Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Chiyabo‘ri

Shokir qovunchi desa, bobomni qishloqda hamma taniydi. Bobom uzoq yillardan buyon qo‘shnilarimiz Mashrab va Mamasiddiq amakilar bilan Chirchiq daryosi bo‘yidagi sayhonlikda qovun-tarvuz ekadi. Bobom yetishtirgan qovunlarning oldida Mashrab amakining qovunlari handalakday bo‘lib qoladi. Chunki polizimizdagi qovunlarning eng kichigi yangi tug‘ilgan qo‘zichoqdek keladi. Bobom urug‘ qadashdan oldin yerni chuqur qilib haydatib, yaxshilab o‘g‘itlaydilar. Ko‘chatlar parvarishida ham erinmaydilar. Qovunlar gulini tashlab, xamak tugishi bilan poliz chetidagi chaylaga ko‘chib chiqadilar. Bizning chayla boshqalarnikiga o‘xshab omonatgina qamish yoki shox-shabbalardan emas. Poydevori yerdan ancha ko‘tarilgan, sinch tomli, eshikli qilib qurilgan. Rosmana uycha. Chayla yonida oshxona ham bor. Eski gaz plitamizni shu yerga o‘rnatganlar. Dadam ballonda gaz keltirib beradilar. Bobom unda nafaqat choy qaynatadilar, balki ovqat ham pishiradilar. Dala atrofidan simyog‘och o‘tmagani uchun bu yerda chiroq yo‘q. Ammo dadam buning ham yo‘lini topganlar. Bobomga kichkinagina dvijokli chiroq o‘rnatib berganlar. Shuning uchun qovunchi amakilar to uyqulari kelguncha bobomning chaylasida o‘tirishadi.

Ta’tilga chiqishimiz bilan ukam va men ham bobomning yoniga kelib olamiz. Chaylada yotish mazza. Yozning yoqimli shabadasi dimog‘ingga qovunlarning shirin hidini olib keladi. Qulog‘ingga esa qovunlarning azbaroyi pishib ketganidan tirs-tirs yorilayotgan sirli tovushi eshitiladi. Biz chayla ichidagi supaga qator qilib joy solamiz. Bobom bolaligida boshidan o‘tgan qiziq-qiziq voqealarni gapiradi. Ularning ovozi allalaydimi, uxlab qolganimizni sezmaymiz.

Bugun bobom qo‘shni qishloqdagi o‘rtog‘inikiga to‘yga ketadi. Aksiga olib kechqurun hokimiyatda fermerlar yig‘ilishi bor ekan. Demak, dadam ham kech keladilar. Chaylada ukam ikkalamiz qolamiz.

– Farhod, – dedi bobom zovur qirg‘og‘idagi uyum tuproqni ko‘rsatib, – men uzun tayoq tiqib tekshirib ko‘rdim. Chiyabo‘rilar inida yo‘q. Qo‘rqmasdan yotaveringlar. Uxlashdan oldin Qoraquloqni (itimizni aytyaptilar) zanjiridan chiqarib yubor. Bexavotir bo‘ladi. Tulkini ham, jayrani ham yo‘latmaydi.

– Xo‘p bo‘ladi, bobo. Bu sassiq hid chiyabo‘rining hidimi? Kechasi kelib qolmaydimi, ishqilib?

– Qo‘rqma, ular tonggacha allaqayerlarda izg‘iydi. Ungacha dadang kelib qoladi. – Bobom shunday deb poliz chetiga qaradilar. Keyin jahl bilan dedilar: – Zang‘arlar, anchagina qovunlarni g‘ajib tashlabdi-ku. Qoraquloq qayoqqa qaradi, itning qorni to‘q bo‘lsa shu-da, soya joyning topvolib yotaveradi. Kechqurun ovqat berma. Lekin bo‘shatib yubor!

– Usta, menimcha, chiyabo‘ri emas, polizga jayra oralagan, – suhbatga qo‘shildi qayerdandir kelib qolgan Mashrab amaki. – Kecha bittasini otdim.

– Darvoqe, shu nega esimga kelmabdi. Otgan bo‘lsangiz, sheriklari ancha vaqtgacha qorasini ko‘rsatmaydi, yaxshi qilibsiz, – bobomning chehrasi yorishdi. – Mashrabjon, kechki ovqatni bizning chaylada bolalar bilan yenglar. Men Orifboynikiga to‘yga ketyapman.

– Bahuzur. O‘zim jiyanlarga bir palovxonto‘ra damlab beraman.

– Sho‘rva qaynab yotibdi. Ichishvorsangiz bo‘ldi, – kuldi bobom.

