Sayohat
Fantastik hikoya
Bobur tarix fanini juda yaxshi ko‘radi. Yozgi ta’tilda u kutubxonadagi barcha tarixiy kitoblarni o‘qib chiqdi.
– O‘g‘lim, otlan, oying bilan seni Samarqand ziyoratiga olib boraman, – dedi dadasi, ta’til tugashi arafasida.
Samarqandga kelgach, mehmonxonaga joylashishdi. Bobur bilan oyisi tarixiy obidalarni tomosha qilib bo‘lgach Amir Temur maqbarasiga kirishdi. Maqbara ichida taralayotgan nur Boburning ko‘zlarini yumib orqaga tisarildi va bir nimaga qoqilib yiqilib tushdi. Anchadan keyin o‘ziga kelib qarasa, shoh saroyida turibdi. Vazirlar podsho taxtini o‘rab olib nimalarnidir gaplashayapti. Bobur ularning tilini bir tushunib, bir tushunmasdi.
– Axir bu turkiy til-ku, – dedi diqqat bilan tinglagach. Birdan xona eshigi ochilib, kiyimlari o‘ziga yarashgan, baland bo‘yli, go‘zal bir ayol kirib keldi. Odob bilan yurib, taxtga yaqinlashdi. Bobur o‘zini sekin panaga oldi.
– Keling Bibixonim, xush ko‘rdik, – deb hurmat ko‘rsatdi podshoh. Bu so‘zni eshitib Boburning hayajoni yanada ortdi.
– Nahotki men Amir Temur saroyidaman. Ha-ha, bu bobom Temur-ku, – deb baqirib yuborganini bilmay qoldi. Birdan saroy ahli u tomonga qaradi, ikki navkar chaqqon yurib uning ikki qo‘lidan ushladi va taxt oldiga olib keldi. Boburning kiyimlari ularni hayron qoldirdi. Temur unga qarab shunday dedi:
– Sen qay bir qavmdansan? Nechuk bu ahvolda kiyingansen?
Bobur egnidagi shortidan uyalib ketdi.
– Shohim, men sizni tanidim, siz Temur bobomsiz. Men sizning kelajagingizdagi zurriyodlaringizdanman. Siz haqingizda hamma biladi. Momom Bibixonimni ham ko‘p eslashadi. Sizlarning hayotingiz men va do‘stlarim uchun ibrat. Mo‘jiza yuz berib bu olamga tushib qoldim.
Temur uning so‘zlariga tushunganday bo‘ldi. So‘ng:
– Agar mening avlodimdan ersang, menga olaming haqida so‘ylab bergil. Madrasa ko‘rgondursanmi? Xat-savod va hisob ilmini bilurmisen? – dedi.
– Bobojon, siz aytgan madrasani biz maktab deymiz. Men yozish, mantiq hamda hisob ilmini bilaman. Ajdodlarimiz tarixi-yu sizning o‘gitlaringizga amal qilishni burchimiz deb bilamiz. Mustaqil yurtimizda siz va sizning millatga qilgan xizmatlaringiz haqida g‘urur bilan eslaymiz.
– Borakallo, bo‘tam, – dedi Temur. – Sening bu yerdaligingni ota-onang bilurmi, ularni xavotirga qo‘yma, tez zamoningga qayt. Mening avlodlardan roziligimni xalqimga ayt. Ular ilm-u ma’rifatg‘a oshno bo‘lub, adolat birlan hayot kechirsun, millat sha’nig‘a munosib bo‘lsun. Bilsunlarkim, millat hamjihatlig‘ ila ish yurutsa, mamlakat qudratli bo‘lir. Yana elining urf-odatig‘a va libosig‘a, sha’nig‘a xiyonat qilmasunlar.
Temur shu so‘zlarni aytar ekan, qo‘llarini duoga ochdi. Qo‘lidan taralayotgan nur yana Boburning ko‘zlarini qamashtirdi. Bobur ko‘zlarini chirt yumdi-da, boshi aylanayotganini sezdi. Birpasdan keyin ko‘zini ochsa Temur maqbarasining oldida turibdi. Oyisi Boburning yuzlariga hovuchlab suv sepyapti.
O‘quv yili boshlangach Bobur boshidan kechirgan voqealarni muallim va do‘stlariga so‘zlab berdi. Shunda muallim:
– To‘g‘ri Boburjon, bizning ajdodlarimiz, buyuk bobolarimiz doim biz bilan birgadirlar. Ular doim bizni duo qiladilar. Duo olgan odam kam bo‘lmaydi, – dedi.
Muslima NUSRATULLAYEVA,
Toshkent shahar Yakkasaroy tumani 127-maktabning 5-sinf o‘quvchisi