Bolalarga ijod qilib hormasinlar hech qachon, xalqimiz suygan shoir ustoz Anvar Obidjon
Shu kunlarda respublikamiz bo‘ylab O‘zbekiston xalq shoiri Anvar Obidjonning 70 yillik to‘yi nishonlanmoqda. Qadrli o‘quvchilar, siz uning o‘nlab she’rlarini o‘quv darsliklaringiz orqali yod olgansiz, bir-biridan qiziq qissa, hikoyalarini sevimli gazeta va jurnallaringizda o‘qigansiz, bolalar uchun chop etilgan o‘nlab kitoblari maktab va oilaviy kutubxonangizdan joy olganiga ishonamiz. Biz – “Gulxan” jurnali tahririyati jamoasi ham bolajon ijodkorimizni qutlug‘ yosh bilan samimiy qutlaymiz va yana uzoq yillar sog‘-salomat yurib bolalar adabiyoti xazinasiga munosib hissa qo‘shishlarini tilab qolamiz.
Quyida biz Anvar Obidjonning ko‘plab kitobxonlar mehrini qozongan “Ajinasi bor yo‘llar” kitobidan ayrim lavhalarni o‘quvchilarga taqdim qilmoqdamiz. Bu lavhalar shoirning armonli kechgan bolaligi va kitobga, she’riyat olamiga kirib kelgan onlari haqida hikoya qiladi. Ishonamizki, ushbu hayotiy manzaralardan olingan parchalarni o‘qigan jurnalxonlar, albatta, uning davomiga qiziqib qoladilar va bu kitobni izlab topib o‘qiydilar.
Tahririyat
Ajinasi bor yo‘llar
(Parchalar)
...Men maktabga borgan yillarim qishloq bolalari chit, bo‘z, trinka matolardan tikilgan kiyimlarni kiyishar, qishloqda o‘ntadan bittasida telpak, palto, magazinning jun shimi bo‘lsa bo‘lar, qolganlari to‘n yoki fufaykacha, po‘pakli ishtonbog‘i sonida sangillab turuvchi qo‘lbola ishton, kirza etikcha va do‘ppida yurardi. Qizlar esa kamzul ustidan xaltaga o‘xshash paxtali baxmal chopon kiyishar, boshga qalin ro‘mol o‘rashar, jajjigina kalish-maxsi oyoqlariga juda yarashib turardi.
O‘quvchilar sumkasi degan narsaning o‘zi yo‘q edi. Onalarimiz qalin matodan xalta tikib berar, uning bo‘yinga ilib oladigan uzun bog‘ichi, siyohli dovot solinadigan cho‘ntakchasi bo‘lardi. O‘qituvchimiz qayta-qayta uqtirishiga qaramay, siyohga botirilgan ruchkaning perosini dovot chetiga bir surtib olishni esdan chiqarib qo‘yaverardik, natijada, ortiqcha siyoh goh daftarimizga tomib tushardi, goh qo‘limiz rangga belanardi. Shu qo‘l bilan beixtiyor burun artsak, ustki labimizda rangmo‘ylov paydo bo‘lib kulgiga qolardik. Tanaffus bo‘ldi deguncha, birov mulla aka (o‘qituvchi)mizga qo‘shilib radio tinglar, birov kitob xaltasiga solib kelgan nonini kavshay boshlar; ko‘pchiligimiz qiy-chuv bilan quvlashib yurib, darsga qo‘ng‘iroq bo‘lganidagina, maktab yonidan oqib o‘tuvchi ariq sari chopardik, yerga yotganimizcha og‘zimizda simirib suv icha boshlardik.
...Iloji boricha kunduzi dars tayyorlashga urinardim. Qorong‘iga qolsang, kerosin isi anqib turadigan lampa-chiroq ko‘zingni toliqtirgandan toliqtirib tashlaydi. Endigina paydo bo‘lgan elektr chiroqlari oyiga uch-to‘rt yiltillagan bo‘ladi. Shundayam shamdan xira. Bu yetmagandek, umumiy qilib solingan ko‘rpada qatorlashib yotgan opa-ukalaring: “Chiroqni o‘chir! Uxla!” – deb tixirlik qila boshlaydi.
...Ilgarilari kitob eshitishni yoqtirgan bo‘lsam, savodim chiqqach, kitob o‘qishga tobora berilib boraverdim. U zamonlarda aralash mollar do‘konida kitob ham sotilardi. Kitob o‘qishga ishqibozligimni bilgan magazin mudiri Abdukarim meshqorin: “Manavining ichi g‘ij-g‘ij ertak. Manavining rasmlari ko‘pligini qara”, deb menga dam u, dam bu kitobni tiqishtirardi. Narxini orqa muqovadan ko‘rib, pulni tezda olib chiqardim. Kitob olaman desam, dadam pulni sira ayamasdi, o‘sha zahoti rozi bo‘lardi.