Nihoyat, qushlarning chug‘uri tindi. Atrofni qorong‘ulik qopladi. Ukam Sardor ham yetib keldi. Sho‘rvani Mashrab amaki maqtab-maqtab ichdi. Qattiq qish bo‘lgan yili qishloqqa bo‘rilar bilan birga chiyabo‘rilar ham oralagani, bo‘rilar chala yeb ketgan qo‘ylarni yegani, hatto bir marta chiyabo‘rilar ham tunda ishdan qaytayotgan Bozorboy degan aravakashni ko‘plashib talashgani u sho‘rlik bir haftadan so‘ng quturish kasalligidan vafot etgani haqida biri-biridan vahimali voqealarni gapirib berdi. Chiyabo‘rining so‘lagida quturish kasalligining mikroblari bo‘larmish. Unga tishi tekkan jonivor borki quturar ekan, deya amaki gapini yakunladi. Uning hikoyasidan Sardorning rangi oqarib, ko‘zlari katta-katta ochilib ketdi. Shu payt amakining polizi tomondan itning qattiq hurgani eshitildi.

– Boray-chi, ot arqonini uzib ketdi shekilli, olapar vovullab qoldi. Sizlar eshikni ichidan ilib olib uxlayveringlar. Chiyabo‘rilar kelsa ham Qoraquloq chaylaga yo‘latmaydi.

– Amaki, iltimos, ketmang. Dadam kelguncha o‘tirib turing, qo‘rqib ketyapman. Eshiting, chaylaning orqasida nimadir shitirlayapti, – dedi Sardor ovozi titrab.

– Kap-katta bola, ertaga maktabga chiqay deyapsan-u, “qo‘rqaman”ning, nimasi? Shitirlayotgan suv. Chaylangiz orqasidagi ariqda suv kamayib ketibdi. Shunga shovullab oqyapti. Bemalol yotaveringlar, men darrov qaytaman. Oy ham rosa to‘lishibdi. Hamma yoq yop-yorug‘, – dedi amaki tashqariga chiqqach. Amaki ketgach, biz o‘ringa kirib yotdik.

– Aka, baribir qo‘rqib ketyapman, – deb Sardor meni mahkam quchoqlab oldi. Shu choq xuddi chaqaloqning yig‘isiga o‘xshash ovoz eshitildi. O‘zim ham qo‘rqib ketdim. Asta o‘rnimdan turdim. Ovoz juda-juda yaqindan eshitilardi. Go‘yo butun bir bog‘cha bolalari yig‘layotgandek. – Sardor, uyga ketamizmi? – dedim qo‘rquvimni yashirib.

– Ha, ketdik, – Sardor ustidagi choyshabni otib yubordi. – Balki dadam allaqachon uyga kelgandir. – Biz so‘ridan tushdik. O‘rnimizni yig‘madik ham. Men chayla eshigini ochib tashqariga qaradim. Hech kim ko‘rinmadi. Ammo osmonda xuddi oftobdek yum-yumaloq oy yorqin nur sochib turar, atrof yop-yorug‘ edi.

– Yur, ketdik, – Sardorni yetaklab tashqariga chiqdim. Chayladan anchagina uzoqlashgach yana atrofga quloq soldim. Hammayoq jim-jit. Hatto ariqdagi baqalar ham, o‘tloqdagi chirildoqlar ham uxlab qolganmi, tiq etgan ovoz eshitilmaydi. Bunday sukunat ham yurakka qo‘rquv solarkan.

– Aka, sezdingizmi, Qoraquloq ko‘rinmadi. Yoki u ham bobom bilan ketib qoldimikin?

– Qiziqmisan, Qoraquloqni ovqat yeb bo‘lganimizdan keyin zanjirini bo‘shatdim-ku. Unda bobom allaqachon to‘yxonada edilar. Ko‘p gapirmasdan tezroq yur, – ukamni shoshirdimmi, chalg‘itmoqchi bo‘ldimmi, bilmadim.

– Iye, ana Qoraquloq izimizdan kelayotgan ekan, – ariq bo‘ylarida qator saf tortib turgan tutlar tomonga ishora qildi Sardor. – Yonida boshqa it ham bor.

Men tutzorga qaradim. Ikkita katta tut orasida bir juft cho‘g‘ yonib turardi. – U Qoraquloqmas, Sardor orqamga opich, – cho‘kkaladim men. Sardor jon-jon deb orqamga mingashdi. Men uni opichganimcha yugurishga tushdim. Endi tutlar orasidagi “cho‘g‘lar” ko‘paydi. Eng yomoni, ular yo‘lning ikki chetidagi tutlar orasida ham yugurar, yo‘l-yo‘lakay chiyillab ham qo‘yardi. Bobomning gapi esimga tushdi, “chiyabo‘rilar chaqaloq yig‘isiga o‘xshab ovoz chiqaradi”. Qiziq, ular odamga hujum qilarmikan, qilmasa nega ta’qib qilyapti? Bultur yaqindan ko‘rganman. Chiyabo‘rilar unchalik katta bo‘lmaydi. Bizning Qoraquloqdan sal kichkina bo‘ladi. Lekin tez yuguradi.

