Ziyrak it
It adashib qolgan edi. Bundan ikki hafta oldin u bir notanish yigitning ortidan ancha masofagacha ergashib bordi. Bu odam unga juda yoqib qolgandi. U do‘st bo‘lishni, u bilan birga yashashni, unga vafodor bo‘lishni juda istardi. It bu odamga xushomad qilgandek dumini likillatib qo‘ydi. Lekin yigit uni tepib yubordi.
U itlarni suymasdi. Lekin it baribir o‘sha sigir yetaklab ketayotgan yigitning ortidan qolmadi. Sigir esa bezovtalanar, lekin egasining ortidan ketardi. It kelib sigirga qarab akillay boshladi. Bu sigirga yoqmadi. Yigit sigirni yetaklashda davom etdi. It yigitga do‘st bo‘lgisi kelayotganini bildirgisi kelar va atrofida parvona bo‘lib dumini likillatardi. Birdan yigit buni payqaganday yuziga tabassum yugurib, unga uzoq tikilib qoldi. U itga hayrat va hayajon bilan tikilardi. Jonivor esa bundan o‘zini baxtiyor his etdi. U xursandligidan yigitning tevaragida aylana boshladi.
– Yoqimtoy kuchukcha! – dedi yigit itga qarab. Bu voqea bundan ikki hafta oldin sodir bo‘lgandi. Adashib qolgan daydi itni keksa tog‘asining oldiga olib kirganida jonivor o‘zini-o‘zi tinimsiz qashiy boshladi. U o‘zini hamma itlar kabi tutdi.
– Qani, tashqariga chiq, – g‘ashi keldi qariyaning. It uning so‘zlariga e’tibor bermadi. U dumini likillatar va bu bilan do‘st bo‘lish niyatini izhor etardi.
Shu payt jiyani uyg‘ondi va itni ko‘rib o‘rnidan turdi.
– Itlarning hammasi vafodor bo‘lishadi, – dedi u tog‘asining kayfiyatini payqab. – Shundaymi, Spot? – U itni shunday nomlagandi.
Shu payt Spot uning oldiga chopib bordi va xuddi butun umrini shu insonga bag‘ishlagandek irg‘ishlab, mehr bilan unga suykaldi. Uning ko‘zlarida sadoqat va mehribonlik aks etib turardi.
– Bu it hech nimaga yaramaydi, – dedi e’tiborsizlik bilan qariya. – Men itlarni yoqtiraman, lekin burgasi bor itlarni emas.
– Men ham. Kelaqol menga, Spot! – dedi jiyani. U itning burgasini tozalamoqchi bo‘lib, uni qaray boshladi. – Unda burga yo‘q, tog‘a, itlar o‘zi shunaqa bo‘lishadi. Ular o‘zlarini-o‘zlari qashib, tozalab turishadi.
– Unda burga bor. Shu itni ko‘rmagunimcha men hech qachon burgalar borligini his etmaganman.
– Hm... – dedi jiyani.
Qariyaning nafratomuz qarashidan it bezovtalandi va uyning chap tomonidagi maysazorga chopib ketdi. Keyin butun tanasi va boshini o‘tlarga ishqaladi. So‘ng silkinib oldi. Nihoyat, u o‘zining toza bo‘lganiga ishonch hosil qilganday uy tomon yurdi. Bu vaqtda qariya va jiyani nonushta qilayotgan edi. Jonivorga ko‘zi tushishi bilanoq qariya ovqatlanishdan taqqa to‘xtadi:
– Itdan yomon hid kelyapti, – ijirg‘andi u.
Yigit qo‘lidagi pichoqni stolga qo‘ydi:
– Men bunday deb o‘ylamayman.
– A-ap-chu-u! – Qariya stulidan sakrab turib ketdi. – Puf, it sasiyapti!
Jonivor buni fahmlaganday tashqariga chopib chiqib ketdi. U daryoga yugurib bordi va unga sho‘ng‘ib, uzoq cho‘mildi. So‘ngra daryo qirg‘og‘ida quyosh taftida o‘zini quritdi. Kechga borib, o‘rnidan turdi va qariyaning oldiga bordi. Qariya itga uzoq tikildi va undan hech qanday yoqimsiz bo‘y kelmayotganini his etdi.
