Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Mezon

Sahroyi Kabirda bir qaroqchi yashar ekan. U o‘tgan umri davomida kishilarga faqat yomonlik qilgan ekan. Kunlarning birida qaroqchi tushida qora libosli kishini ko‘ribdi. U qaroqchiga:

– Bu odatingni tashlamasang, albatta, do‘zaxda yonasan, – debdi.

– Qanday qilib bu gunohlarimni yuvsam bo‘ladi? – deb so‘rabdi qaroqchi.

– Buning uchun qarorgohingga ko‘chat ek, odamlarga yaxshilik qil. Agarda ko‘chat gullab-yashnasa, bilginki, gunohingdan forig‘ bo‘lgansan.

Qaroqchi cho‘chib uyg‘onibdi. Ertasigayoq qaroqchilikni tashlab, Sahroyi Kabirda karvonlar o‘tuvchi yo‘l chetiga ulkan saroy qurdirishni boshlabdi. Saroy bitgach, hovlisiga nihollar o‘tkazibdi. Tun-u kun ularga quduqdan suv tashib quyibdi.

Yo‘lovchilarni bepul mehmon qiladigan bo‘libdi. Biroq ko‘chatlar yillar o‘tsa ham ko‘karmabdi.

Kunlarning birida sobiq qaroqchi navbatdagi karvonni to‘xtatib, dam olishga taklif qilibdi. Ammo bir otliq:

– Yo‘limizdan qoch, men shoshilyapman, qoch dedim senga, – deya baqiribdi, to‘xtagisi kelmay. Qaroqchi esa:

– Oyog‘ing tagiga poyandoz bo‘lay, sendan iltimos, bir zumga kirib dam olgin, evaziga hech narsa so‘ramayman, – debdi. Shunda otdagi odam jahl bilan uni savalabdi. Qaroqchi o‘zini o‘nglolmay yerga yiqilibdi. Yo‘lovchi otni choptirib ketayotganida, qaroqchi alamidan o‘q-yoyini olib unga otibdi. Yo‘lovchi yerga yiqilibdi. Qaroqchi qilib qo‘ygan ishidan pushaymon bo‘libdi. Chunki yo‘lovchi og‘ir jarohat olgan edi.

Qarangki, yarador yo‘lovchini bir chetga olib o‘tmoqchi bo‘lgan ekan, yonidan bir qog‘oz tushibdi. Qaroqchi qog‘ozni ochib qarasa, mamlakatning yashirin kirish va chiqish yo‘llari aks ettirilgan xarita ekan. Otliq yo‘lovchi mana shu ma’lumotlarni mamlakat chegarasida turgan bosqinchilarga berishga shoshilayotgan sotqin ekan. Bu xarita dushman qo‘liga tushganda, ular mamlakatni osongina qo‘lga kiritib, aholisini qirib tashlagan, yurtni vayron qilgan bo‘lar ekan.

Qaroqchi sotqinni yo‘l ustidagi bir kulbaga qamab, qarorgohiga qaytibdi. U peshonasidagi terni artayotib beixtiyor o‘zi ekkan ko‘chatlarga qarabdi. Vo ajab, ular qiyg‘os gulga kirganmish!

Qissadan hissa: Vatanini sotgan kimsaning gunohi o‘g‘ri-qaroqchining gunohidan ham og‘irroq bo‘lar ekan!

Muhammadamin AKBAROV,

Toshkent Bank kolleji o‘quvchisi

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.