Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Pushaymon

Hikoya

 

Ayasi Muborak opa kasalxonaga tushgandan beri Anvar xolasi bilan birga yashayapti. Xolasi Karima opa Anvarga xuddi onasi kabi mehribon. Ertalab uyg‘otadi. Nonushta tayyotlaydi, ichirib, maktabga kuzatadi. O‘zi esa kuniga kasalxonaga opasining yoniga qatnaydi.

Anvar dars tugagach, ilgarigiday ko‘cha-ko‘yda o‘rtoqlari bilan o‘ynamay uyiga yuguradi.

Anvar xolasidan onasining ahvolini so‘radi deguncha u:

– Xudoga shukr, ayangning ahvoli ancha yaxshilanib qoldi, – deydi shosha-pisha.

– Ayang uyga kelsa, sho‘xlik qilmagin, unga shovqin-suron yoqmaydi, – deb qo‘shib qo‘yadi. Shunday kezda Anvar o‘tgan voqealarni eslab xomush tortib qoladi.

O‘sha kuni ishdan qaytgan ayasi odatdagiday kechki ovqatga unnadi. Doimo harakatlari chaqqon ayasining negadir shashti past edi. Zo‘rg‘a qadam bosib yumushlarini bajarar, ora-sira chuqur nafas olib hansirar, “Oh-h! Boshim aylanib ketyapti”, deb tez-tez divanga o‘tirib qolardi.

Oxiri DVD pleyer orqali televizorda videofilm tomosha qilayotgan Anvarga qarab:

– Bolam, televizoringning ovozini pasaytirib qo‘y. Shovqin yoqmayapti, – dedi.

Anvar televizorni o‘chirib, divanga cho‘zilgan ayasining oldiga kelib o‘tirdi.

– Aya-a, sizga nima bo‘ldi? – dedi mehribonlik bilan uning peshonasini silarkan.

– Oyoq-qo‘lim uvishayapti, bolam. Yurolmasam kerak. Bor, qo‘shnimiz Mavjuda opangni chaqirib chiq, – dedi onasi siniq ohangda...

Mavjuda opa “Tez yordam” chaqirdi. Shifokorlar Muborak opani zudlik bilan kasalxonaga olib ketishdi. Anvar Mavjuda opaning uyida tunadi. Ertasi kuni xolasi ularnikiga keldi.

Anvar onasining yolg‘iz o‘g‘li. Shuning uchun ayasi uni yer-u ko‘kka ishonmas, aytgan narsasini muhayyo qilar, Anvarning xonasi o‘zi xohlagan o‘yinchoqlar bilan to‘lib-toshgan edi. O‘yinchog‘i ko‘pligidan o‘rtoqlari unikidan arimas, kecha-yu kunduz xonaga ko‘milib, turli o‘yinlar o‘ynashardi.

Ayasi erta bilan ishga ketar ekan:

– Ovqatingni tayyorlab ketayapman. Ko‘chaga chiqma. Har xil yomon odamlar bor. Seni yo‘qotib qo‘ysam, men qanday yashayman. O‘rtoqlaring bilan uyda o‘ynagin, – deb tayinlardi.

O‘rtoqlari Anvarnikiga tap tortmay kirib kelaveradi, kechki ovqatgacha qolib ketishadi. Ishdan charchab qaytgan Muborak opa sabri tugab:

– Bo‘ldi endi, o‘g‘lim. Boshim og‘rib ketdi, – deyishga majbur bo‘lardi.

Keyingi vaqtlarda onasining holi-jonga qo‘ymay DVD pleyer oldirgan Anvar o‘rtoqlari chiqib ketgach ham film tomosha qilaverardi. Onasi:

– Bu shovqiningni yig‘ishtir, bolam. Biroz televizor tomosha qilaylik, – deb iltimos qilsa ham Anvar ko‘nmasdi.

Bir gal onasi Anvarning kundalikdagi baholarini ko‘zdan kechirib, undan xafa bo‘ldi.

– Baholaring “uch”ga tushib ketibdi-ku, o‘g‘lim. Hadeb o‘yinga berilavermay, darslaringni qilsang bo‘lmaydimi?! Kuni kecha o‘qituvching bilan gaplashdim. “O‘g‘lingiz biroz dangasa. Dars tayyorlashini o‘zingiz nazoratga oling”, dedi. Anvar, endi o‘yinni kamaytirib kitob o‘qigin, xo‘pmi? – dedi Muborak opa.

Anvar shunday mehribon ayasini norozi qilganidan endi xijolat bo‘lyapti.

Bugun xolasi Anvarni ham kasalxonaga olib bordi.

Bahor fasli shahar ko‘chasidagi dov-daraxtlarni yashillikka burkagan, xushhavodan bahramand bo‘lgan qushlar lojuvard osmonda emin-erkin qanot qoqardi.

Biroq tabiatning bu go‘zalligidan ham Anvarning dili yorishmadi.

Ammo... ayasi Muborak opaning ahvoli bugun haqiqatdan ham yaxshiga o‘xshadi. U o‘g‘lini chehrasi ochiq holda qarshiladi, bag‘riga bosib boshini silarkan: – Xolangni xafa qilmayapsanmi, o‘g‘lim? O‘qishlaring yaxshimi? – deb so‘radi.

– Hamma... hammasi yaxshi, – dedi Anvar. So‘ng negadir ko‘zlarida yosh halqalandi. – Aya, uyga qachon borasiz?

– Mana sog‘aydim-ku. Erta-indin borib qolsam kerak. Meni sog‘indingmi? – Ayasi hamon uni bag‘ridan qo‘yib yubormay sochlarini siypalardi.

– Aya... ayajon! Tuzalib borsangiz sizni hech... hecham xafa qilmayman! Shovqin ham solmayman. DVDni ham yig‘ishtirib qo‘ydim, – Anvar onasini quchoqlab oldi.

– Endi yaxshi o‘qiysanmi?

– Harakat qilaman. Darslarimni tayyorlayapman, tushunmaganimni o‘rtog‘im Asrordan so‘rab olyapman.

– O‘zimning mehnatkash o‘g‘limdan o‘rgilay, – Muborak opa o‘g‘lining yuz-ko‘zlaridan o‘pdi.

 

Ulug‘bek MUSTAFO

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.