Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Mixail Zoshchenko. O‘ttiz yil o‘tib

Bolaligimda ota-onam meni juda yaxshi ko‘rar, doim sovg‘alar bilan siylardi. Balki bunga ko‘p kasal bo‘lganim sababdir. Chunki tomog‘im og‘risa, tepki bo‘lganimda, shamollasam ota-onam dori bilan birga darrov sovg‘a ham ko‘tarib kelardi.

Opam Lelya esa aksincha, deyarli kasal bo‘lmasdi. Shuning uchunmi unga uydagilar uncha e’tibor bermasdi. Sho‘rlik opamning ko‘p kasal bo‘lishimga hatto havasi kelardi.

– Hali ko‘rasan, Minka, men ham qachondir kasal bo‘laman. O‘shanda ota-onam menga ham albatta, sovg‘a beradi, – derdi u menga.

Afsuski, Lelyani sirayam tobi qochmasdi. Faqat bir marta stul qo‘yib tokchaga chiqqanida yiqilib, peshonasi g‘urra bo‘ldi. Og‘riqdan ingrab oyimning oldiga bordi, biroq sovg‘a o‘rniga shapati yedi. Chunki u onamning qimmatbaho soatini olish uchun tokchaga chiqqan edi-da.

Bir kuni ota-onamiz bizni yolg‘iz qoldirib teatrga ketganda opam ikkalamiz bilyard o‘ynashga kirishdik.

– Minka, bilmasdan bilyard soqqasini yutib yubordim, – dedi Lelya pichirlab.

Men juda qo‘rqib ketdim, axir, soqqalar kichkina bo‘lsa ham metalldan edi-da. Ichida yorilib ketsa-chi, deb o‘ylab yig‘lab yubordim.

– Qo‘rqma. U yorilmaydi. Lekin bu sendagi tomoq og‘rig‘i yoki tepkiga o‘xshab uch kunda o‘tib ketmaydi. Bu – bir umrlik kasallik, – dedi opam.

Lelya divanga yotvolib qornini ushlagancha voy-voylashga tushdi.

Ota-onamiz kelganda bo‘lgan voqeani aytib berdim. Ularning ranglari oqarib ketdi. Onam yig‘lagancha Lelyani tinmay o‘par, nima qilishini bilmasdi. U Lelyadan o‘zini qanday his qilayotganini so‘radi.

– Soqqa qornimda u yoqdan bu yoqqa dumalab, qitig‘imni keltiryapti. Yana apelsin yegim kelyapti, shokolad ham, – inqilladi opam.

Otam yo‘lakda paltosini kiya turib:

– Men hozir doktorni olib kelaman. Sen Lelyani sekin o‘rniga yotqizib tur, – deb tayinladi.

Onam Lelyaning nimchasini avaylab yechayotganda cho‘ntagidan nimadir tushib, karavot tagiga dumalab ketdi.

Hali chiqib ketishga ulgurmagan otam qoshini chimirgancha bilyard stoli oldiga borib, soqqalarni sanay boshladi. Soqqa o‘n beshta chiqdi. O‘n oltinchi, Lelya “yutib” yuborgan soqqa esa karavot tagida yotardi.

– Lelya bizni aldabdi. Uning qornida hech qanday soqqa yo‘q: hamma soqqalar joyida. Qani tushuntirib ber! Bu nima qilganing? – jahl bilan Lelyani turtdi otam.

Lelya boshini egib, miq etmay turaverdi.

– Sen biz bilan hazillashmoqchi bo‘ldingmi? Bu qilgan haziling senga juda qimmatga tushdi. Senga bir yil hech narsa olib bermayman! – otam eshikni qattiq yopib chiqib ketdi.

– Bu yolg‘onni o‘ylab topgandan ko‘ra, tepki bo‘lishingni kuta qolsang bo‘larkan, – dedim, opamga achinib.

Shu voqeaga ham o‘ttiz yildan oshdi. Opam allaqachon uchta bolali bo‘lgan, baxtli kechiryapti. Bugun o‘sha voqeani esladim-u, uni anchadan beri ko‘rmaganimni, juda sog‘inganimni his qildim va poyezdga o‘tirib uni ko‘rgani ketdim. U meni quchoq ochib kutib oldi. To‘kin dasturxon atrofida o‘tirar ekanmiz, unga o‘sha voqeani eslatdim va o‘shanda nima uchun shunday qilganini so‘radim.

– Bilasanmi, ukajon? Men o‘sha qilmishimdan hech qachon pushaymon bo‘lmaganman. Chunki o‘sha yolg‘onim tufayli ota-onam meni ham sendan kam yaxshi ko‘rmasliklarini bilib olganman. Lekin bu mehrni menga nega sezdirishmagan, hali ham javob topolmadim. Ammo bu menga saboq bo‘ldi. Men uchala o‘g‘limga ham bir xil mehr ko‘rsatyapman, – dedi opam ma’yus jilmayib.

Men opamni qattiq quchoqlab, uni juda yaxshi ko‘rishimni aytdim. Opam boshimni siladi. Uning kaftidagi harorat tanamni ilitdi.

 

Barno LUTFULLAYEVA tarjimasi

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.