Diyorbekning loflari yoxud To‘raqishloq hangomalari
(Jurnal varianti)
Assalomu alaykum, men uchun aziz va qadrdon bo‘lib qoladigan o‘quvchi do‘stlarim! Ushbu dil maktubini sizlarga juda qadimiy maskan – To‘raqishloqda yashovchi jo‘rangiz Jo‘rabek yozmoqda. Men kechagina To‘raqishloqdagi o‘rta maktabning bilag‘onlar sinfi (7-“b”)ni bitkazib, a’lochilar sinfi (8-“a”)ga o‘tdim.
Shubhasiz, To‘raqishloq haqida eshitgansiz! Chunki siz geografiyani suv qilib ichib yuborgansiz! “O‘z qishlog‘i tarixini bilmagan, tabiatini o‘rganmagan, uni jondan sevmagan o‘quvchiga mening darsimda o‘rin yo‘q”, – deydi geografiya va tarix fanlari o‘qituvchimiz Shotursun aka. Dadamning aytishiga qaraganda, bundan o‘ttiz yilcha oldin o‘zbekning qahramon shoiri, o‘ktam bahodiri Erkin Vohidov yon qo‘shnimiz Donishqishloqqa o‘tayotganlarida bizning uyda to‘xtab o‘tgan ekanlar. Sababi, donishqishloqlik Matmusa tog‘am bo‘ladi. Gaplarimga ishonmasangiz, kelib Matmusa tog‘amdan so‘ray qoling.
To‘raqishloq tarixi milodning boshlariga borib taqalishini juda ko‘p olimlar yozib qoldirishgan. Eng ishonchli manba (Shotursun akaning gaplari) xitoylik tadqiqotchilar aka-uka Shun-Day bilan Ha-Ha-Shun-Dayning “To‘raqishloq tarixi” (tarjimon Shotursun aka) kitobi ekan. Biroq undan ham ko‘ra ko‘proq otamning qishloq haqidagi ta’rifi qisqa va mazmunliligi bilan tengdoshlarimga ma’qul. Dadamning aytishicha, qishlog‘imizda qadimdan o‘ziga to‘q beklar, to‘ralar yashagan. Ular juda savodli, ma’rifatli va saxiy bo‘lgan. Qishloqda shunday odamlar ko‘p bo‘lgani uchun To‘raqishloq deb atashgan. Uyimiz qishloqning markazida joylashgan.
Kattakon hovlimizning o‘ng tomonida supa bor. Tuproqdan qilinib, ustiga jundan to‘qilgan namat tashlangan. Men mana shu supada yulduzlar bilan sirlashib, dam olishni yaxshi ko‘raman. Ana shunday kunlarning, to‘g‘rirog‘i, tunlarning birida Normat tog‘aning eshagi to‘satdan hangrab qoldi. Bu xosiyatli eshak tunda bekorga hangramasligini qishloqdagilar yaxshi biladi. U xavfni sezgandagina shu kabi – qisqa va aniq “kuylaydi”. O‘rnimdan sakrab turdim-u, ko‘chaga yugurdim. Va Matrayimga duch keldim.
– Bo‘rilar! – dedi u ko‘zlarini ola-kula qilib.
– Qayerdan bilding? Yo Normat tog‘aning eshagi aytdimi?
– E... shu paytda topgan gapingni qara-yu. Xarsangdaradan oshib o‘tganini o‘zim ko‘rdim.
– Yo‘g‘-e...
– Noutbukingdan Xarsangdarani och, ko‘rasan. Dara tepasidagi yong‘oq daraxtiga osib qo‘ygan videofon esingdami?
– Ha-a...esimga tushdi. Demak, bu o‘shaning ishi.
– Albatta-da!
– Qoyilman!
– Nima qilamiz?
– Jang qilamiz? Yo‘q, kurashamiz. Men hozir golf klushkamni olib chiqaman...
Matrayimning golf klushkasi toldan qilingan bo‘lib, so‘yilga o‘xshardi. Kurashish uchun, yana belbog‘li kurashda klushkaning nima keragi borligini tushunmasam-da, o‘zim ham uyga chopdim. Men ham nimadir olishim kerak-ku! Uyga kirdim-u ko‘zim sichqonqopqonga tushdi! Mana buni qurol desa bo‘ladi. Qancha sichqonlarni zirillatgan. Endi olmoqchi bo‘lib turuvdim, boshim bexos akamning boks qo‘lqopiga urildi.
