bo‘lib yotardi.
– Axir, bu uvol-ku, – achinib ketdi xola. Keyin ro‘molini yerga yoyib mevalarni bittalab terib oldi-da, hovli chetiga mato to‘shab o‘riklardan qoqi soldi. Hamma narsaga qiziquvchi Nargiza:
– Buvijon, bu o‘riklar ezilib ketgan. Biz qishga kerakli sharbatlarni yopib bo‘lganmiz. Ularni tashlab yuboring, – dedi.
– Nega tashlab yuborarkanman, bu o‘riklar qurib, shunday turshak bo‘lsinki... Danagini aytmaysanmi... – tamshandi xola. – Hamma vitamin shunda-da, bolam.
Xola bir oy mehmon bo‘ldi. Bu orada yerga to‘kilgan jamiki mevalarni quritib oldi. Keyin ularni xaltachalarga solib, yerto‘laga ilib qo‘ydi. Qishda ulardan sharbat qilib ichishlarini tayinlab, qishloqqa qaytdi.
Qahraton qish kelib, hamma yoqni oppoq qor qopladi. Kun sovuq. Aziza opaning tobi qochdi. “Tez yordam” shifokori O‘ktam akaga ayolining madori yo‘qligini, ko‘proq dam olib, darmondori ichish kerakligini tushuntirdi. Bu gaplarni devor orqasida eshitib turgan Nargizaning ko‘zlaridan “duv-duv” yosh oqardi. Birdan xayoliga kelgan fikrdan ko‘ngli yorishib ketdi. Uning anchadan beri yig‘ib yurgan pullari bor edi. Shu pullarni oldi-yu, dorixonaga yugurdi.
Nargiza shoshib sotuvchi oldiga bordi-da, ko‘zlarida yosh bilan:
– Opajon, onamning yuraklari xasta, shunga darmondorilar bering, – deya pullarini uzatdi. Sotuvchi Nargizaga qarab:
– Qizim, dorilar ro‘yxati qani? Men shifokorning ko‘rsatmasisiz senga dori bera olmayman, – dedi. Shunda Nargiza:
– Axir, kecha “Tez yordam”da kelgan shifokor, ko‘proq darmondorilar bersangiz, tuzalib ketadilar, deb aytdi-ku. Beraqoling, opa, – deya yalindi.
– Voy qizim-ey, ko‘zyoshlaringni artgin-da, uyingga, oyingni oldilariga bor. Ularni yolg‘iz qoldirmagin. Dadang bilan dorilar ro‘yxatini olib kel. Hozircha mana bu qadoqlangan o‘rik qoqilarini oyijoningga sharbat qilib ichirib tur. Bu yurak uchun eng yaxshi quvvat, – sotuvchi ayol shunday deb unga qutichani tutqazdi.
– Voy, buvijonim ham menga shu gaplarni aytgandilar-ku, – deb Nargiza uyiga qarab yugurdi. Qizi kirib kelishi bilan O‘ktam aka:
– Qayerlarda yuribsan, qizim? Oyingga qarab tursang, dorilarini olib kelaman, – dedi.
– Dadajon, siz ishga boravering. Men oyijonimni o‘zim davolayman, – dedi Nargiza. Dadasini ishga kuzatgach, xaltadagi qoqilarni olib chiqdi. Buvisi o‘rgatganidek qilib qaynatdi. Yaxshilab tingan qaynoqqina sharbatni oyisiga tutdi. Oradan uch-to‘rt kun o‘tgach, Aziza opa ancha quvvatga kirdi. Endi u oldingidek hansiramas, o‘zini ancha tetik sezardi. Buni ko‘rgan Nargiza boqqa kirdi-da, o‘rik daraxtini quchoqlab oldi:
– Rahmat, o‘rikjon, bergan shifobaxsh mevalaring uchun, ming rahmat. Endi men ularni hech qachon uvol qilmayman. Har bitta mevangni terib, qoqi solaman. Oyim, ukam bilan mazza qilib yeymiz. Sharbat qilib ichamiz. Sen bizning “do‘xtir” daraxtimizsan, – deb tanasini silab qo‘ydi.
Husnobod SHOMIRZAYEVA