Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Eskivoy va yangivoy

Soat millari tungi 23: 30. Devorda osig‘liq kalendar negadir xomushgina bo‘lib “31-dekabr” sanasini ko‘rsatib turibdi. Komilalarning uyi bayramona bezatilgan. Katta xona o‘rtasida savlat to‘kib turgan archa tevaragida hamma parvona. Go‘yo butun dunyo bezaklari shu archa gardaniga osilgan – mitti sharchalar-u bejirim o‘yinchoqlar, turfa ranglarga boy zarlar-u bir-birini quvib miltillayotgan chiroqlar... Atrof shovqin, kulgu, qiyqiriq. Barchaning yuragida bir intiqlik bor: soat millari qachon yangi yil kirib kelganligini bildirib bong chaladi?

Komila betinim to‘s-to‘polondan biroz zerikdi. O‘zini chetga olib, deraza pardalariga kaft bosdi. Keyin odatga ko‘ra soatga qaradi – 23: 32. “Ajoyib o‘xshashlik”, o‘yladi u. “To‘g‘ri qarasang ham, teskari qaytarsang ham bir xil raqamlar. Xuddi hozir qandaydir g‘ayritabiiy hodisa yuz beradigandek...” Fikrlarini xayolan takrorlash davomida pardani surib tashqariga boqdi. Qaradi-yu mudroq bosgan ko‘zlarini katta-katta ochib yubordi. Tashqarida bir-biriga juda o‘xshash dumaloq shakldagi ikkita nur betinim aylanmoqda. Hayajonda qotgan Komila birozdan so‘ng o‘ziga keldi va deraza oynalarini ochib yubordi. Hali hamon girdob yasab aylanayotgan nurlarga sinchiklab termuldi. Ishonmasa-da, endi ularning elas-elas bilinayotgan yuz-ko‘zlarini ham ilg‘ay boshladi.

Shu payt atrofdagi shovqin birdan tindi-yu, kimlarningdir suhbati quloqqa chalina boshladi. Komila yon-veriga qaradi, hech kim yo‘q. Ovoz esa ko‘cha tomondan, aniqrog‘i mittivoylar – nurlardan taralmoqda edi. Ular tomon bor vujudini quloqqa berib qarayotgan Komila nihoyat nurlar suhbatini tinglay boshladi.

– Sendan iltimos, Yangivoy. Vaqt bobodan iltimos qilib ko‘raylik, meni yana bir yil qoldirsin.

– Tushunsang-chi, Eskivoy. Buning sira iloji yo‘q. Vaqt bobo hamma narsani, barcha voqea-hodisalarni o‘z o‘rnida bo‘lishini xohlaydi. Sening bu talabing bobomizga yoqmasligi aniq.

Tobora kichrayib borayotgan Eskivoy qizargan burnini tortgancha tevarakdan ilinj izladi. Va nigohi derazadan ularning suhbatini eshitib turgan Komilaga tushdi.

– Ana, ana... Anavi qizdan iltimos qilib ko‘raylik. Balki Vaqt bobo uning so‘zini inobatga olar. Nima deding, Yangivoy?

Eskivoyning talabiga bilinar-bilinmas yelka qisgancha Komila tomon yurgan Yangivoyga Eskivoy ergashdi. Va birgalashib qizchaga Eskivoyning iltimosini aytishdi. Komila esa eski yilning xomush boqishidan ich-ichidan xafa bo‘layotgan bo‘lsa-da, Yangivoyning fikrini ma’qulladi:

– Sen xafa bo‘lma, Eskivoy. Noming eski yil bo‘lsa-da, sendan barchamiz minnatdormiz. Axir senda ajoyib kunlarni o‘tkazdik-ku. To‘g‘ri, bir safar sinfdoshim Turg‘unni, yana bir safar ustozimni xafa qilib qo‘ydim. Ammo bu mening aybim. Agar uy vazifasini ko‘chirish uchun daftarimni bir safar Turg‘unga berib turganimda u, yana bir safar bermaganimda ustozimiz mendan xafa bo‘lmasdi. Hammasiga o‘zim sababchiman. Ana shu xatolarni keyinchalik takrorlamaslik uchun ham bizga yangi yil kerak. Tushundingmi, Eskivoy?

Komila so‘zini tugatdi-yu Eskivoyga yuzlandi. Ammo u kichrayib-kichrayib, havoga singib keta boshladi. Faqatgina uning, “Xayr, Komila. Meni unutma”, degan ovozi elas-elas eshitilib turdi. Komila esa eski yilni xafa qilmasdan kuzatganidan mamnun holda Yangivoyni kaftiga oldi. Shu payt xona ichkarisidan onasining ovozi eshitildi:

– Qizim, qayerdasan? Kelaqol, Yangi yil kirib keldi.

Komila bo‘lib o‘tgan voqealarni hammaga aytib berish uchun kaftidagi Yangivoyni ko‘targancha ortiga qaytdi. Ammo Yangivoy qizning qulog‘iga “Kelgusi yangi yil bayramigacha men sen bilanman”, dedi-yu havoga qorishib ketdi. Xonaga kirib kelgan Komilaning nigohi esa birinchi galda devorda osig‘liq yangi yil kalendariga tushdi. U kalendarga qarab qo‘l silkib qo‘ydi.

 

Farhod ESHMO‘MINOV

 

 

Beminnat do‘st

Inson hayotida ko‘plab do‘st orttirishi mumkin, lekin kitobdan yaxshiroq beminnat do‘st bo‘lmaydi. Undan saboq olishdan tashqari hayot uchun kerakli yo‘lni tanlab olishni ham o‘rganamiz.

Oq-qorani ajratishda, qanday inson bilan do‘st tutinish kerakligini o‘rgatuvchi ham kitobdir.

Darhaqiqat, senga oq yo‘l tilagan, oydin hayot sari yo‘llagan kitobdan hamisha qarzdorsan.

 

Layloxon BUXOROVA,

Toshkent shahar Uchtepa tuman 287-maktab 9-sinf

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.