– Nima qilyapsan? – Bu gurillagan ovoz otamniki edi. Qo‘limga boks qo‘lqopini oldim.
– Siz bilan bo‘rilarga qarshi kurashgani boraman, – dedim qat’iy.
– Barakalla! Ota o‘g‘il! Bo‘rilarni tezroq quvishimiz kerak.
Biz Xarsangdara tomon yurish boshladik. Xarsangdara! Ne-ne sinoatlarga boy makon. Tog‘larga osilib qolgan sirli xarsangtoshlar yonida o‘sgan ming yillik archalar, do‘lana-yu tog‘teraklar dara ko‘rkiga ko‘rk qo‘shib turadi. Bo‘rilar so‘qmoq yo‘l bo‘ylab, tog‘ etagidagi qo‘ra tomon kelmoqda. Qo‘ra yonidagi bo‘ribosarlar xo‘mrayib o‘tiribdi.
Bo‘rilar qo‘raga ikki-uch yilda bir hujum qilishi ma’lum bo‘lsa-da, ularning bu yilgi tashrifi sir edi. Chunki ular necha yil oldin kelgani noma’lumligicha qolgandi. Men qo‘raga olib boradigan so‘qmoq yo‘ldagi xarsangtosh ortiga, Matrayim esa chap tomondagi butalar orasiga berkinib oldik.
– Ko‘kbo‘rilar uyida tinchgina o‘tirsa bo‘lmaydimi, – dedi bir ozdan keyin Matrayim golf klushkasini taqillatib. Mahallamiz bolalari Matrayimdan ko‘ra uning klushkasidan ko‘proq qo‘rqardi. Matrayim to‘pni urganda to‘p bir tomonga, klushkasi ikkinchi tomonga uchib ketardi-da. O‘ng qoshimdagi chandiq izlari ham shundan.
– Ular qachon yetib keladi?
Men indamadim. Dushman sezib qolishi mumkin. Matrayimga esa baribir. Gapiraveradi.
– Bir narsa desang-chi, – dedi Matrayim ming‘irlab.
– Dard, deyman, – dedim achchiqlanib.
– Ha, ha, – dedi Matrayim. – Bo‘rilar kelishi og‘ir dard.
Shu payt uvillagan tovush eshitildi-yu, Matrayimning ovozi o‘chdi. Birdaniga ola-ta’sir boshlandi. Odamlarning baqir-chaqirlari, itlarning qo‘rqinchli vovullashi eshitildi.
Bo‘rilarning bir to‘dasi Matrayim biqinib yotgan buta yoniga kelib to‘xtadi. Qorong‘ida ularning ko‘zlari yonardi. Yuragimni vahima bosdi. Vaziyat qaltis edi. Bo‘rilar buta tomon yurdi.
– To‘xtanglar! – deb qichqirib yubordim vahima bilan. Tovushim tog‘lardagi toshlarga urilib, aks-sado beradi: – To‘xtanglar, to‘xtanglar, to‘xtanglar... Bo‘rilar to‘xtab, men tomonga qayrildilar.
Men xarsangtosh yonidan sakrab, yo‘q, uchib tushdim. Xayolimda Chingachguk (hindular sardori) edim. Bo‘rilar tishlarini g‘ijirlatgancha men tomon kelardi.
Shu payt butalar orasidan Matrayim chiqib kelsa bo‘ladimi. Ko‘rinishi juda vajohatli edi. Uni avval bu holatda sira ko‘rmagandim.
– Ey, bo‘rilar boshlig‘i! Iya, nimalar deyapman?! Sardori, ha, ha, sardori. Do‘stimga tegma. Agar uni yemoqchi bo‘lsang, avval meni yeyaqol! – Matrayim bu so‘zlarni chin dildan aytayotganiga aslo shubham yo‘q edi. Do‘st bo‘lsa, shunday bo‘lsa-da. O‘lim bilan yuzma-yuz turgan chog‘da ham do‘stini o‘ylaydigan do‘stim bo‘lgani qanday yaxshi.
– Do‘stligingiz hurmati. Men faqat sen bilan olishaman, – dedi u ko‘zlarini muloyimgina yumib ochib.
