Mehr
Hikoya
– Qo‘yvoring! Qoching! Tegmang!
Shuhratjonning qichqirig‘iga itning angillashi qo‘shilib ketdi. Hovlida qiy-chuv, to‘polon ko‘tarildi.
Shuhrat papkasini uloqtirib, o‘zini cho‘nqaygan odam ustiga otdi. U dadasi bilan bu kishining niyatini darrov angladi. Rahmat aka og‘aynisi bilan To‘rtko‘zni bo‘g‘izlayotganga o‘xshardi.
Hammayog‘i qonga belangan To‘rtko‘z qorakuya solingan xokandoz ustidan bir hatlab g‘oyib bo‘ldi. Og‘zidan qo‘lansa hid anqib turgan Orif naynov gandiraklaganicha to‘ng‘illay-to‘ng‘illay darvozadan chiqdi.
Dadasi o‘g‘liga o‘shqirdi. Lekin Shuhrat buni eshitmas, xayolida bir hafta oldin eshitgan gap aylanardi.
Dadasi Orif og‘aynisi bilan itning dumi va quloqlarini kesmoqchi ekan. Shunda it begona ovozni darrov fahmlaydigan, chaqqon, abjir bo‘lar emish. Ammo, hali ham Shuhrat dadasining bunday dahshatli ishga qo‘l urganiga ishongisi kelmas, it ketgan tomonga ko‘zda yosh bilan termulardi.
Somonxonada g‘ujanak bo‘lib yotgan it borliqni shu xonadonda tanigan. Shuhrat unga To‘rtko‘z deb nom qo‘ygan.
U Shuhratjonga qattiq o‘rgangan. Bola maktabga ketayotganida iti uni ko‘cha muyulishigacha kuzatib, qaytishida kutib oladi.
Kuniga necha martalab bog‘ atrofini aylanib chiqishadi, somonxonada umbaloq oshishadi. Oldinma-ketin tomga chiqib, qishloqni tomosha qilishadi. Shuhrat unga qo‘li bilan maktab binosini, masjidni, tepaliklarni ko‘rsatadi. Anhor tomonda tentiramaslikni tayinlaydi. To‘rtko‘z ham qulog‘ini ding qilib egasini tinglaydi. Shuhrat itini teshikkulcha bilan siylaydi.
O‘sha voqeadan keyin Shuhrat uyda ko‘rinmay qoldi. Yolg‘iz qolgan To‘rtko‘z vaqtini chorbog‘da o‘tkazadi. Tig‘ tekkan quloqlarining o‘rni qichishar, pashsha qo‘nib, g‘ashiga tegar, haydashga mador yo‘q edi. Ikki ko‘zi uy tomonda, Shuhratjonni qo‘msaydi. Shu tobda bola kelsa-yu, To‘rtko‘z orqa oyoqda tik turib, unga surkalsa, cholvoridan tortqilasa, keng bedapoyada quvishsa, egasining qo‘lidan tomoq yesa.
Uy egalari esa unga beparvo. Har kuni darvozani ichidan tambalab, bog‘ tomondan qayoqqadir g‘oyib bo‘lishadi. To‘rtko‘z xonadon etagida, bog‘da sudraladi. Bir gal u ariqcha qirg‘og‘idan Shuhratjonning bir poy shippagini topib, qayta-qayta hidladi. Shuhratjonni topmoqchiday atrofga umidvor tikildi.
Bir hafta ichida itning sillasi quridi. Ozib-to‘zib ketdi. Boshi gangib, ko‘z oldi xiralashdi, hatto mushukning miyovlashini ham anglamas, sovuqdan dag‘-dag‘ qaltirardi. Qachon tong otib, qachon kun botganini ham sezmasdi.
Bir kuni havo ilib, quyosh nuri badanini yayratdi. Qulog‘iga bolalarning qiy-chuvi eshitildi. Ularning orasida kimdir “To‘rtko‘z, To‘rtko‘z!” deb baqirib qoldi.
It bu ovozdan sal o‘ziga kelgandek bo‘ldi. Kimdir uning boshini silaganini, qulog‘idagi yaraga iliqqina nimadir surtayotganini his qildi. U minnatdorchilik bildirish uchun boshini ko‘tarishga urindi, biroq ko‘zi tinib yana shalpaydi...
To‘rtko‘z o‘ziga kelganida atrof yop-yorug‘, yara joylarida og‘riq yo‘q, boshi, badani ham zirqiramas edi. Ko‘zlarini ochdi. Tepasida Shuhratjon go‘shtlikkina suyak ushlab jilmayib turardi. It quloqlarini dikkaytirib, egasiga suykalgisi kelib ketdi.
Muhayyo TO‘LAGANOVA