Yangi yil hangomasi yoki “qovun tushirgan” bolalar
Bu voqea o‘tgan yili yangi yil kuni sodir bo‘lgan edi. O‘sha kunni eslasam, haligacha uyalib ketaman. O‘zi ham tinib-tinchimagan bolaman-da. Rejalashtirgan ishim amalga oshmaguncha qo‘ymayman, biroq o‘xshata olmasam, ancha vaqtgacha o‘zimni koyib yuraman.
Hammasi boloxonani tozalagan kunimdan boshlandi. Oyimning topshirig‘i bilan anchadan beri hech kim chiqmagan katalak xonani tozalashga kirishdim. Xona kichkina bo‘lsa ham, bu yerda yo‘q narsaning o‘zi yo‘q. Bobomning qirqinchi lampa chirog‘idan tortib, dadam yotgan beshik ham shu yerdan qo‘nim topgan. Xonani yig‘ishtirayotib katta qog‘oz quti diqqatimni tortdi. Ochib qarasam, Qorbobo bilan Qorqizning kiyimi. Uni bir vaqtlar ammam tikuvchilikka o‘qib yurgan paytlarida “Bayram liboslari” tanloviga tikkanlarini esladim. Shu vaqt xayolimga zo‘r fikr kelib qolsa bo‘ladimi. Xonani tez-tez yig‘ishtirgan bo‘ldim-da, Xurshidlarnikiga chopdim.
– Qayoqdagi gaplarni gapirasan. Endi bir kami Qorboboning kiyimini kiyib mahallada yurishimiz qoluvdi. Topgan pulimizga telefonning qopqog‘ini ham bermaydi, – dedi Xurshid rejamni eshitgach.
Xullas, uni salkam bir oy ko‘ndirishga harakat qildim. Yangi yilga yaqin qolganda u Qorbobo kiyimini kiyishga rozi bo‘ldi. Soqol, hassa va qopni ham o‘zi topadigan bo‘ldi. Avval bog‘chaga boradigan bolalarning ro‘yxatini tuzdik va xat tayyorladik. “Yangi yil kuni siz kutgan Qorbobo mehmonga keladi. Bizdan xizmat, sizdan himmat!”. Xatni bayramga 3-4 kun qolganda eshiklariga qistirib ketdik. Anchadan beri yig‘ib yurgan pulimizga naq ikki kilogramm shokolad, mayda-chuyda o‘yinchoqlar sotib oldik. Bir vaqt qarasam, Xurshid “sport” deb yozilgan xaltasini ko‘tarib kelibdi. Ko‘nglim to‘lmagani uchun qorboboning qopini o‘zim topdim.
Xurshid mendan sal durkunroq bo‘lgani uchun unga Qorbobo kiyimi juda yarashdi. Va’daga binoan menga Qorqiz kiyimi qoldi. Yo‘qlovni Sattor amakinikidan boshladik. Sattor amaki nafaqadagi o‘qituvchi. Bizning maktabda salkam qirq yil geografiya fanidan dars bergan. Har kuni mashinasida nevaralarini bog‘chaga olib boradi.
Bolakaylar bizni astoydil kutishgan ekan, darrov mehmonxonaga boshlashdi. Biri qo‘yib, biri olib she’rlar aytishdi. Sattor amaki bo‘lsa dasturxondagi noz-ne’matlardan yeyishga undardi. Do‘stim soqolining ko‘chib ketishidan, men lab bo‘yog‘i bilan ovqat yeyish mumkinmi yoki yo‘qmi – bilolmay, dasturxonga qo‘l uzatmadik.
– Qorbobo, bitta savol bersam maylimi? – dedi bijildoq nevara qizlari ketar oldidan.
– Mayli, – dedi do‘stim.
– Bugun dunyodagi hamma odamlar yangi yil kutadimi?
– Yo‘q, – dedi Xurshid salmoqli ohangda.
– Nima uchun? – deya qizcha yana savolga tutdi.
Javob topolmagan Xurshid meni turtdi.
– Chunki u mamlakatlarda qor yog‘maydi, – dedim do‘stimni qutqargan bo‘lib.
Shu payt qo‘lida pul bilan qo‘shni xonadan chiqib kelayotgan ustozga ko‘zim tushib qoldi. Sattor amaki mening javobimni eshitib boshini sarak-sarak qilib qo‘ydi. Noto‘g‘ri javobimdan uyalib o‘zimni eshikka urdim. Ortimdan Xurshid ergashdi. Xullas, ustozdan pul olishga yuzimiz chidamay ko‘chaga otildik.
Nafasimizni rosladik-da, duogo‘y Malika xolanikiga yo‘l oldik. Ko‘chadagilar bizning kiyimimizga havas bilan qarashar, uylariga ham taklif qilib qo‘yishardi.
Malika xola bizni bir etak nevaralari bilan kutib o‘tirgan ekan, duolarini boshlab yubordilar. “Qorbobo bo‘lgan bolalarimdan o‘zim o‘rgilay. Tani-joningiz sog‘ bo‘lsin, oltin boshingiz omon bo‘lsin”, deya bizni mehmonxonaga boshladilar.
Ichkarida noqulayligimiz ancha aridi. Bolalar sovg‘a ilinjida she’r aytib, raqsga tushdilar. Mahmadona nevaralaridan biri ingliz tilida she’r o‘qigach:
– Qorbobo, she’rimning tarjimasini bilasizmi? – deb so‘rab qolsa bo‘ladimi. Do‘stimni qutqarish uchun gapni ilib ketdim.
– Qish keldi, hammayoq oppoq qor. Men bu faslni yaxshi ko‘raman, – deb tarjima qilgan bo‘ldim.
– Men Qorbobo bilan Qorqiz hamma narsani biladi, deb o‘ylar edim, topolmadingiz. “Har yili yangi yil menga bir yosh olib keladi”, deb aytdim, – dedi bolakay qo‘limdan shirinlikni olar ekan.
Yana bog‘cha bolalariga mot bo‘lib hovliga chiqdik. Malika xola oshxonadan bir xalta yangi yil shirinliklarini olib chiqib qo‘limizga tutqazdi. Keyingi xonadonlarda ham ishimiz juda baroridan kelgani yo‘q.
Biz mulzam bo‘lib uyga qaytdik. Eng muhimi, shu kuni haqiqatni aniq tushunib yetdik. Qorbobo va Qorqiz liboslarini kiyib, ular qiyofasida odamlarga ko‘rinish ham kishidan katta mas’uliyat talab qilar ekan.
Hilola HAMDAMOVA