...Bir kuni dadam bilan Farg‘ona shahriga aylanishga borganimizda o‘shanda yangi paydo bo‘lgan “G‘uncha” jurnaliga ko‘zim tushib, sotib oldim. Uyga kelgach, uni zavqlanib varaqlay ketdim, rasmlarni yayrab tomosha qildim. Lekin, undagi she’rlarning ba’zilari juda jo‘n tuyuldi, men hozirning o‘zida bundan yaxshiroq yoza olaman, degan havoyi bir ishonch chaqnadi ko‘nglimda. Shu maqtanchoqlik turtki berib, kuniga she’rlar yozaverdim, ularni issig‘ida konvertga solib, kunora “G‘uncha”ga (boshqa nashrlar ham borligi sira xayolimga kelmasdi) jo‘nataverdim. U yoqdan kelgan javob xatlarning mazmuni yozganlarim hali juda bo‘shligini anglatsa-da, buni tan olishni aslo-aslo istamasdim.
...Uyimizdan yuz sakson qadam narida qurila boshlagan 800 o‘rinli, biqinida stadionbop kenggina yalangi bor yangi 13-maktab men oltinchi sinfga o‘tganimda bitdi. Bir qavatli bo‘lsa-da, o‘sha zamonning ko‘zi bilan qaralsa, Oltiariqdagi eng katta, eng ko‘rkam maktablardan biri edi. Sakkizinchi sinfni tugatgunimcha shu yerda o‘qidim.
...Bu davrda she’r yozishga yanada berildim, badiiy kitoblarga chippa yopishib, darslar, darsliklarga qiziqishim so‘nib boraverdi. Kitoblarning aksariyati ertaklar, “Go‘ro‘g‘li”, “Alpomish”, “Orzigul”, “Ravshan va Zulxumor”, “Kuntug‘mish” singari xalq dostonlari edi. Orada “O‘tkan kunlar”, “Sarob”, “Qo‘shchinor chiroqlari” kabi asarlar, tarjimada “Ko‘r muzikachi”, “Mumu”, Mopassan va Lermontov hikoyalari, Shota Rustaveli dostoni, Shekspir pyesalari qo‘limga tushib qolardi. Oxiri, boshlang‘ich sinflardagi a’lochiligimdan asar ham qolmadi, “uch” baholarim ko‘payaverdi, “ikki”lar ham paydo bo‘la boshladi. Bir kuni qarasam, “A’lochilar taxtasi”dagi suratim g‘oyib bo‘libdi. Sababini allaqachon anglab yetgan bo‘lsam-da, birorta qiz meni yaxshi ko‘rib qolib o‘g‘irlab ketgandir, balki, deya o‘zimning ko‘nglimni ko‘tardim.
Ehtiyotlashga qancha urinmayin, o‘quvchilar daftaridan yulqib olingan qog‘ozlardagi she’rlarimning ko‘pini yo‘qotib qo‘yaverardim. Nihoyat, she’rlar uchun alohida qalin umumdaftar tutishni odat qildim, saqlanib qolgan eskilarini erinmay unga ko‘chirdim, yangi yozganlarimni vaqtida qayd etib qo‘yadigan bo‘ldim.
She’rlarimni hali siyohi qurimasidanoq “G‘uncha”ga peshma-pesh yo‘llash odatim hanuz qolmagandi. Baxtimga, jurnalning Miraziz A’zam degan xodimi juda toqatli chiqib qoldi, uzluksiz javob yozardi. Hatto bir safar injiqligim tutib, men har xil she’rlar yuboraman, lekin kelayotgan javoblar deyarli bir xil, kamchiliklarimni yaxshiroq tushuntirib, uzunroq qilib yozinglar, desam, shunga ham chidadi; endi bir yarim, ikki betlab xat yozadigan, falon she’rlaringiz ancha tuzuk, uning falon-falon joylarini boshqacharoq ifodalab ko‘ring, deya erinmay yo‘riqchilik qiladigan bo‘ldi...
Nihoyat, sakkizinchi sinfga ko‘chganimda, Miraziz akaning yaxshigina tahriri bilan “Shkafcham” degan she’rim bosildi (ba’zi manbada ilk she’rim 6-sinfdaligimda chiqqan deb xato ko‘rsatgan ekanman). Shu kuni “Men shoirman!” deb o‘zimni o‘zimga bor ovozda tanishtirdim. Endi meni shoirchilikdan bezitish tugul, havaskorligimga ishontirish ham amri mahol edi...