Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Uy isidi

Abdulhay Nosirov juda bolajon ijodkor. Shundanmi, dilini zavqqa to‘ldirgan kuzatuvlarni goh she’r, goh hikoya tarzida sizga ilinadi. U kishining o‘nlab she’rlari qo‘shiq bo‘lgan. Hammamiz mazza qilib tinglaydigan “Men oftobning qiziman”, “Qizg‘aldoq” qo‘shiqlari muallifi ham Abdulhay aka bo‘ladilar.

Kuni kecha “O‘zbekiston” NMIUda yozuvchining eng sara hikoyalari to‘plami “Yaxshilar bog‘i” nomi bilan chop etildi.

O‘ylaymizki, bu kitobni o‘qir ekansiz, o‘zingiz, o‘rtog‘ingiz boshidan kechirgan voqealarni ko‘rasiz. Quyida ushbu kitobdan olingan jajji hikoyani e’tiboringizga havola qilmoqdamiz.

 

Abdulhamid maktabdan kelib tushlik qildi. Issiq choy ichdi. Lekin ichi hech isimadi.

– Aya, uyimiz sovib ketibdi-ku?

– Ha, toychog‘im, – deydi ayasi, – kuz oxirlayapti. Kun ham sovib qoldi.

– Pechkamiz yoqilgan-ku, – deydi Abdulhamid hayrati oshib.

– Yoqilgani bilan deraza tirqishlarini paxta tiqib berkitganimiz yo‘q.

– Sovuq kiryapti, deng.

– Ha, sovuq kiryapti. Teshiklarni berkitish kerak. Hech vaqtim bo‘lmayapti.

– Ha...

– Dadang, oyna kestirib kelganlar. Ammo qo‘yishga ularning ham vaqtlari bo‘lmayapti.

Abdulhamid o‘ylanib qoldi:

Akamning maktabdan kelishini poylasam, ungacha uyimiz battar sovib ketadi. Ayam oshxonada kechki ovqat qilish bilan bandlar. Javonda paxta bor. Sekin deraza tirqishlarini berkitsam-chi? Akam kelsalar, o‘zimiz sindirgan deraza ko‘zini ham solib qo‘yamiz. Oyna bor. Dadam o‘lchab, kesdirib kelibdilar...

Abdulhamid javondan paxta, oshxonadan o‘tmas pichoq olib kelib, deraza ko‘zlariga hafsala bilan pilik qilib tiqa boshladi.

“Mana, berkitsa bo‘larkan-ku. Ayam berkitgan paytlarida ko‘rib turganim yaxshi bo‘lgan ekan. Ana endi uyimiz ancha isiydigan bo‘ldi”.

– Ha, Abdulhamid nima qilyapsan? – deydi Abduazim papkasini ayvon tokchasiga qo‘yib.

– Keldingizmi, aka? Deraza tirqishlariga paxta tiqyapman.

– Yaxshi qilibsan. Ko‘cha sovib ketdi.

– Anovi singan oynani ham solib qo‘ysak bo‘lardi.

– Ombirni olib kel. Men hujradan oynani olib chiqaman.

– Ovqat yeb olmaysizmi?

– Keyin...

Aka-uka derazaning singan ko‘zini tozalab, ehtiyotlik bilan oyna solishdi.

– Ana endi uyimiz isiydi, – deydi Abduazim qaddini ko‘tarib.

– Ha, aka, sovuq yemaymiz, uyimiz isiydi, – deydi Abdulhamid ham xursandligini yashira olmay.

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.