Hovli chetidagi qurib qolgan kichik daryo qirg‘og‘i yaqinida suv bilan to‘la tashlandiq shaxta bor edi. Uning yaqinidagi daraxtning bir shoxchasi shaxtaga osilib turardi. Yigit bu yerga tez-tez kelib turar, daraxtni sug‘orish uchun quduqdan paqirda suv olardi. It odatda yigitni paqirda suv olayotganini qiziqish bilan kuzatardi. Ba’zida yigit unga paqirdan suv ichishga ruxsat berardi. Shunday kunlarning birida itning diqqatini o‘qday uchib borayotgan quyon jalb qildi. Va izidan hid oldi. U qaytib kelganida do‘stini odatdagi joydan topolmadi. Daraxtning singan shoxchasi esa shaxtaning og‘zida yotardi. It bunga qiziqib qoldi va kelib pastga qaradi. U qorong‘ida do‘stining dokadek oqarib ketgan yuzini payqadi. It nima sodir bo‘lganini tushunmasdi. U qattiq vovullab, atrofga yugura boshladi. Shu payt suvdan yigitning uyga bor, bolakay, orqaga qayt, – degan ovozi eshitildi. It bu gaplarni tushuna olmadi. U hamon vovullagancha shaxta atrofida aylanardi. So‘ngra u yugurishdan to‘xtadi va qorong‘ilikka qaradi. U juda chuqur edi. Pastdan yana yigitning uyga bor tezroq, degan xasta ovozi keldi. Uning ovozida umidsizlik, darmonsizlik bor edi. It shaxtadan kichkina yo‘lga qarab yugurdi. Birdan to‘xtab ortiga qayrildi. U shaxta tomon bir nechta qadam tashlay oldi. Yana to‘satdan burilib uy tomon chopib ketdi. U shunday shitob bilan yugurardiki, do‘sti uchun hamma narsaga tayyor edi.
U chopganicha oshxona ichkarisida nimadir pishirayotgan qariya yonida taqqa to‘xtadi. Qariya juda qo‘rqib ketdi va “O‘, senmiding?!” – deya oldi.
It uning oldida qattiq bezovtalik bilan vovullab turardi. Qariya qo‘lida sanchqi ushlagancha hayratdan qotib qolgandi. To‘satdan it qariyaning oldiga yaqin keldi. U quturgandek qariyaning shimidan tishlab, qattiq torta boshladi. Qariya dahshatga tushdi. U nima bo‘layotganini fahmlamasdi. Qariya jon holatda o‘zini stolning orqasiga oldi. It bir nafas to‘xtadi va yana vovullagancha qariyaga iltijoli termulib qarab turardi. Qariyaning miyasiga birdan nimadir urildi. Uni xavotir chulg‘ay boshladi. Uning yuzi dokadek oqarib ketdi. U oshxonadan betoqat vovullab chiqib ketgan itning orqasidan joni boricha yugurdi. Qariya yo‘l-yo‘lakay it uni qayerga boshlab ketayotganini fahmladi va tezroq chopa boshladi. Uning oyoqlari chalishib ketar, xuddi qadamlari unmayotgandek edi. It shaxtaga birinchi bo‘lib yetib bordi va qariyani kutib turdi. So‘ngra qorong‘ilik ichiga qarab bezovtalik bilan vovullay boshladi. U bir yigitga, bir oqsoqlanib kelayotgan cholga qaradi va yigitga dalda bermoqchidek bo‘ldi. Qariya hamon halloslab yugurib kelardi. Lekin xasta, darmonsiz oyoqlari pand berardi. U shaxtaga yetib keldi-yu, qorong‘ilikka qarashga ham madori yetmadi. Shu payt jiyanining “Tog‘ajon, tezroq”, degan ovozini eshitdi. Keksa tog‘a shoshilgancha paqirni arqonga ilib pastga tushirdi.
– Sekinroq torting, arqon chirigan!
U arqonni ehtiyotkorlik bilan asta-sekin torta boshladi. Qariya holdan toygan, hatto ko‘zlarini ochishga madori yo‘q edi. U shu on keksalikning dahshatini his etdi. O‘, shafqatsiz yillar...
Nihoyat, yigitning kallasi ko‘rindi. Bir ozdan so‘ng shaxtadan chiqib olgan yigit keksa tog‘asi yonida yerda yotardi. U cholni majolsiz, hushsiz ahvolda ko‘rdi.
– Tuzukmisiz, tog‘a?
Qariya ovoz bermadi. Yigit bir amallab o‘rnidan turib tog‘asining oldiga bordi va uni yelkasidan suyab ho‘l pijagini yuziga siqdi. Qariya seskanib ko‘zini ochdi va o‘ziga keldi. Uning qo‘llari qaltirar edi. Jiyani unga yordamlashdi. So‘ng tog‘asiga qarab jilmaydi:
– Rahmat, tog‘a!
It bu tobda do‘stining qo‘llarini yalab, unga erkalanishni istardi. U qariyadan ko‘zini uzmay yigitning oldiga bordi. Qariya itga chuqur bir mehr va hayrat nazari bilan uzoq tikilgancha:
– Bu juda yaxshi it! – dedi.
Mohinur SIDDIQOVA tarjimasi,
O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti Xalqaro jurnalistika
fakulteti talabasi