– Yopiray! Bo‘ri odamga o‘xshab gapirsa-ya. Matrayim u yoqda, men bu yoqda angrayib qoldik. Bu fikr aldamchi bo‘lishi mumkin. O‘zimni chimchiladim, o‘zgarish yo‘q.
– Ha, bo‘laqol. Nega qotib qolding?! – Bu bo‘rilar sardorining tovushi edi.
– Mendan qo‘rqayapti, deb o‘ylasang xato qilasan. Men boks bo‘yicha chempionman! Bryus Li, Van Dam va Hamdam ustozim bo‘ladi, – dedim boks qo‘lqopimni ko‘tarib, – marhamat, gilamga.
Bo‘rilar sardori bilan qoyatosh yonida ro‘para bo‘ldik. Atrof jimib qoldi. Ko‘z urishtirish jangi boshlandi. Bo‘rining ko‘zi qattiq bo‘lishini bilsam-da, sinfda ko‘z urishtirish o‘ynaganimiz foyda berdi. Nihoyat, bo‘rilar sardorining toqati toq bo‘lib, tishlarini g‘ijirlata boshladi.
Atrofimizni qurshab olgan bo‘rilar bamaylixotir o‘tirishardi. Menimcha, boks ularni qiziqtirib qo‘ygandi. Sardor hujumga o‘tdi. O‘ng qo‘l zarbasiga chap berdim. Yana zarba. Shu payt bo‘rilar sardorining chap qulog‘idagi halqaga ko‘zim tushdi. Xayol surib qoldim. Chap qulog‘im tomondan berilgan zarbadan so‘ng hushimga keldim. “Shoshmay tur, sardor”, dedim-da, yaxxu, deb osmonga bir sakrab bo‘rilar sardorining jag‘iga shunday musht tushirdimki, u uch-to‘rt qadam nariga uchib borib otamning oyoqlari tagiga to‘pillab tushdi. Otam bo‘rilar sardoriga tikilib qoldi. Bahaybat kulrang bo‘ri o‘rnidan turdi. Boshqa bo‘rilar jim edi. Aftidan bo‘rilar sardori mag‘lubiyatini tan olmoqchi edi. Shu payt otam bo‘rilar sardoriga qarab:
– O‘g‘limning zarbasi qalay? – deb so‘radi.
– Yomon emas, chidasa bo‘ladi.
– Ota o‘g‘il-da. O‘g‘il otaga o‘xshashi kerak. To‘g‘rimi?!
Bo‘rilar sardori endi otamga tikilib qoldi. Nazarimda, bu gapda qandaydir ma’no bor edi.
– Bahodir! Do‘stim. Ko‘rishgan vaqtimizni qara-ya! – Bo‘rilar sardori otam bilan quchoqlashib ketdi. Ko‘k bo‘rilarning tusi o‘zgarib, qizil bo‘riga aylanib qoldi.
– Akella? Do‘stim, unutmabsan! – Otam uning qulog‘idagi xalqani tortib qo‘ydi.
Otamning bo‘rilar sardori bilan tanishligini bilgach, “Ur-re”, deb qichqirib yubordim. Shu payt... “Gurs” etgan ovozdan ko‘zim yarq etib ochildi. Supadan pastga ag‘anagan ekanman. Yonimda tirjayib bo‘rilar sardori turibdi. Tikilib qarasam, o‘zimizning qora chovgum ekan. Ko‘zimni yana yumdim. Kimdir baland ovozda chaqirdi:
– Diyor! Diyorbek! Maktabga borasanmi?
Matrayimning tanish ovozidan xayolimmi, uyqummi buzildi. Otam bo‘rilar sardori bilan qanday tanish edi? Bilolmay qoldim.
Hozircha sizga aytmoqchi bo‘lgan voqeam shu. Erinmay o‘qib chiqqaningiz uchun sizlarga minnatdorlik bildiraman. Ha, aytgandek, Jo‘rabek bu adabiy taxallusim. Tag‘in bola yanglishdi, deb xursand bo‘lib yurmang. Yana uchrashguncha.
To‘raqishloqlik Diyorbekning tushini, yo‘g‘-e, hikoyasini Bahrom AKBAROV oqqa ko‘chirdi.