– Aka, qarang, oy ham biz bilan baravar yuguryapti, – dedi Sardor bo‘ynimdan mahkam quchoqlagancha osmonga qarab. Aftidan u hech narsani sezmayapti. Men butun vujudimni bosgan sovuq terdan titrayotgan bo‘lsam-da, ovozimni dadillashtirib gapirdim.

– U bizning yo‘limizni yorityapti, Sardorboy adashib qolmasin, deyapti. – Men yana yugurdim. Ammo men yugurganim sari tutlar orasidagi shitirlashlar ham kuchaydi. Qahhor tog‘aning uyiga yetay, deb qoldik. Shu yerda tutzor ham tugaydi. Demak, biz ham ta’qibdan qutulamiz. Lekin men yanglishibman. Tutzor tugashi bilan “hamrohlarimiz” o‘zlarini ko‘rsatdi. Uchta chiyabo‘ri shartta oldimizdan kesib chiqdi. O‘n qadamcha narida to‘xtadi. Orqamga o‘girildim. Orqada ham yana uchtasi bemalol cho‘kkalab o‘tirib olibdi. Ko‘zlari cho‘g‘dek yonadi.

– Aka, bular itmi, shuncha it qayerdan keldi? – tashvishlanib so‘radi Sardor. – Aka, bular itmas, aka, bular chiyabo‘ri, ular bizni yeb qo‘yishmaydimi? – yig‘lab yubordi Sardor. – Boya Mashrab amaki aytgan odamxo‘r chiyabo‘ri bular!

– Yig‘lama, men ulardan qo‘rqmayman. Hozir haydab yuboraman. – Shunday deb bor ovozim bilan baqirdim: – Qoraquloq, g‘us, Qoraquloq! Lekin negadir ovozim ichimdan chiqmadi. Chiyabo‘rilar esa, maslahatlashgandek baravariga bizga yaqinlasha boshladi... Kutilmaganda tutlar orasidan Qoraquloq otilib chiqdi. Chiyabo‘rining kattasi itga yaqinlashdi. Biroq tashlanishga yuragi dov bermadi chog‘i, sekin orqaga tisarildi. Buni sezgan boshqa chiyabo‘rilar big‘illagancha o‘zlarini tutzorga urdi. Qoraquloq dahshatli vovullab ularni quvib ketdi. Men yengil nafas olib Sardorni orqamdan tushirdim. Yuragim shunday qattiq urardiki, xuddi ot dupuriga o‘xshardi. Shu choq dadamning “Farhod, Sardor, shu yerdamisizlar? “ – degan ovozi eshitildi.

– Dada, biz shu yerdamiz, dada, – mendan oldin baqirdi Sardor. Bu orada dadam yetib kelib otini yonimizda to‘xtatdi. – Bolalar, tinchlikmi, nega chayladan bemahalda chiqib ketdinglar? Mashrab amaki zir yugurib sizlarni qidirib yuribdi-ku. Ha, mayli, uyda gaplashamiz, qani, Sardorni uzat-chi, – men Sardorni jimgina ko‘tarib dadamga berdim. Uni egarning oldiga o‘tqazdilar. Keyin menga qo‘l uzatdilar. Men oyog‘imni uzangiga qo‘yib bir sakrab dadamning orqasiga o‘tirib oldim.

– Qayoqqa boramiz, uygami, chaylagami? – so‘radi dadam.

– Uyga, – dedi Sardor. – Oyimni ko‘rgim kelyapti.

Dadam ot boshini uyga burdilar. Men dadamning belidan mahkam quchoqlab oldim. To‘lin oy bizni uygacha kuzatib bordi. Uy yonida bizni Qoraquloq kutib oldi. Otdan tushib uyga kirayotganimizda qulog‘imga yana chiyabo‘rining ayanchli yig‘isi eshitildi. “Battar bo‘l. Sen bilan ertaga gaplashaman. Zovur bo‘yidagi iningni buzib tashlayman”, – dedim ichimda.

Bobom, chiyabo‘rilar faqat qishda, och qolgandagina odamga hujum qiladi, degandilar. Hozir yoz bo‘lsa. Yemish mo‘l, meva-cheva, qovun-tarvuz ko‘p. Nega endi chiyabo‘rilar bizni quvladi ekan? Yoki Mashrab amakining hikoyalaridan azbaroyi ta’sirlanganimizdan ko‘zimizga ko‘rindimikan? Bu savolimga hanuzgacha javob topolmaganman. Chunki na dadamga, na bobomga bu haqda hech narsa demaganman-da.

 

Muhabbat HAMIDOVA

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.