Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

O‘xshamagan rasm

Bolalar! Hamidulla Murodov nomi sizga yaxshi tanish. U kishining “G‘uncha”, “Gulxan” jurnallarida chop etilgan she’r, topishmoq, tezaytishlarini mazza qilib o‘qigansiz, yod olgansiz. Bu yil “O‘zbekiston” nashriyotida ijodkorning keyingi yillarda yozgan hikoyalari “Qaldirg‘ochlar qo‘shig‘i” nomi bilan chop etildi. Quyida ana shu kitobdan joy olgan hikoyalarning biri bilan tanishasiz.

O‘qituvchi dars so‘ngida bolalarga:

– Kelgusi darsimizga toychoq rasmini chizib kelasizlar, – deb uyga vazifa berdi.

Nodirjon uyga keliboq, rasm chizishga kirishdi. Ammo chizganlari toychoqqa o‘xshamadi.

– Yaxshisi chizmayman, – dedi u o‘ziga. – Rasmni dadamga chizdiraman.

Shunday qildi ham. Dadasi ishdan kelganda erkalanib toychoq rasmini chizib berishini so‘radi. Ertasiga darsga borganda dadasi chizib bergan rasmni ko‘rsatib, hammaga rosa maqtandi.

– Ko‘ryapsizlarmi, mana bu – men chizgan toychoq!

Bolalar uni maqtanchoqligini yaxshi bilishsa ham, u chizgan rasmni ko‘rish uchun atrofini o‘rab olishdi.

– Naq toychoqni o‘zi! – dedi biri.

– Men ham shunday chizganimdami, – dedi yana biri.

– Rosti bilan o‘zing chizdingmi, Nodir?!

– Albatta, o‘zim-da. Axir, birov chizib bermaydi-ku...

Dars boshlanganda ustoz Nodirjonga toychog‘ini doskaga chizib berishni topshirdi.

– Ha, o‘g‘lim, nega rasmni chiza olmayapsan? – so‘radi ustoz bo‘rni ushlagancha o‘ylanib qolgan Nodirjonga qarab.

– Bo‘r yaxshi emas ekan, – dedi Nodirjon shalvirab. Bu gapdan o‘quvchilar kulib yuborishdi. Nodirjon esa qizarib ketdi.

Nodirjon qanchalar urinmasin, u chizgan rasm dadasi chizgan rasmga o‘xshamasdi. Oxiri, qilgan aybi – rasmni dadasiga chizdirganiga iqror bo‘ldi.

– Buni allaqachon sezgandim, – dedi ustozi. – Shuni tan olganing, to‘g‘ri gapirganing uchun ham seni kechirdim.

Nodirjon bu gapdan biroz yengil tortgandek bo‘ldi...

 

Hamidulla MURODOV

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.